Feyk va faktni farqlash uchun 10 maslahat


Saqlash
14:08 / 25.08.2022 1619 0

Soʻnggi yillarda tarqalayotgan yoki tarqatilayotgan feyk xabarlarni kuzatib, hayot oʻz tizginidan chiqib ketdi, deyish mumkin. Pandemiya va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan soʻng vaziyat yanada jiddiylashdi. Axborot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini isbotlash kundan kunga qiyinlashib, ba’zan esa imkonsiz boʻlib bormoqda. Feykka qarshi kurashish va uni aniqlashda nimalarga eʼtibor berish lozim? Quyidagi 10 tavsiya sizga bu masalada yordam beradi.

 

Sarlavhalarga tanqidiy munosabatda boʻling

 

Feyk xabarlarda voqeaning ahamiyati va eksklyuzivligi haqida sarlavhadanoq bong uriladi. Agar sarlavha sizga aql bovar qilmas darajada jarangdor tuyulsa, demak, katta ehtimol bilan qopqonga ilindingiz. Bunday antiqa uslub biror tashkilot buyurtmasi bilan non topadigan jurnalistning ixtirosi bo‘ladi.

 

Misol: Ren.tv sarlavhada «New York Times»ni feyk хabarlar tarqatishda ayblaydi. Matnda esa Donald Trampning gazetani tanqid qilganini oʻqiysiz, tahririyatning yolgʻon axborot bergani haqida esa hech qanday gap-soʻz yoʻq.

 

Havolalarga eʼtibor bering

 

Feyk saytlar obro‘li informatsion nashrlarning xuddi Xitoy krossovkalaridek birga bir nusxasini yaratishi mumkin. Shuning uchun asl havoladan foydalanib birinchi manbaga oʻtishga harakat qiling va yangiliklarning URL manzillarini tekshiring. Sayt siz bilgan mashhur OAVnikiga oʻxshashi mumkin, lekin linkiga turli qoʻshimchalar yoki belgilar qo‘shilgan boʻlsa, “shoh soxta ekan”.

 

Feyk saytlarda sizni asosan viruslar, fishing, ruxsatsiz yuklashlar, pop-ups va boshqa bosh og‘riqlari kutib turadi. Veb-xavfsizlik bilan shug‘ullanuvchi «SiteAdvisor» kompaniyasining hisobotida ishonchsiz domenlarning ro‘yxati bilan batafsil tanishib chiqishingizni tavsiya etamiz.

 

Misol: 2015-2016-yillari ABCnews.com.co soxta sayti «ABC News»ning URL manzili, dizayni va logotipiga taqlid qilgan edi. Toki feyk nashr fosh etilib, koʻplab maqolalari rad qilinguniga qadar yolg‘on yarim dunyoni aylanib chiqqan. Oʻshanda firibgar Pol Xorner reklama trafigidan oyiga 10 000 dollar ishlab topishini aytgan.

 

Manbalarni tekshiring

 

Ishonchli nashrni oʻqiyotganingizga aminmisiz? Agar material nomaʼlum manbada chop etilgan boʻlsa, xabarni kimgadir yetkazishdan oldin bu haqida koʻproq bilishga harakat qiling. Har qanday sifatli sayt qoida tariqasida “Biz haqimizda” kabi sahifalariga ega bo‘ladi. Aldoqchilar esa “yuz”larini koʻrsatishni yoqtirmaydi.

 

Feyk saytlar asoschilari siz bilan ochiq muloqotdan tortinadilar. «Qayta aloqa» sahifasida asosan bog‘lanish uchun maxsus formadan boshqa hech narsa topmaysiz. Obro‘li tahririyatlar esa o‘z ma’lumotlarini to‘liq taqdim etadi. Shunchaki telefon yoki e-mail emas, balki batafsil axborot beriladi va hatto tashkilot hujjatlari ham oshkora e’lon qilinadi.

 

Eslatma! Ushbu maqola nashr etilayotgan portalning “Aloqa” va “Markaz haqida” sahifalari bilan tanishib chiqing, qanday ma’lumotlar keltirilganiga ahamiyat bering.

 

Axborotning manbasiga nisbatan shubha paydo bo‘lsa, albatta, rasmiy manbani izlang. Agar xabarda guvohlarga tayanilgan bo‘lsa, zaruriyatga qarab ular bilan bog‘lanishga harakat qiling.

 

Misol: “Rolling Stone” jurnali Virjiniya universiteti kampusida talaba qizning zo‘rlangani haqidagi shov-shuvli materialini olib tashlashga majbur bo‘lgan. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng surishtirishlar shuni ko‘rsatdiki, jurnalist boshqa manbalardan olingan faktlarni tekshirmagan. Xususan, ayblanuvchi tomon bilan ham, jabrlanuvchi tomon bilan ham bog‘lanmagan.

 

Matnda xatolar ko‘p emasmi?

 

Feyk xabarlar koʻpincha imloviy, grammatik, ilmiy va uslubiy xatolarga toʻla boʻladi. Ularning mualliflari asosan jarangdor sarlavhalar bilan ishlaydi, punkutuatsiya qoidalariga amal qilish, uslubiy xatolarsiz matn yozish uchun ularda vaqt, yetarli bilim va tajriba yoʻq.

 

Bunday matnlarni asosan ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardan kelgan xabarlarda uchratish mumkin. Yanayam e’tiborlisi, ular e’lon ko‘rinishida bo‘ladi. Xatolarga to‘la matnlarni aniqlash va uni feyk deya xulosa qilish mahorati har birimiz uchun zarur.

 

Feyk deganda faqat ataylab tarqatilgan soxta ma’lumot va simulyatsiyani tushunmaslik kerak. Ommaviy ongga ta’sir etib, “yolg‘on haqiqat”ga aylanadigan tipografik va texnik xatolar ham soxta axborot sanaladi. Shuning uchun matndagi shaxslarning ismlari, kasblari, unvonlari, sanalar, nomlar, manzillar va hokazolarni jiddiy tekshirish juda muhim.

 

Foto va video kontentni koʻrib chiqing

 

Odatda feyk material yorqin fotosuratlar bilan toʻldiriladi. Bu haqiqiy rasm yoki “fotoshop” mahsuli ekanini qanday bilish mumkin? Google, Yandex, TinEye tizimlarida suratlar orqali izlash xizmati yordamida fotoning tarixini tekshiring. Ehtimol, aynan siz izlagan rasmga duch kelarsiz. Balki, uning bir qisimiga. Har holda, qidiruv tizimlari sizga feykni aniqlash uchun juda yaxshi ko‘mak beradi.

 

Storyful.com, FactCheck.org, PolitiFact.com yoki The Fact Checker kabi maxsus loyihalar va xizmatlar faktlarni tekshirish uchun juda qulay. Afsuski, ular ko‘proq ingliz tilida so‘zlashuvchi auditoriyaga mo‘ljallangan. Ammo ko‘p funksiyali vositalar ham mavjud. Mediakritika.by veb-sayti “O‘quvchilarga internetdagi kontentning haqiqiyligini tekshirishga yordam beradigan 5 ta yangi dastur va ilova” maqolasida bu boradagi foydali xizmatlarni tavsiya qilgan: Trooclick, Truth Goggles, Lazy Truth, Skeptive, Genius.

 

Eslatma! Feyk material maqsadli ravishda ijtimoiy kuzatuv yoki jamoatchilikni xursand qilish uchun yaratilgan bo‘lishi ham mumkin. Video prankerlarni yoki ijtimoiy tajribalarni faktcheking qilish shart emas.

 

Xabarning berilgan sanasiga diqqat qiling

 

Koʻpincha feyk yangiliklarda aniq sana ko‘rsatilmaydi, chunki hech qachon sodir boʻlmagan voqealar haqida gapiriladi. Sifatli nashr materialning muallifi va chop etilgan sanasini yashirmaydi, albatta.

 

Axborot har qanday davrga mos kelaveradigan mahsulot emas. Chiqqan sanasi koʻrsatilmagan xabarlar ortida esa katta ehtimol bilan allaqanday “tadbirkorlik” faoliyati turgan boʻladi.

 

Muallif xabarni nimadan boshlagan?

 

Agar maqolada favqulodda muhim voqea haqida so‘z yuritilsa-yu, lekin muallif birlamchi manbalarga havola berishdan bosh tortgan boʻlsa, ism-familiyasi oshkor etilmagan mutaxassislarning tadqiqotlaridan iqtibos keltirsa yoki “Bu oddiy haqiqatni hamma biladi” kabi umumiy gaplardan foydalansa, demak, feykni fakt sifatida koʻrsatishga harakat qilinmoqda. Bu materialga muallifning shunchaki fantaziyasi mahsuli deb qarash kerak.

 

Oʻxshash yangilikni boshqa nashrlardan ham qidiring

 

Agar boshqa yirik OAVlarda shunga yaqin mazmundagi xabarlar uchramasa, feyk bo‘lishi ehtimoli yuqori. Siz ishonadigan nufuzli saytlar yozgan boʻlsa, unda qanoat hosil qilish mumkin.

 

Odatda yirik nashrlarning xabaridan keyin boshqa saytlar ham birinchi manbaga havola bergan holda axborot tarqatadi. Ya’ni dastlabki ma’lumot feyk bo‘lsa, turli ommaviy axborot vositalarida biridan ikkinchiga ko‘chib yuraverdi. Shu sabab faqat turdosh nashrlarni kuzatish bilan cheklanmay, mavzu yuzasidan mutaxassislarning fikri bilan qiziqish ham hech qachon ortiqchalik qilmaydi.

 

Hazil va feykni farqlang

 

Materialning yozilish ohangiga eʼtibor bering, ehtimol, kimdir 1-aprel hazili qilgandir. Internet The Onion, The Spoof, The Borowitz report, World Daily News report, Private Eye kabi hazil yangiliklar saytlariga to‘la. Ijtimoiy tarmoqlardagi siz rost deb ishongan xabarlar ham aslida sarkazm bo‘lishi mumkin.

 

Misol: Merilin Monroning qotili topilgani haqidagi xabar World News Daily Report veb-saytidan keyin ko‘plab ommaviy axborot vositalarida chop etilgan. Jumladan, Rossiyaning yirik ommaviy axborot vositalari – “Rossiyskaya gazeta”, “Nezavisimaya gazeta”, “Moskovskiy komsomolets” ham jiddiy yangilik deb nashr qilgan.

 

Barcha talablarga javob bersa ham, baribir ehtiyot boʻling

 

Jiddiy nashrlar faktlarni tekshirish va qayta tekshirishda masʼuliyatli boʻladi. Ular xabar feyk yoki shubhali boʻlsa chop etishni qatʼiy rad etadi. Ammo “New York Times” kabi nufuzli manbalarda ham jurnalistlar charchoq, stress yoki boshqa sabablar bilan feyk axborot tarqatishi mumkin. Ha, bunday vaziyatda tezda raddiya berilib, jamoatchilikning ishonchi va hurmatini saqlab qolishga harakat qilinadi. Shu bois, har ehtimolga qarshi, oddiy mantiqqa zid har qanday xabarga biroz shubha bilan qarishga odatlanish zarar qilmaydi.

 

Ixtiyor RAHMON,

“Factchecking.uz” loyihasi asoschisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16792
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi