Bilasizmi?
Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi yarim asrdan ziyod vaqt (1968-yil) mobaynida xalqimizga ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy yo‘nalishda xizmat qilib kelmoqda. Ushbu dargoh bir vaqtning o‘zida ham ilmiy-tadqiqot muassasasi, ham madaniy-ma’rifiy maskandir.
Muzey binosining o‘zi o‘tgan asrning 30–40-yillarida bunyod etilgan noyob me’moriy yodgorlik sanaladi. Maskanning joylashuvi ham o‘ziga xos ramziy ma’noga ega: buyuk mutafakkir nomi bilan ataluvchi shohko‘cha (1938-yilda nom berilgan), Alisher Navoiy metro bekati va Adabiyot muzeyi birlashib, yaxlit tarixiy-madaniy muhitni hosil qiladi. Shuningdek, muzeyda noyob qo‘lyozmalar, toshbosma asarlar hamda yozuvchi va shoirlarning boy arxivi saqlanadi. Quyida esa muzeyning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri – betakror devoriy suratlar haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Chingiz Ahmarov. Navoiy lirikasiga monumental dekaratsiya.
Muzeyning ikkinchi qavati to‘lig‘icha Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan. Buyuk shoir merosini tasviriy san’at orqali aks ettiruvchi “Navoiy lirikasi” zali bu borada alohida ahamiyat kasb etadi. Mashhur musavvir Chingiz Ahmarov (1912–1994) tomonidan ishlangan devoriy suratlarda g‘azallarda kuylangan go‘zal mahbuba siymosi tasvirlangan bo‘lib, ular tomoshabinda estetik zavq uyg‘otadi.
Temur Sa’dullayev. “Xamsa” zaliga ishlangan devoriy surat Navoiyning “Farhod va Shirin” illyustiratsiya.
Bundan tashqari, har bir surat yuqorisiga shoir va xattot Charxiy domla (1900–1979) tomonidan Navoiy g‘azallarining matla’si nafis nasta’liq xatida bitilgan. Xattotlik san’ati va tasviriy go‘zallikning bunday garmoniyasi tomoshabinni sehrlab qo‘yadi, Navoiy she’riyati haqida teran va yaxlit tasavvur uyg‘otadi.
Buyuk shoirning XV asr adabiyotining yirik namoyandasi Abdurahmon Jomiy bilan adabiy hamkorligi va do‘stligini aks ettiruvchi muzey ashyolari orasida Chingiz Ahmarov va uning shogirdi Alisher Shomurodov hamkorlikda yaratgan devoriy sopol panno alohida o‘rin tutadi. Ushbu san’at asari har ikki adib o‘rtasidagi ijodiy aloqalarni ko‘rsatuvchi yorqin lavha hamda nafis tasviriy san’at namunasidir. Shuningdek, musavvir Chingiz Ahmarov tomonidan Alisher Navoiyning tavallud va vafot sanasi aks ettirilgan devoriy panno ham mavjud bo‘lib, uning o‘xshashi keyinchalik Alisher Navoiy nomli metro bekati devorlariga ham ishlangan.
Chingiz Ahmarov va shogirdi Alisher Shomurodov. Jomiy asarlariga sopol pano.
Alisher Navoiy ijodiy merosini yorituvchi “Xamsa” zalida muzey rassomi Temur Sa’dullayev qalamiga mansub beshta devoriy surat o‘rin olgan. Ushbu asarlar shoir dostonlari syujetlari asosida yaratilib, tomoshabinga epopeya mazmuni haqida to‘liq tasavvur beradi. Zaldan “Xamsa”ning turli yillarda nashr etilgan noyob nusxalari, ilmiy tadqiqotlar hamda toshbosma kitoblar joy olgan bo‘lib, ular ziyoratchilarga asar haqida keng va har tomonlama ma’lumot ulashadi.
Chingiz Ahmarov. Devoriy panno. Alisher Navoiyning tavallud va vafot sanasi tasvirlangan.
Muzeyning ikkinchi va uchinchi qavatlari oralig‘idagi maxsus zal Zahiriddin Mirzo Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan. Zalning yog‘ochdan ishlangan hind uslubidagi toqi-shifti o‘ta nafis bezatilgan bo‘lib, uning tevaragiga muzey ilmiy xodimi, xattot To‘xtamurod Zufarov tomonidan Bobur ruboiylari arab yozuvida husnixat bilan bitilgan. Bu yerdagi tasviriy san’at namunalari shoirning boy merosini ochib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bobur zaliga yog‘ochdan ishlangan hind uslubidagi toqi-shift. Atrofida arab yozuvida Bobur ruboiylari yozilgan.
Muzeyning uchinchi qavatida Boburiylar sulolasining taniqli vakili – shoira Zebunniso begim surati tushirilgan devoriy panno o‘rin olgan bo‘lib, u ham Chingiz Ahmarov qalamiga mansubdir.
Chingiz Ahmarov. Zebunnisobegim devoriy panno.
Shuningdek, mazkur qavatda devorga ganchdan ishlangan uchta betakror surat mavjud, ular Buxoro, Xiva va Qo‘qon ganchkorlik maktabi an’analarini o‘zida mujassam etgan.
Devorga ishlangan ganch.
Adabiyot muzeyining ekspozitsiya zallari xalqimizning ko‘p ming yillik tarixi va boy adabiyotini aks ettiruvchi qimmatbaho ashyolarga boy. Tarixni kelajak bilan bog‘lovchi muhim ko‘prik sifatida Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi bugun ham ma’rifat yo‘lida xizmat qilib kelmoqda.
Abdurasul ESHONBOBOYEV,
Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi bosh xazinaboni
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q