Qamoqdaligida ham asari sahnadan tushmagan dramaturg


Saqlash
12:08 / 09.08.2022 1056 0

O‘tgan asr boshlarida ijod qilgan Turkiston taraqqiyparvarlarining yirik vakili G‘ulom Muzaffar o‘g‘li Zafariy (18891937) nafaqat o‘zbek musiqasi bilimdoni, milliy teatr san’ati darg‘alaridan, balki yetuk dramaturg, shoir va jurnalist ham bo‘lgan. Uning bolaligi ko‘hna Toshkentning Eski shahar qismida, Kattabog‘ mahallasida o‘tdi. Oddiy misgar oilasida dunyoga kelgan G‘ulom Zafariy o‘z iqtidori va o‘tkir salohiyati bilan yoshlik chog‘laridanoq Toshkent ziyolilari orasida tanilib ulgurdi.

 

U dastlab, jadid muallimi sifatida O‘sh va Farg‘ona vodiysi shahar hamda qishloqlarida pedagoglik faoliyatini olib boradi. Ayni paytda “Turon” ma’rifiy jamiyati a’zolari bilan mustahkam ijodiy aloqani yo‘lga qo‘yadi, Turkistonda dunyoga kelgan jadid matbuotining faol qalamkashlaridan va targ‘ibotchilaridan biriga aylanadi. Biz bu maqolada G‘ulom Zafariyning milliy tariximiz sahifalarida juda qisqa muddat umr ko‘rgan, ammo nihoyatda muhim o‘rin tutgan Turkiston muxtoriyati bilan bog‘liq ijodiy faoliyati haqida to‘xtalmoqchimiz.

 

G‘ulom Zafariyning “Ishchilar dunyosi” jurnalidagi maqolalari o‘zining yorqin hissiyotlarga boyligi, vatanparvarlik tuyg‘ulariga limmo-lim to‘lganligi bilan ajralib turadi. Jumladan, muallif “Quvvatimiz askardir” maqolasida Turkistondagi mavjud vaziyat haqida o‘quvchilarga xabar berib, ularga “Himmatparvar turkistonlilar!” deb murojaat qiladi.

 

“Biz turkistonlik turk bolalari Muxtoriyat e’lon etdik. Endi Muxtoriyatimiz barqaror o‘lsun desak, bizga quvvat lozim. Ul quvvat askarlikdir. Quvvatimiz bo‘lgan askarlikka jon-dil ila boqub, qalbimizni unga tufha etaylik. Aslo unutmaylik. Och, suvsiz tursak ham boshqa bir narsaga qaramasdan faqat qahramon askarimizni tushunaylik! Zero, bu islomiyat, bu turklik, bu millat buning ila yashaydir. Buning ila buyuk bo‘ladir. Buning ila shon beradir, buning ila hayot bo‘ladir, buning ila muzaffariyatga noil o‘lub jahonni titratadir. Buning ila ajdod atomiz bo‘lgan fotihlarning, qahramonlarning ruhlarini shod etaylik, moziyimizni xotirga keltirib istiqbolimizni ta’yin etaylik. Harakat etaylik. Bir-birimiz-la yomon harakatlarda bo‘lmasdan, dushmanlarimiz-la olishib nom-shon olaylik, iftixor etaylik. Sharaf bob o‘laylik, lekin bu quvvat qaysi yo‘l ila vujudga kelur?” deydi.

 

Shundan so‘ng maqsadga ko‘chib, barchani muqaddas Vatan hurriyati yo‘lida faol bo‘lishga chaqiradi. “Eshitingiz! Turklik-la iftixor etgan millatlar. Bu kun rohatimizni tark etib, uxlamay, faqat bunlarni tushunaylik. Zavq va safoga tolmaylik, to‘y tomoshalarga mo‘l-ko‘l pullarni xarj etmay, iqtisodga rioya etib, orttirganimizzi iona etaylik. Uyimizda kiyim-kechak, uy asboblarimizni orttirmoqqa harakat etmay quvvatimizni orttirmoqqa harakat etaylik. Ipak, qimosh va boshqa narsalarda iqtisod etaylik, sandiqlarni, xaltalarni, yuklarni to‘ldirmakka g‘ayrat etmay, quvvatimizni to‘ldirmakka g‘ayrat etaylik. Qimmatlik narsalarga, ya’ni olmosga, javohirga, zumradga, marjonga, yoqutga va kumush asboblarga oltunlarimizni berub sandiqlarga hibs etsak bularning na davlatga, na millatga, na Vatanga, na askarga foydasi bo‘lmas. Sandiqlarda shundoqcha qolar. Balki-da egasiga-da foyda bo‘lmas...” deydi.

 

G‘ulom Zafariyning yuqoridagi chaqirig‘i hamma zamonlar uchun ham muhim xitobdir. Zero, harbiylarda “o‘z askarini boqa olmagan xalq, o‘zgalar askarini boqishga mahkumdir” degan gap bor. Muallif faqat askar va qudrat bilangina hurriyatni qo‘lda tutib qolishga ishonadi va hammani shu g‘oyaga ishontirishga intiladi. U fikrini quyidagicha tushuntiradi: “Bu kun bizning askarimiz naqadar ko‘p bo‘lsa, ul qadar quvvatlik, haybatlik bo‘lurmiz. U vaqt biz dushmanlarga ko‘kragimizni kerib qararmiz. Hamda orzu etgan masalalarimiz to‘psiz, to‘fangsiz, salohsiz, masorifsiz hosil o‘lurmi? Uning uchun doimo to‘pimiz, to‘fangimiz, askarimiz mavjud bo‘lmog‘in taqozo etar. Har holda bu yo‘lda g‘ayrat etaylik, beraylik. Bas endi ko‘p berdik demaylik. Har kun, har soat beraylik. Sur’at-la, raqobat-la, tashviqot-la beraylik. Oz vaqtda ko‘p ish ko‘raylik. Ilohimizi, davlatimizi, Vatanimizi suyar esak beraylik. Molga, mulkka, ziynatga, zavqqa, safoga tutunmay hammamiz birdan ko‘zimizni ochaylik. Sarf maso’i etaylik, maqsadimizni hosil etaylik.

 

G‘ulom Zafariy agar shu kunlarda istiqlolni qo‘lga kiritadigan bo‘lsak, Turkiston tez orada rivojlangan mintaqaga aylanadi deb ishonadi va “Fikri qosironamga ko‘ra, 2-3 sana ichinda heyli taolo va taraqqiy etmog‘imizga aminman. Askarlarimiz maydonda saf-saf bo‘lib tizilib tursa, biz turk bolalari to‘g‘rilik-la, sadoqat-la cholishaylik. Janob haqning vahdoniyatiga sig‘inaylik. Yashasun himmatli boylarimiz, yashasun askarlarimiz, yashasun millat, yashasun Vatanimiz. Mahv o‘lsun dushmanlarimiz... qahr o‘lsun Vatan xoinlarina... deb xalqqa murojaat etadi.

 

Jurnalning shu sonidan G‘.Zafariyning “Ishchilarga xitob” she’ri ham o‘rin olgan. Unda xalqni muxtoriyat himoyasi uchun maydonga chaqiradi va uning muazzam tarixini esga olib Zafariy shunday hayqiradi:

 

Kenglik zamoni keldi, ishchilar,

Bizni tilagimiz avvaldan erdi(!).

Muxtoriyatimiz e’lon etildi,

Bizlardan xizmat kutadir endi.

Saloh ustiga otiling, ishchilar,

Tarixa boqing, kim edik bizlar.

Chingiz, Chig‘atoy, Temur bobolar.

Bizlarga salaf edi, u erlar,

Etsamiz g‘ayrat, yashayur millat.

Barqaror o‘lur, bu Muxtoriyat,

Dushmanga taraf yuringiz, ishchilar.

Joylanur maydonda sifur-u nafir,

Bir qo‘lda yalov, bir qo‘lda shamshir.

Otni o‘ynatib, yovga oting tir,

Tiziling maydonga sherlar, ishchilar!

 

Jurnalning navbatdagi sonida G‘.Zafariyning “G‘oyamiz” she’ri chop etildi. U o‘z vaqtida xuddi muxtoriyatning madhiyasidek jarangladi, qalbida Vatan, millat ozodligi mustahkam insonlarning dillarini yanada larzaga soldi.

 

Tug‘di hurriyat kuni, biz endi olg‘a boramiz,

Shonli zamon moziyimiz kerak, biz esga olamiz.

Sabza yalov ko‘tarilib, maydonda hilpirab turar,

Turk urug‘lari hamma ul yalov ostig‘a boramiz.

Chalindi sifur ila sanj, karnay-surna-yu naqor,

Samolarga ko‘targumiz, g‘ulg‘ula-yu al’olamiz.

Dushmanimiz nishon etub, o‘qlar otib, ot o‘ynatub,

Nayzani ko‘ksiga tirab, bag‘rini tig‘la yoramiz!

Bu turk o‘g‘ullari hamma, Turkistonning har yerida,

Yig‘ildilar yalov tutib, u erdi bir ishoramiz.

U erlar aytdilar “Omin”, yer ila ko‘kni titratib,

Kim bo‘lsa yog‘iy bizlara, der oning sari boramiz!

Ey, shonli turkning avlodi, maydonga saf tuzib tizil!

Dushmanimizni ilkidan Vatanni qutqarib olamiz.

Borib yozil yigitlikka, yurakda bo‘lsa g‘ayrating,

“Saqla mani bo‘tam” deyur, bizga bul mushfiq onamiz.

Er o‘g‘li yo‘qmu dahrda, bu baxti qaro modarning,

Qutqarib ola onasin, yo‘qsa uyatga qolamiz.

Yosh-u qari va barchamiz, zafar tilashib Allohdan,

Ittifoq etsamiz, agar qutqaramiz bu onamiz.

 

“Ishchilar dunyosi”ning 4-sonida G‘.Zafariyning “Toshkent yoshlariga” deb nomlangan she’riy murojaati bosildi. Qo‘qondagi Turkiston muxtoriyati uchun bolsheviklar hukumati xavfi tobora oshayotgan bir paytda Zafariy barchani qo‘lga qurol tutishga, soldatlikka yozilishga chorlaydi:

 

Tong otdi, yotma! Olam yorishdi,

Tezdan tug‘ar kun, g‘aflatdan uyg‘on!

Boshqalar endi ishga kirishdi,

Boshingni ko‘targ‘il ko‘p yotma uyg‘on!

Ziyoliy, olim, fidoiy yoshlar,

Ittifoq aylab, kelingiz tezdan.

Berishib qo‘lni qo‘lga ishlanglar,

Kutadir millat ishni sizlardan!

Sizga ishonib qildilar e’lon,

Shundog‘ muqaddas MUXTORIYATni!

Ey qahramon turk, ey pahlavonlar,

Topshirdi sizga MUXTORIYATing!

Borsiz-mu, yoshlar, yo yo‘q-mu aslo!

Bo‘lsang, bo‘lukka boq g‘ayrat ila!

Bir ish qilib ol, vaqtdir g‘animat,

Foydalanib qol shundog‘ zamondan.

Jam’ aylab yig‘ bir yerga quvvat,

Qutqor! Elingni o‘zga qo‘llardan!

 

Afsus, ming-minglab afsuski, tarix bu safar muzaffariyatni dushman peshonasiga bitgan ekan. Xo‘qandi latif bir necha soatlik tinimsiz zambaraklar hujumidan butunlay vayronaga aylantirildi. Qurolsiz tinch aholi, marvariddek go‘zal shahar uzra qoq tush (13:00)dan to shom (18:30)gacha artilleriya tinimsiz olov yog‘dirdi. Jurnalning 5-sonida G‘ulom Zafariy “G‘.Z” imzosi bilan yozgan “Milliy muhoribadan bir lavha” hikoyasida Ho‘qandning o‘sha mash’um kechadagi holini tasvirlaydi: “To‘lgan oy kechagina butun bo‘lib bugun xarobaga aylangan katta bir madrasa orqasidan nima bor ekan deb qo‘rqib mo‘ralagandek qarab, ko‘chada cho‘zilib-cho‘zilib yotgan o‘liklar ustiga mayusona nurin sochmoqda edi.

 

Mo‘minjon bir muncha vaqt oyning ko‘tarilib butun ko‘chani ravshan qilmog‘in kutib turgani bir zamonda o‘liklar orasinda bir necha qora narsalar harakat etib yurganin ko‘rdi-da, unlarni dushmanlar tarafindan o‘liklarni yonida bor narsalarin olmoq qasdi-la yurgan odam gumon etib, qo‘rqib o‘zin bir o‘lik orqasiga olib bir qancha vaqt yotib oldi. Bir vaqt boshin ko‘tarib qarasa, hamon bir joyda qo‘zg‘olmay harakat etur. Shul vaqt bir tarafdan yana bir narsa emaklab kelayotgandek bo‘lib, kamoli qo‘rquvidan ko‘zi tinib ko‘ringan narsalarni nima ekanin bila olmasdan qo‘rquv va xijolatlar ila xayoli uchdi.

 

Har taraf o‘liklar haybati, gumbur-gumbur to‘plar, potr-putr pulimyot, miltiqlar ovozi, ham tilinda kalimai shahodat talqin etib, bo‘g‘ilgan ovozlari ila: Oh, muqaddas Vatanimiz, xarob bo‘ldi. Oh, din, millat... uh, jonim... voy bolam, deb har taraf ingrab to‘lg‘ongan yaradorlarning dod-faryodiga butun atrofni dahshat o‘rab, tamomi bo‘shashgan edi. Birdan bir ovozga cho‘chib tamom badani issiq-sovuq bo‘lib jimirlab, qo‘rquvdan o‘zidan ketayozdi. Bazo‘r to‘xtonib qaradi-ki, ko‘ziga odam bo‘lib ko‘ringan narsalar itlar, kelgan ovozlar din millatin himoya qiluv uchun shahid bo‘lganlarning, badbaxt o‘liklarini yeb quturgan itlarning taloshib qilgan g‘avg‘olari ekan.

 

Mo‘minjon qo‘liga bir tosh olib, itlarni quvlab o‘liklarni qidirmoqqa boshladi. Ko‘rdi-ki, birin boshidan, birin ko‘kragidan, birin biqinidan o‘q yeb o‘lib yotibdir. Ba’zisi qo‘lidan, oyog‘idan, yonboshidan yorador bo‘lib, ularning yarasin bog‘lab, holidan xabar oluvchi yo‘q. To‘lg‘onib, oh-fig‘on qilib yotibdirlar. Ular orasidan o‘tib nariroqqa borsa, bir necha odam to‘pning o‘qidan titilib, tanib bo‘lmaslik holida yotibdir. Oh, qanday fojia!

 

Mo‘minjon bularni ko‘rib yana atrofin qo‘rquv, dahshat o‘rab yoniga qarasa, bir yigit qo‘lida pichoq, dushmanin mahkam sochidan ushlab pichog‘in bo‘gziga sanchganicha peshonasidan, ham ko‘kragidan o‘q yeb barobar yiqilib o‘lib yotibdir.

 

Shul yerda bu qadar inson bolalarini zolimona harakatlarini o‘ylab butun atrofin qo‘rquv, dahshat o‘ragan holda xayol dunyosiga g‘arq bo‘lib qarab qoldi.

 

Har taraf kuygan, yiqilgan imoratlar. Har joy-har joyda kuygandan qolgan rasta timlarning ustunlari ila butun shoxlari kuygan daraxtlarning tanalari ko‘rinur edi. Ba’zi joyda yarmisi kuyib, ba’zi shoxlari omon qolgan daraxtlar ustida yotgan qarg‘alar bu dahshatdan qo‘rqibmi yoki yotgan harbzada milliy shahidlara motam tutibmi, bizdan “hayitlik” (qag‘-qag‘) degandek ovozlariga cho‘chib, o‘zining bul yerga nimaga kelganligin yodidan chiqarib, bir oz o‘ylab, ko‘nglida bir gudir bor ekanligin sezdi. Ul gudur bir narsa qidirib yurganligin yodiga solib, yana ul ko‘ngliga qadar kelturgan narsasin qidirmoqqa davom etdi. Birdan nariroqdan bir ovoz eshitildi. Ovoz qulog‘iga oshno tuyulub, yuragi dukur-dukur tefa boshlab yaqinroq bordi.

 

Oh! Bu falokatzada Mo‘minjon nimani ko‘rsun? Otasi! Otasi oyog‘idan ko‘kragidan ham yarador bo‘lib ingrab yotur. Birdan “oh, otajon, sizga nima bo‘ldi” deb ustiga o‘zin tashladi. Otasi o‘g‘lin ovozin eshitib, holsiz bir ovoz ila “o‘g‘lim... o‘g‘lim... suv ber... suvvv...” dedi.

 

Mo‘minjon otasining o‘lum holatida bu yerga qo‘yub, u yon, bu yon yugurub, o‘luklarga qoqilib, surinib, goh yiqilib, turib suv qidirmoqda edi. Birdan ko‘rdi-ki to‘p o‘qi ila vayron bo‘lgan do‘kon oldida yarmisi yerga ko‘milgan xum turibdir. Xum oldida bir sirli xum yotibdir. Qarasa xum to‘la suv, xursand bo‘lib darhol sir xumni suvga to‘ldirib olib otasi tarafga qarab yugurdi. Kelib qarasa otasi juda holdan qolibdir. Otasin boshin ko‘tarib, “otajon, mana suv” dedi. Otasi sir xumni ikki qo‘li birla mahkam tutib, ko‘zlarin katta-katta ochib suvdan simirib ichib, “Alhamdulillah” dedi-da, o‘zin o‘g‘lin quchog‘iga tashladi. Bir marotaba ko‘zin ola-kula qilib, atrofga qarab uzoq nafas tortib “oh... xarob... bo‘ldi... Xo‘qand...” dedi-da jonin haqqa taslim qildi.

 

Ha, otaning ko‘ziga yo‘qotilgan mulki ham, xazon bo‘lgan umri ham, dilbandi ham ko‘rinmadi. Uning so‘nggi so‘zi uning uchun har nedan aziz muqaddas Vatani, Xo‘qandi Latif bo‘ldi. Bu ham G‘ulom Zafariyning Vatan haqidagi fikri naqadar ulug‘ ekanligini oradan asr o‘tibdiki, isbotlab turibdi.

 

Jurnalning eng so‘nggi sonida ham G‘.Zafariy o‘zining “Da’vat” she’ri bilan qatnashdi. She’r tatar shoiri Ne’mat Basir g‘azaliga taxmis sifatida bitilgan bo‘lib, u charxi kajraftorning bevafoligidan, insonlar o‘rtasidagi nizo-yu nohaqliklardan faryod chekadi:

 

Ne uchun, islomi Yorab, yetmayursan dodina

Inson avlodini zolim aylading o‘z zodina.

Boqmayurlar bir-birining dodina, faryodina,

Bor yiri ohim ko‘tarsam, bu jahon ayvonina,

Necha biz haq deb yig‘ib, xalqni qilurlar anjuman,

Hech parvo aylamas, mahv o‘ladi millat, vatan,

Necha xalq qurbon bo‘ldi, nechasi qoldi bevatan,

Ushbu bizda bor, yo‘qdir faqat yo‘l ko‘rsatan,

Osiy o‘lmishdir butun o‘z maslag-u iymonina.

Ey, birodar, bu o‘lanlar dindoshingdir, rahm qil,

Yurgan ochlar darbadar millatdoshingdir, rahm qil,

Jon beruvchi osh deb vatandoshingdir, rahm qil,

Ey birodar, nav’i inson qardoshingdir, rahm qil,

Ber quloq qarshingdagi mazlumlar avg‘onina.

Xayr eting bu ochlarga, din millat nomina,

Do‘st tutan faqir-u yetim, sohib shariat nomina,

Yordam elting tezlikda odamiyat nomina,

Rahm eting mazlumlara haq va haqiqat nomina,

Chunki chorlar Haq sizi bir kunda o‘z devonina.

 

Shu joyda yana bir marta bo‘lsa ham o‘quvchilar uchun G‘.Zafariyning keyingi hayot yo‘li hamda ijodiy faoliyati haqida qisqacha to‘xtalib o‘tishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Ha, Turkiston muxtoriyati bolshevik zo‘rovonlari tomonidan shafqatsizlarcha tor-mor etildi. Biroq, milliy hurriyatni orzu qilgan va bu yo‘lda kurashni o‘zlarining taqdiri deb bilgan Turkiston ziyolilari bir lahza bo‘lsin ortga chekinmadi. Faqat endi ular kurash usulini biroz o‘zgartiradilar.

 

G‘.Zafariy “Turon” jamiyatining ma’rifiy tadbirlarida Munavvar qori Abdurashidxonov, Sa’dulla Tursunxo‘jayev, Muhammad Amin Afandizoda, Bashrulla Xo‘jayev, Salimxon Tillaxonov, Komilbek Norbo‘tabekovlar bilan yelkadosh bo‘ldi. Ularning sa’yi harakati bilan Mannon Uyg‘ur, Bosit Qoriyev, Yetim Bobojonov, Abror Hidoyatov kabi yosh iqtidorlar tarbiya topdi va keyinchalik ular o‘zbek san’atining yetuk darg‘alariga aylandilar. 1919-yil Abdurauf Fitratning Toshkentga kelishi ham muhim ahamiyat kasb etdi. Uning tashabbusi bilan tuzilgan “Chig‘atoy gurungi” tashkiloti Cho‘lpon, G‘ulom Zafariy, G‘ozi Yunus, Elbek, Mirmullo Shermuhammad, Qayum Ramazon, Shorasul Zunnun, Shokir Sulaymon, Botu, Sanjar Siddiq, Mannon Ramz, Mannon Uyg‘ur kabi ko‘plab iqtidorli o‘zbek yoshlarining boshini qovushtirdi. Fitrat tashkilotning har bir a’zosiga fan yoki milliy san’atning ma’lum yo‘nalishlarida chuqur tadqiqot olib borishlarini taqsimlab beradi. U, ayniqsa, o‘zbek tili va orfografiyasi masalasiga jiddiy e’tibor qaratib, bu yo‘lda Qayum Ramazon, Shokirjon Rahimiy va Elbekdek yetuk bilimdonlarning shakllanishida muhim rol o‘ynadi. U Majid oqsoqolning o‘g‘li Uyg‘ur uchun “O‘g‘uzxon”, “Chin sevish”, “Hind ixtilolchilari” kabi asarlarini yozib berdi. G‘.Zafariy ham Fitratning ta’sirida qator sahna asarlarini yozadi. Jumladan, 1919–1921-yillarda “Sharifjon”, “Erk bolalari”, “Tuyg‘unoy”, “Mozorlikda”, “Chintemur botir” asarlari dunyo yuzini ko‘rdi. Bolalar uchun “Quyon”, “Tatiboy ota”larni yozib, ularda sovet siyosatining ikkiyuzlamaliklarini ko‘rsatib qo‘ydi.

 

1921-yil G‘ulom Zafariy Buxoro Maorif xalq komissari Qori Yo‘ldosh Po‘lodiy va Tashqi ishlar noziri Fitratlar taklifi bilan Buxoroga kelib, Buxoro musiqa maktabida direktor o‘rinbosari vazifasida ish olib bordi. 1923-yil yozida u Toshkentga qaytib keladi va muzika texnikumiga mudir lavozimiga tayinlanadi. G‘.Zafariyning bu davrdagi ijodiy faoliyati ham juda samarali kechdi. U 1927-yil Termizga o‘qituvchilar kursiga mudir etib yuboriladi. Uning Surxon vohasidagi turmushi nihoyatda og‘ir maishiy sharoitda kechdi. Shunga qaramay bu vaqtda G‘.Zafariy o‘zining “Ketmon chopdi”, “Qora kunlar”, “Tilak” kabi 5 ta dostonini yaratadi. Biroq, ular nashr etilmay qoldi.

 

1927-yilning oxirida Termizga tashrif buyurgan Akmal Ikromov G‘.Zafariyning Toshkentga qaytishi haqidagi iltimosini bajaradi. Lekin, allaqachon Sredazbyuroning “qora ro‘yxatiga” kiritib qo‘yilgan G‘.Zafariy Toshkentda ish topa olmaydi. Shundan so‘ng u Munavvar qori Abdurashidxonov va Mirzohid Miroqilovlar bilan Qo‘qonga teatr san’atini rivojlantirish maqsadida yo‘llanadilar. 1930-yil G‘.Zafariy Samarqandga kelib, 1928-yil Fitrat tashabbusi bilan Samarqandda ochilgan musiqa institutida o‘quv bo‘limi mudiri lavozimida ish boshlaydi.

 

1932-yil Akmal Ikromov taklifi asosida G‘.Zafariy O‘rta Osiyo dramaturglari qo‘mitasiga kiritildi. Biroq, 1932-yilning yozida G‘.Zafariy ayrim kimsalarning chaquvlari asosida qamoqqa olinadi va 1933-yil sovet sudi tomonidan 3 yilga Janubiy Sibirga surgun qilinadi. Shunisi qiziqki, sahnada qo‘yishga arzigulik boshqa asar topilmadimi, hukumat rahbarlari G‘.Zafariyning beayb qamalganini, tezda ozod bo‘lishini sezdilarmi, har qalay bu vaqtda uning “Halima” asari sahnada ketaverdi. Natijada tushgan gonorardan 200–400 so‘mgacha G‘.Zafariyga turli yo‘llar bilan yuborib turildi, yana 150 so‘mgacha pul uning onasiga berildi va oilasi ta’minotdan qiynalib qolmadi.

 

1935-yilning yozida adolatsiz surgundan Toshkentga qaytgan G‘.Zafariy yana ijod olamiga sho‘ng‘iydi. Bu vaqtda uning “Paxtaxon”, “Yangi odam”, “Sayil va to‘y” asarlari yozildi. Hatto, uning “Sayil va to‘y” asari Komil Yashin nomidan nashr etilib, 1937-yilda Moskvada bo‘lgan san’at dekadasida sahnaga qo‘yildi.

 

1937-yil 28-oktabr kuni endigina o‘z hayotini yo‘lga qo‘ya boshlagan G‘.Zafariyni qaytadan qamoqqa olish uchun qaror chiqarildi. Bu gal ham uning bo‘yniga yetti uxlab tushiga kirmagan ayblarni ilishadi. Uning ortidan xotini Maryamxon va 8 yasharlik qizi Erkinlar qon yig‘lab kuzatib qoldilar. Endigina 2 oylik bo‘lgan o‘g‘li Botir esa hali bu dunyoning dahshatlarini anglashdek azobdan ancha uzoqda edi. Sho‘ro jallodlari G‘.Zafariydek ulug‘ murabbiyning kimligini anglash baxtidan mosuvo, tuban kimsalar edi. Mahkumning o‘zi esa allaqachon sovet jamiyatidagi chirkin muhitda tirik yashashdan ko‘ra o‘lim ancha ma’qulroq degan xulosaga kelib bo‘lgan edi. Shuning uchun bo‘htonlarga uning imzosini olish ham qiyin bo‘lmadi. 1937-yil 2-dekabrda G‘.Zafariy uchun “Ayblov bayonnomasi” Leonov tomonidan imzolandi va O‘zSSR IIXK qoshidagi mash’um “uchlik” sudi 4-dekabr kuni uni otuvga hukm etdi. 1937-yil 28-dekabr kuni nohaq hukm ijro etildi. “Qizil imperiya” bo‘ylab iliqlik shabadasi esgan ilk kunlarda, 1956-yil 17-dekabrda aslida jinoyat u yokda tursun gunoh ishga hech kachon qo‘l urmagan pokiza inson G‘ulom Zafariy O‘zSSR Prokuroturasi tomonidan oqlandi. Biroq, mohiyatan zulm va zo‘rovonlik ustida bunyod etilgan SSSR hech qachon o‘z aybini tan olmadi. Buni 1958-yil 15-noyabrda G‘.Zafariyning qizi Siddiqa opaga berilgan otasining oqlanganligi bitilgan ZAGS hujjati ham isbotlaydi. Unda yozilishicha, G‘.Zafariy go‘yoki 10 yilga qamoqqa hukm etilgan va 1944-yil 4-avgustda qamoqda jazoni ijro etish davrida vafot etgan emish.

 

Darhaqiqat, yuqorida aytganimizdek, G‘.Zafariy Turkiston muxtoriyatining e’lon qilinishini Toshkentda katta xursandchilik bilan kutib oldi. U butun Turkiston xalqini mazkur istiqlol uchquni bilan qutlab, o‘z maqolalari va otashin she’rlarida barchani istiqlolni ardoqlash va bu yo‘lda kerak bo‘lsa mol-u jonini fido etishga tashviq etdi. U muxtoriyatning qonga botirilishidan hammadan ko‘p iztirob chekdi. Yoshlarni, xalqni yanada mustahkamroq aloqa bog‘lab Vatan ozodligi yo‘lida hayot-mamot kurashiga chorladi. G‘ulom Zafariyning keyingi ilmiy-ijodiy faoliyati asosan musiqa madaniyati va teatr san’ati yo‘nalishida ketdi. Ammo, uning qalbida millat tanazzuli va istibdodiga qarshi kurash bir lahza bo‘lsin so‘nmadi. Biz Sizning e’tiboringizga havola etayotgan axborot esa G‘.Zafariyning Turkiston muxtoriyati davridagi faoliyati va ijodi bilan bog‘liq qisqagina ma’lumotlardir. Shu ham Zafariy shaxsining naqadar millat kelajagi uchun qayg‘urgan, uning yorug‘ istiqboli va istiqloli uchun jon kuydirgan fidoiylardan bo‘lganini ko‘rsatib turibdi.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16822
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi