Oila – zanjirband qiluvchi, farzand – rohatni buzuvchi, ota-ona – keragi bo‘lmay qolganlar(mi) yoxud “ommaviy madaniyat” qanday qarashlarni targ‘ib qilmoqda?


Saqlash
17:08 / 05.08.2022 1281 0

Prezidentimiz O‘zbekiston yoshlari forumidagi nutqida Qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz yoshlar tarbiyasi bo‘yicha o‘zimizga xos va ta’sirchan, bugungi kunga hamohang usullarni izlab topishimiz kerak. Jondan aziz farzandlarimizni buzg‘unchi va zararli g‘oyalar, jinoyatchilik, giyohvandlik, loqaydlik, ma’naviy qashshoqlik, iste’molchilik kayfiyatidan asrashimiz zarur. Bunday salbiy holatlarni bartaraf etishda barchamiz, avvalo, siz, aziz yoshlar faol bo‘lishingiz kerak”, deb ta’kidlagan edi.

 

Bu gaplar bejiz aytilmadi. Bugungi kun yoshlarini yo‘ldan uradigan zararli g‘oyalar ko‘payib, axborot ko‘lami va tarqalish tezligi oshgan davrda ularga qarshi kurashish yanada murakkab bo‘lib bormoqda.

 

Ba’zan G‘arb, ba’zan Sharqdan kirib kelayotgan, haqiqiy madaniyatga aloqasi kam, “Ommaviy madaniyat” atalmish madaniyatsizlikka targ‘ib etuvchi “yangi tushunchalar” aksar hollarda yoshlarimizni bir tusga, bir qolipga, bir xil ko‘rinishga keltirib, bir xil fikrlashga, bir xil turmush tarziga odatlantirmoqda. Ular yoshlarni urf-odatlarimiz, mentalitetimizdan yuz o‘girtirishga, ota-bobolarimiz “qora” degan narsalarni “oq”, “oq”ni “qora” deb o‘rgatishga harakat qilmoqda. Afsuski, ko‘p hollarda “ommaviy madaniyat”ning zararli ta’siriga ayrim ota-onalar ham, tarbiyachilar ham qarshi tura olmayapti. Birniki mingga deganlaridek, bu ta’sir butun jamiyatimiz uchun xatarli bo‘lib, u bir kunda o‘zining qiyofasini namoyon qilmaydi, bir kunda asoratini ko‘rsatmaydi. Balki yillar davomida ma’naviyatimizni, madaniyatimizni yemirib boradi. Qadriyatlarimizni pisand qilmaydigan, g‘arb an’analari va hayot tarziga ko‘r-ko‘rona taqlid qiluvchilar soni ortib boradi.

 

Hind xalqining buyuk farzandi Mahatma Gandiga “Globallashuv jarayoniga Sizning munosabatingiz qanday?” deb, savol bilan murojaat qilishganda, u shunday javob qaytargan: “Men tashqaridagi bo‘rondan qo‘rqib, derazamni yopib qo‘ya olmayman, chunki menga toza havo kerak. Shu bilan birga, toza havo kerak ekan deb derazamni katta ochib ham qo‘ya olmayman, chunki uyimni chang-to‘zon bosib ketishini xohlamayman”. Gandining aytgan “chang-to‘zon”lardan biri “ommaviy madaniyatdir”.

 

Ushbu “madaniyat” targ‘ib va talqin qilayotgan qarashlarning tag zamirida quyidagi omillar mavjud:

 

Isrofgarchilik boylik, to‘kin-sochinlik, hashamat, dabdaba belgisi;

 

Yoshlik lazzatlanib, rohatlanib, o‘ynab, kulib, har xil beboshlik, bema’nigarchilik, nomaqbulchiliklar qilib qoladigan va qilinishi kerak bo‘lgan vaqt;

 

Vafo, sadoqat – o‘tmish zamonlardan qolgan, umuman qizig‘i, keragi, foydasi yo‘q eskilik sarqitlari;

 

Hayo, ibo o‘z huquqini bilmaslik, ortiqcha tortinchoqlik, keragi yo‘q mavhum tushunchalar;

 

Yaxshi ota bola qo‘liga istagancha pul berib qo‘yib, barcha xohish-istaklarini ro‘yobga chiqaradigan, ulkan imkoniyatlar yaratib bergan yaxshi sherik;

 

Oila shaxsga xohlagan ishini qilishga to‘sqinlik qiluvchi, bema’ni, keraksiz majburiyatlar yuklovchi, ko‘ngilxushliklarini, kayf-safosini, erkinligini bo‘g‘uvchi, besh kunlik dunyoda yayrab, o‘ynab qolish kerak, degan aqidaga g‘ov bo‘luvchi iskanja, zanjir;

 

Xiyonat inson zamonaviyligining yorqin namoyandasi, “zanjirband” bo‘lgan insonga yetishmoq, ozod sevgi tantanasi, g‘alabasi;

 

Xudbinlik o‘zining huzur halovatini o‘ylab, mazza qilib o‘zi uchun yashashdir. “Zanjirband” qiluvchi oila, rohatni buzuvchi farzand, keragi bo‘lmay qolgan ota-ona uchun umuman qayg‘urmaslik.

 

Bu omillar inson hayotiga zeb bermaydi, aksincha, uni izdan chiqarishga xizmat qiladi. Bu kabi illatlar bizning xalqimiz mentalitetiga zid, ota bobolarimizdan meros sharqona tarbiyamizga dushman bo‘lgan qarashlardir.

 

“Ommaviy madaniyat” o‘zi nima” degan savolga, bu hamma uchun bir xil ko‘rinishdagi, bir xil qolipdagi, o‘zini, o‘zligini yo‘qotish evaziga erishilgan bir holatdir, deyish mumkin.

 

“Ommaviy madaniyat”ning ba’zi bir ko‘rinishlariga to‘xtalib o‘tamiz:

 

Starizm – subyektiv ehtiroslarga berilgan holda, estrada artistlari, aktyorlar, sportchilar, mashhur insonlar, televideniye va radio boshlovchilarini ilohiylashtirish.

 

Badanga turli xil shakllarni chizish va chizdirish. Bu kabi amallar milliy o‘zligimiz va urf-odatlarimizga ham mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini yoshi kattalar muntazam takrorlashadi. Tarixiy kitoblarda yozilishicha, tatuirovka ashaddiy jinoyatchilar uchun jazo vositasi hisoblangan. Na o‘zligimizga va na dinimizga to‘g‘ri keladigan, iymonimiz, jismimizga zarar keltirishdan boshqa narsaga yaramaydigan bunday manfur amaldan biz o‘zimizni va eng asosiysi, farzandlarimizni asrashimiz kerakligini davrning o‘zi taqozo etib turibdi.

 

Zo‘ravonlik bu insonga yetkaziladigan har qanday jismoniy, ma’naviy, ruhiy, moddiy tazyiqlar sirasidan joy oladi. Jumladan, o‘ziga nisbatan tazyiq o‘tkazish ham zo‘ravonlik sanaladi. Bunday holatlar hozirgi kunda keng avj olib bormoqda. Uning namoyishlari ham turlicha bo‘lib, bular:

 

Xeppining (vahshiyona ko‘ngil ochishlar). Bu kabi voqealar bizning mamlakatimizda deyarli kuzatilmaydi. Lekin “ommaviy madaniyat”ning mahsuli bo‘lgan film va o‘yinlarning sarhadlarimizdan yashirinib, sezdirmay kirib kelishi va ularning yosh avlod tomonidan qabul qilinishi tufayli Vatanimizda ham xeppining paydo bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Shuning uchun ogoh bo‘lishimiz darkor.

 

Nigilizm lotincha hech nima, hech narsa so‘zidan olingan. Nigilizm jamiyatning axloqiy, ma’naviy me’yor va ustunlari, umume’tirof etilgan tarixiy va madaniy qadriyatlarning inkor etilishi, shuningdek, ularga nisbatan mutlaqo salbiy, o‘ta tanqidiy munosabatda bo‘lish; muayyan hodisaga bir yoqlama, kelishuvni rad etgan tarzda munosabat bildirish; buzg‘unchilik g‘oyalarini o‘zida ifodalash va targ‘ib qilish.

 

Dunyo haqidagi ishonchli bilimlarga erishish mumkinligini shubha ostiga oluvchi ta’limotlardan yana biri skeptitsizmdir. U bilim, tajribadan ko‘ra, hissiy idrokni ustun qo‘yish va shu asosda ish tutish, ya’ni o‘z his-tuyg‘ulari asosida ish ko‘rishni eng maqbul yo‘l deb bilishdir.

 

Vandalizm madaniy yodgorliklarni, qadriyatlarni vahshiylarcha vayron, oyoq osti qilish, yo‘qotish; madaniyatsizlik, jaholat, nodonlikning bir ko‘rinishi.

 

Ommaviy madaniyatning tarqalish manbalari:

 

Turli virtual (kompyuter) o‘yinlar, saviyasiz filmlar, tuturiqsiz, ma’no-mazmunsiz qo‘shiqlar, teleko‘rsatuvlar, internet va turli ijtimoiy tarmoqlar, uyali aloqa vositalari, sariq matbuot va hokazo;

 

Prezidentimiz bu kabi xavf-xatarlardan yoshlarimizni himoya qilishni nazarda tutib, Yoshlar bilan ishlash Prezidentdan tortib vazirgacha, hokimdan tortib mahalla raisigacha – hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi zarur. Bundan buyon barcha darajadagi rahbarlar faoliyatiga yoshlar bilan ishlash, ularning muammolarini bartaraf etish yuzasidan amalga oshirgan ishlariga qarab baho beriladi”, degan edi.

 

Mamlakatimiz rahbarining kuyunchaklik bilan aytgan bu gaplari zamirida juda katta hayotiy haqiqat mavjud. Buni har inson, har bir ziyoli teran anglashi kerak. Bu bugungi kunning eng muhim vazifasidir.

 

Xudoyqul MULKAMONOV

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2022-yil 2-son.

“Niqobdagi madaniyat” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16794
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi