Oʻquvchidan robot yasamang!


Saqlash
11:08 / 29.08.2022 1352 1

Xalqaro tajribalar tahliliga koʻra, Oʻzbekistonda oʻquvchilarning oʻquv yuklamasi taʼlim sifati yuqori boʻlgan boshqa davlatlarga nisbatan koʻproq.

 

8090-yillarda boshlangʻich sinfga borganlar yaxshi xotirlashsa kerak, 1-sinf oʻquvchisi 3 soatdan ortiq oʻqimasdi. Darslar tartibli, shu bilan birga samarali boʻlardi. Shundan boʻlsa kerak, oʻquvchilar darsdan keyin hech qanday qoʻshimcha darslar va kuni uzaytirilgan sinf soatlarida qolmay, uyga qaytishardi va uy vazifalarini  mustaqil bajarib, ertasi yana xotirjam maktabga kelishardi. Hozir esa oʻquvchi 1-sinfga chiqdi deguncha uni darslar, ulardan tashqari yana qoʻshimcha mashgʻulotlar bilan band qilamiz. Natijada boshlangʻich sinf oʻquvchisining oʻzi 5 soatdan dars va undan keyingi “prodlenka” (kuni uzaytirilgan guruh) mashgʻulotlari natijasida 6-7 soatlab maktabda qolib ketishga majbur boʻlmoqda. Bu yaxshimi yoki yomon?

 

Muattar Yoʻldosheva, Toshkent shahri:

Uch nafar farzandning onasi sifatida aytishim mumkinki, bugun biz bolalarga haqiqatan ham koʻp yuk yuklaymiz. Oʻzimcha oʻylayman, aslida buning sabablari koʻp. Maktab darsliklari murakkab, fanlarda doimiy oʻzgarishlar, darsliklar va oʻquv rejalarining muntazam oʻzgarib turishi ham biz ota-onalarni farzandimizga mustaqil uy vazifalarini qildirishda qiyinchilik tugʻdiryapti. Bizning oʻquvchilik davrimizda darsliklar hadeb oʻzgarmasdi, biz oʻtgan misol va masalalarni ota-onalarimiz ham maktabda oʻqib-oʻrganishgan, eslab qolishgan edi. Hozir esa bunday emas, darsliklar muntazam oʻzgaradi, baʼzi sinflarda mavzular juda murakkab, ota-onalar majlislarida qatnashib, oʻzim shunday xulosaga kelaman, aksariyat ota-onalar oddiy narsalarni tushunmaydilar-ku, bolalarini bunday murakkab mavzular boʻyicha dars qildira olarmidi? Tabiiyki, koʻpchilik darsdan keyin “prodlenka”da bolasini qoldirish yoki darsdan keyin repetitorga berishni eng toʻgʻri yoʻl deb biladi. Natijada 1-sinfdayoq oʻquvchi 4 yoki 5 soat darsdan keyin yana darsga boradi. Bunga yana qoʻshimcha ingliz tili darslari, ixtisoslashgan yoki Prezident maktabiga tayyorgarlik koʻrish mashgʻulotlari (hozir shunday mashgʻulotlar ham koʻpaydi), yana maktabdagi tadbirlarga tayyorgarliklar ham qoʻshiladi, qarabsizki, bola holdan toyib uyga qaytadi. Yana oʻqish fanidan multfilm qahramoni yasaydi yoki yana qaysidir fandan rasm chizadi yoki sheʼr yodlaydi. Xullas, kuni uzaytirilgan mashgʻulotlardan keyin ham uyga bir talay dars bilan keladi.Savol tugʻiladi, nega bolalarni boshlangʻich sinfdanoq qoʻshimcha darslarga beramiz? “Maqsadimiz taʼlim sifati yaxshiroq boʻlgan biror ixtisoslashgan maktabga ularni olib oʻtish. Agar kirolmasa, yana va yana harakat qildiramiz”, deb javob berishdi koʻpchilik. Bu mamlakatimiz maktablarining tobora tabaqalashib borayotganidan dalolat beradi. Agar hamma maktabda sharoit, oʻqituvchilar salohiyati, imtiyozlar, taʼlim sifati bir xil boʻlganida edi, oʻquvchilarga bunchalik yuklamalar ortishga hojat qolmasdi.

 

Maktabni bitiryaptimi, IELTS sertifikatini olishga, OTMga oʻqishga kirishga tayyorlaymiz, albatta, bular maktabdan tashqari darslar roʻyxatida. Nega? Farzandlarimiz 57 soat vaqt sarflayotgan maktabda shu jarayonlarga tayyorlansa boʻlmaydimi? Shunda ota-ona ham unga yana qoʻshimcha darslarni yuklamasdi. Albatta, barchaga ayonki, maktab taʼlimiga ishonch yoʻq, OTMga kirish esa oson emas!

 

Zebo Namozova, Toshkent shahri:

Oʻtgan yili ikki qizim va oʻgʻlim ham tushdan keyin oʻqishdi. Qizim faqat ingliz tili toʻgaragiga bordi va darslariga bemalol ulgurdi. Unchalik qiynalmadi. Ammo har ikkalasi oʻqiydigan sinfda ham oʻquvchi soni 45-46 nafardan iborat. Darslarni bolalar puxta oʻzlashtiradi, deb aytolmayman, baʼzida savolga tutsam koʻnglimdagidek javob ololmayman. Oʻgʻlimni oʻtgan yili matematika va ingliz tilidan oʻquv markaziga qoʻshimcha darslarga berdik. Bir oylar yaxshi borib keldi. Keyin oʻquv markazining topshiriqlari koʻpligi bois darslariga ulgurolmay qoldi. Shunda qoʻshimcha darsning soatlarini kamaytirdik. Qizim oʻtgan yili boshida matematikaga ixtisoslashgan sinfda oʻqirdi. Har kuni matematika boʻlar, hatto ayrim kunlari 3 soatlab ketma-ket matematika oʻtadigan boʻlib qoldi. Hayron boʻlardim, nega bunaqa tartibda oʻtadi, bola bezor boʻlib ketadi-ku, deb. Qizim ham xafa boʻlib kelardi. Ixtisoslashgan sinf boʻlgani, ortiqcha toʻlov qilganimiz bilan ayrim jihatlar inobatga olinmagan, ayniqsa, bolaning psixologiyasi. Keyin oddiy sinfga oldik. Bolalarimiz yaxshi taʼlim olishini istab ularni qoʻshimcha darslarga jalb qilamiz, aslida maktab topshiriqlariyam ancha vaqt oladi. Albatta, bola kelajagini oʻylaganimiz yaxshi, ammo bu ularni bilim olishdan bezdirmasligi kerak.

 

Shu oʻrinda bir maʼlumotni keltirishni joiz topdik. PISA dasturi 2000-yilda tashkil etilgandan buyon Finlyandiya davlati unda muntazam qatnashib kelmoqda va erishgan natijalari bilan fin taʼlim tizimi dunyodagi  koʻplab mamlakatlarining eʼtiborini oʻziga jalb qilmoqda. Finlyandiya taʼlim tizimi PISA tadqiqotlari natijalari boʻyicha uzoq davrda eng yaxshi natijalarga erishgan davlatlardan biri hisoblanadi.

 

Qiziq jihati, Finlyandiya PISA tadqiqotlarida ishtirok etuvchi mamlakatlar orasida oʻquvchilarning haftalik oʻquv yuklamasi eng qisqa davlat hisoblanadi. Fin oʻquvchilari haftada barcha fanlarni oʻrganish uchun oʻrtacha jami 36,1 soat sarflaydilar, ushbu koʻrsatkich maktab va maktabdan tashqari oʻquv jarayonini oʻz ichiga oladi.

 

Finlyandiyaning asosiy taʼlim toʻgʻrisidagi qonunida (1998-yil) Finlyandiya taʼlimining uchta asosiy maqsadi belgilab berilgan: 

1. Oʻquvchilarga hayotda zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni berish, 

2. Jamiyatda rivojlanish va tenglikni targʻib qilish,

3. Butun mamlakat boʻylab taʼlim sohasida tenglikni taʼminlash.

 

Bizda esa yuklama katta, ammo befoyda, – deydi Oltinsoy tumanidagi 63-maktab oʻqituvchisi Normamat Eshonqulov. – Taʼlim tizimining xatosi na oʻqituvchining, na oʻquvchining imkoniyati hisobga olinmay dasturlar tuzilib, ana shu dasturga moʻljallab darsliklar yoziladi. Biz oʻqigan davrlarda taʼlim tizimida oldin zoʻr darsliklar yaratilib, eng sarasi tanlab olinardi-da, keyin shunga moslab dastur va reja tuzilardi. Ayrim darsliklar bir necha oʻnlab yillar xizmat qilardi. 6-sinf fizikasida gidroelektrostansiyasining qanday va qancha energiya hosil qilishi tushuntirilgan edi. Atrofimizdagi barcha ariq va kanallarga GES qurilsa qancha tok qilishini hisoblashga qiziqardim. Yaqinda energetika fakultetini bitirgan bir muhandis bilan Sangardak daryosining yuqori oqimida suhbatlashib qoldik. Shu joyga GES qurilsa qancha tok hosil qiladi deb soʻragandim, oʻn daqiqacha hisoblab, chiqara olmadi. Oldingi darsliklarda oʻrtamiyona 6-sinf oʻquvchisi 2-3 daqiqada hisoblab berardi bu amalni.

 

Darhaqiqat, nega bizda yuklama koʻpu, taʼlim sifati past? Eʼtibor bersak, biz farzandlarni asosan, oʻqishga kirishi uchun oʻqitamiz. Yaʼni, qaysidir ixtisoslashgan maktab yoki Prezident maktabi kabi imtiyozlari va sharoitlari yaxshi maktablarga, OTMga kiritish uchun imtihonga tayyorlaymiz. Buni qancha erta boshlasak shuncha yaxshi deymiz, ammo oʻquvchi natijaga erishgach bilim olish shu yerda tugaydi, oʻrganganlari unutiladi. Buning sababi, maktab taʼlimi va oliy taʼlim oʻrtasidagi bir-biri bilan bogʻlanmagan nomutanosiblik va oʻquv dasturlarining mukammal emasligidan dalolat beradi. Bu haqda oʻqituvchilarning ham fikrlari turfa xil.

 

Saida Ilmurodova, Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 11-IDUM direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari:

Hozirgi kunda oʻquvchilar uchun yuklama murakkablashib ketgan. 15 yillik ish tajribasiga ega boʻlgan boshlangʻich sinf oʻqituvchisi sifatida shuni aytishim mumkinki, birgina matematika darsligidagi 3-sinf  mavzulari  juda ham murakkab tuzilgan.  Eski darsliklarda kasr mavzulari 5-sinfdan oʻtilar edi. Bu kabi puxta oʻylanmay tuzilgan darsliklar, oʻquv rejalari ortida qancha-qancha oʻquvchilarning qiyinchiligi, yaxshi oʻzlashtirolmasligi kabi muammolar yotadi.

 

Hafiza Rashidova, Termiz shahridagi 13-maktab oʻqituvchisi:

Texnologiya fani mavzulari ham boshqa fanlar kabi bir necha yil oldin optimallashtirildi, keyin integratsiyalashtirildi.  Bundan hech qanday naf boʻlmadi. “Sogʻlom avlod”, “Hayot xavfsizligi” oʻsha davrdagi mehnat taʼlimi fani tarkibiga kiritildi, buning natijasini ham sezmadik. Ana endi mavzular zamonaviylashib, qizlarga ham  robototexnika, mexatronika, elektronikani oʻtishimizga toʻgʻri kelmoqda. Qizigʻi shundaki, zamonaviy mavzularni oʻtish uchun fan oʻqituvchilari tayyorgarlikdan oʻtmagan, kurslar tashkil etilmagan. Xoʻsh, oʻzi bilmagan mavzuni ustoz qanday qilib bolaga tushuntirsin? Oʻzgartirishlar kiritaveramiz, ammo bolaga yuklatilgan yuklama va uni qay darajada oʻzlashtirishi haqida qaygʻurmaymiz. Uyga vazifalar berayotganda ham aksariyat oʻqituvchilar meʼyorni bilishmaydi. Hozir oʻquvchilar yuklamasini koʻrib oʻsimliklarga tez oʻsishi uchun selitrani koʻp beradigan dehqonlar koʻz oldimga kelaveradi.

 

Mastura Yodgorova, Kosonsoy tumanidagi 24-maktab oʻqituvchisi:

Ota-onalar va qishloqning koʻp oʻqituvchilariga shanba kungi dam olish kuni maʼqul emas. Shanba kunining soatlari boshqa kunlarga qoʻyilgani hisobiga, 5 kun davomida boshlangʻich sinf oʻquvchilari 5-6 soat, yuqori sinflar 6-7 soatdan dars oʻtishadi. Har kuni 4-5 soatdan oʻqish samarali edi.

 

Madinaxon Nizomova, Yangiqoʻrgʻon tumanidagi 1-maktab oʻqituvchisi:

Kuniga 6-7 soat darslarda ishtirok etish va darsdan keyin qoʻshimcha darsga borish, hatto yuqori sinf oʻquvchisiga ham ogʻirlik qiladi. 1-2- sinf oʻquvchisi esa soat 11:00 dan keyin zerika boshlaydi. Lekin shanba dam olish kuni hisobiga ular har kuni 5 soatdan oʻqishga majbur. 5 kunlik oʻqish qishloq maktablariga xos emas. Chunki qishloqlarda poytaxtdagi kabi qoʻsha-qoʻsha koʻngilochar va dam olish maskanlari, qoʻgʻirchoq teatrlari, bir-biridan chiroyli bogʻlar yoʻq. Boʻlganda ham ota-onalar tirikchilik tashvishlaridan ortib farzandini dam olishga olib borolmaydi, ortiqcha mablagʻlari ham yoʻq. Avvalgi 6 kunlik maktab taʼlimida oʻquvchilar charchamasdi.

 

Yuqoridagi fikr-mulohazalar oʻquvchilar, ayniqsa boshlangʻich sinf oʻquvchilarining yuklamalarini jiddiy oʻylab koʻrishni taqozo etadi. Oʻquvchining ham, ota-onaning ham maqsadi bolaga yaxshi bilim berish. Lekin maktab ostonasiga endigina qadam qoʻygan bolaga haddan ziyod darslarni yuklash unga bilim bermasligini, balki uni oʻqishdan bezdirib qoʻyishi haqidagi mulohazani jiddiy oʻylab koʻradigan vaqt keldi.

 

                                                                              Zilola MADATOVA

Oyina.uz

1 Izoh

Dildora

06:01 / 01.01.1970

Assalomu alaykum. Juda vaqtida yozilgan maqola boʻlibdi. Birinchi masala darsliklar juda koʻp, qanday qilib shuncha ma'lumotni oʻqib eslab qoladi, faqat eng kerakli fanlardan darslik kitoblar boʻlib, qolganlarini amaliy bajarishsa boʻlmaydimi? Juda ogʻir sumkalar koʻtarib ketishadi bolalar, ishonmasangiz koʻtarib koʻring. Ikkinchidan qoʻshimcha darslarga majbur boʻlgani uchun boradi, chunki maktabda taʼlim yaxshimas. Bunga esa sabablar juda koʻp. Oylik ish haqining kanligiyu, bitta sinfda 40 talab bola oʻqishiyu, iqtisodning oʻylamay olib borilishini yana bir qancha sabablar. Hammasi bir biriga bogʻliq muommolar. Eng qizigʻi bu bilan hech kimni ishi yoʻqligi.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16792
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi