Birinchi o‘zbek agronomining Germaniyadan yo‘llagan xati: “Nemislar o‘zlarining hisobsiz dushmanlarini yengmak uchun Sharqning uyg‘onmoqligini istaydirlar”


Saqlash
10:08 / 19.08.2022 1018 0

Abuvahob Murodiy 1901-yil Toshkentning Egarchi mahallasida tug‘ilgan. 1913-yil “Xoniy” va 1914-yil Munavvar qorining “Namuna” maktablarini bitirgan. O‘zi ham dastlab, 19161917-yillarda Toshkentdagi “Hayot” maktabida dars beradi. 1917–1919-yillar Ozarboyjon poytaxti Boku shahridagi ziroat bilim yurtida o‘qigan. Toshkentga qaytib yana o‘qituvchilikni davom ettiradi va Eski shahar “Muallimlar jamiyati”ga yetakchilik qiladi.

 

1919-yil Abuvahob Murodiy Toshkent taraqqiyparvarlari va “Muallimlar jamiyati” ko‘magi bilan xorijda tahsil olish maqsadida yana safarga otlanadi. U Afg‘oniston, Turkiya mamlakatlari orqali Germaniyaga yetib boradi. 1921–1926-yillarda Berlindagi Qishloq xo‘jaligi akademiyasida o‘qib, Yevropa ta’lim muassasasida oliy ma’lumot olgan birinchi o‘zbek agronomiga aylanadi.

 

1927-yil Vatanga qaytgan Abuvahob Murodiy Shreder nomidagi Bog‘dorchilik ilmiy-tekshirish institutida direktor muovini, O‘rta Osiyo davlat universiteti qishloq xo‘jaligi fakultetida o‘qituvchi vazifalarida ishlay boshladi. Shuningdek, u mashhur qozoq adibi Muxtor Avezov, akademik Borovkovlar bilan sharq fakultetining turkiyshunoslik bo‘limida ham ilmiy xodim sifatida yoshlarga ta’lim bergan.

 

Abuvahob Murodiy tinimsiz ilmiy va amaliy mehnat faoliyati bilan bir paytdi matbuot sahifalarida ham tez-tez o‘z maqolalari bilan qatnashib turdi. O‘zining Germaniyadan keltirgan kitoblari asosida qator darslik va o‘quv qo‘llanmalari yaratdi.

 

O‘zbekiston hukumati rahbarlari Fayzulla Xo‘jayev va Akmal Ikromovlar uning nomzodini bir necha marta Yer ishlari komissarligiga tavsiya etadi. Bu esa ayrim “qizil imperiya”cha siyosat tarafdori bo‘lgan kimsalarga yoqmadi. Ular yosh o‘zbek agronomining ish jarayoniga turli bo‘hton bilan qarshilik ko‘rsatdilar. Shunga qaramay, u qisqa muddatda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tajriba stansiyasida ko‘pgina iqtidorli shogirdlarni yetishtirdi. Toshkent tumani Achchi ovulida o‘zining tashabbusi bilan tuzilgan “Qizil namuna” jamoa xo‘jaligida Germaniyada o‘rgangan ilmlarini ishga solib juda boy jamoa xo‘jaligini yuzaga keltiradi va o‘z davri uchun misli ko‘rilmagan iqtisodiy yutuqlarni qo‘lga kiritadi(!).

 

Abuvahob Murodiy 1930-yil 25-aprelda OGPU tomonidan qamoqqa olindi. Mustabid tuzum hech biri o‘z isbotini topmagan ayblovlari bilan endigina 30 yoshni qarshilagan yetuk mutaxassisning hayotiga zomin bo‘ldi...

 

Quyida Sizning e’tiboringizga A.Murodiyga tegishli suratlar va uning tomonidan Turkistondagi vatandoshlariga yo‘llangan xatlarni havola etmoqdaman.

 

Germaniyadan xat

 

Berlindan “Ko‘mak” uyushmasining boshliqlari otiga quyidagi xat olindi: Toshkentdan olingan bir xatda Ovrupoga talabalar yubormoq uchun sizlarning bir uyushma tuzganingizni o‘qidim va terimga sig‘maydirgan darajada suyundim. Bir yildirkim Ovrupoda yashamoqdaman. Ilm-maorifda Ovruponing birinchi bo‘lgan Germaniya dorulfununlarida butun dunyodan, hatto tatarlardan o‘nlab, turklardan esa minglab talabalar bo‘lgani holda bizning Turkistondan mendan boshqa talabaning bo‘lmasligi yuragimni parchalamoqda. Boshqalarga hasad sezgisini uyg‘otmoqda edi. Mana sizlarning bu xayrlik muborak tashabbusingiz bir yildan beri kulmagan ko‘nglimni kuldirdi va ruhimga jon berdi.

 

Siz jon o‘rtoqlarimning vazifasi Turkistondan talaba yubormoq bo‘lsa, bu talabalarni yerlashdirmak va bu yerdan sizga lozim bo‘lgan ma’lumotlarni bermak, albatta, menim vazifamdir. Faqat shularni ham esimizdan chiqarmaylikkim, bu kungacha bu maqsadga yetmak uchun juda ko‘p uyushmalar, to‘dalar tuzilgandi. Taassufga qarshi hech biri ham muvaffaq bo‘la olmasdan yo‘q bo‘lib ketdilar. Albatta, buning uchun mazkur uyushmalarning boshliqlari, a’zolari bilan zamon va muhit mas’uldir.

 

Shuning uchun “Ko‘mak” uyushmasiga uning a’zo va boshliqlariga birdan-bir tavsiyam shuldirkim, zamon va muhitni diqqatga olib har turlik yo‘qliklarga va yo‘limizdan chiqqan mone’larga ko‘krak kerib qo‘rqmas bir ko‘z, titramas bir iymon, charchamas bir vujud bilan cholishingiz va uyushmaga tilak (ideal) deb yopishingiz. Shul doirada ish qilinsa, menimcha, albatta, maqsadga yetmak mumkin bo‘lur.

 

Berlin ziroat akademiyasi talabalaridan

toshkentlik Abduvahhob MUROD

 

“Qizil bayroq”. 1922-yil 29-iyul.

 

II. Ovrupo va biz (Germaniyadan xat)

 

Germaniyaga kelganimdan so‘ng ovrupoliklarni yaqindan tanimoqqa muvaffaq bo‘ldim. Butun Ovrupoda barcha hukumat odamlarining va katta boylarning qo‘shilishi bilan buyuk-buyuk jamiyatlar tuzilgandirkim, maqsadlari Sharqni bir umr qorong‘uliqda saqlamoqdir. Ul jamiyatlar bir tarafdan Sharqni tekshirar. Sharq to‘g‘risida kitoblar yozar va uning har bir harakatini orqasidan ta’qib etar.

 

Sharqda maorif va taraqqiyga bo‘lgan har bir qimirlashni to‘xtatmoq uchun butun kuchi bilan tirishadir. Har bir vositag‘a murojaat qiladir. Faqat o‘shal jamiyatlarni aylantirguvchilar bilan ko‘rishib qolgan chog‘ingizda sizga – siz Sharq o‘g‘liga eng muloyim so‘zlarni aytadir. Sizga eng yaqin do‘st bo‘lib ko‘rinadir. Bular Sharqning tarixini tekshirishga ham ko‘p katta ahamiyat berarlar: Mana buningdek masxarabozlar jamiyati yolg‘iz Germaniyadagina yo‘qdir.

 

Balki, nemislar o‘zlarining hisobsiz dushmanlarini yengmak uchun Sharqning uyg‘onmoqligini istaydirlar. Bu kungacha Sharq to‘g‘risida yozgan kitoblari butun betaraflik bilan yozilmishdir. Faqat ilmda, maorifda bular Ovrupada ustoz sanaladirlar. Nemislarning oliy maktablarida yuzlab amriqolik, fransuz va inglizlarning bo‘lishini va bu yerda muhandis to‘plamoq uchun birmuncha hay’atlarning kelishi menim bu davoimni isbot etadir.

 

So‘ngra boshqa Ovrupo davlatlariga qaraganda eng yaqini ham shudir. Sho‘rolar hukumatining Germaniya bilan yaxshi aloqada bo‘lishi va Germaniya bilan sho‘rolar Rossiyasi orasida muohadalar bizni yana Germaniyaga tortar. Shul sabablarga ko‘ra Ovrupoga yuboriladigan talabalarning, eng avval, Germaniyaga yuborilmog‘i har to‘g‘ridan aqlga muvofiqdir. Bunga muvaffaq bo‘lmoq ham uncha qiyin emas. Bizning o‘z tilagimiz va sho‘rolar hukumatining bu kungi siyosati ham bu fikrga to‘g‘ri keladir.

 

Berlin. Abduvahhob MURODIY

 

“Qizil bayroq”. 1922-yil 1-avgust.

 

III. Germaniyada o‘qish va o‘qitish (Germaniyadan xat)

 

Germaniyada 21 dorulfunun va boshqa sonsiz yuqori va o‘rta darajalik maktablar bor. Germaniya dorulfununlari maktab bo‘lishdan boshqa yana bir koshiflar, ixtiro qilg‘uchilar yotog‘idir. Germaniya dorulfununlaridagi o‘rgatish usuli hech bir yerda yo‘qdir. Juda qisqa qilib shuni yozaman. Masalan, maktabda o‘qitilmoqda bo‘lgan hikmat (fizika) darsini olaylik. Talaba bu darsni tinglar ekan, mudarris (professor) butun tajriba qilib ko‘rsatish sharti bilan bir soat so‘zlar. Ikki kundan keyin mudarris tomonidan talabalarga bul dars to‘g‘risida vazifa berilur. Vazifa bajarilganidan so‘ngra butun tajribalarni yana talabalar o‘z qo‘li bilan qilur. Butun nozik yerlarini ta’rif va isbot etar, tatbiqot yasar. Mana shu yo‘llar bilan bir dars ustida talaba mudarris qaramog‘ida 4 soat cholishar. Darsni eshitmak bilan qolmas. Balki, darsning ruhiga kirib ketar. Fanni o‘zidan yiroq emas, o‘z ichida his etar. Mana shu surat bilan uning miyasida fan tug‘ilur va yashar. Ixtiro fikri uyg‘onur. Katta imtihon bo‘lganda ana shul darsdan ham so‘z, ham yozuv bilan imtihon berur. So‘ngra shul fan to‘g‘risida bir kitob yozar. Ul kitob mudarrislar orasida o‘qilur. Ular tanqid etarlar. Talaba isbot qilur. Shul yo‘l bilan talabaning fanning har nuqtasiga yetishganligi bilingach qo‘liga shahodatnoma berilur. Bu shahodatnomani olgan talabaga har qanday ish topshirilur. Talaba bir nazariyotchi bo‘lib emas, balki, haqiqiy bir fan olimi bo‘lib yetishar. So‘ngra yana juda ko‘p bo‘lgan Dorul masoilarga davom etib, mudarris darajasiga yetisha bilur.

 

Dorulfunun mudarrislari esa mamlakatning eng mumtoz siymolaridir. Nemis mudarrisi bir olim, bir ijodchi, bir koshifdir. U yaxshi bilar va bilganini ham yaxshilab tushuntirar. Bu mamlakatda mudarrislar ilmlari kashf va ixtirolari bilan maqtansalar o‘rni bordir. Butun Germaniyadagi ixtirolarning ixtirochilari mudarrislardir. Qisqasi dorulfunun olami bizning fikrimiz va aqlimiz tashqarisida bir olamdir. Mamlakat u darajada taraqqiy etmishdir kim mamlakatda bir dona o‘quv-yozuv bilmagan bir odam topilmas. Butun xalq hech bo‘lmasa, bizning o‘rta maktabdan qancha yuqori bo‘lgan 12 sinflik boshlang‘ich maktablarni bitirgandir.

 

Abduvahhob MURODIY (“A.M.”)

 

“Qizil bayroq”. 1922-yil 4-avgust.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16822
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi