Kuni irimga qolgan ilm


Saqlash
17:09 / 11.09.2026 0 297

Odam bolasi bamisoli g‘isht – kuygan sayin pishib, toblanib boradi.

 

Oqil inson dunyoga moslashadi, aqlsiz kimsa dunyoni o‘ziga moslamoqqa urinadi. Taassufki, taraqqiyot g‘ildiragi ko‘pincha aqlsizlarga bog‘liq. Biz qush misoli osmonlarda parvoz qilishni uddaladik, baliq kabi suv ostiga sho‘ng‘ishni o‘zlashtirdik – yer yuzida odamga o‘xshab yashashni o‘rganolmadik, xolos.

 

Matbuot shunday matohki, velosipeddan yiqilish nima-yu tamaddun halokati nima – unga hech farqi yo‘q.

 

Bu dunyo ishlamay pul topsam deydigan shovvozlar-u kosasi oqarmasa ham umr bo‘yi ter to‘kishga tayyor ovsarlardan iborat.

 

Qayerda nimani gapirishni o‘rgandingizmi – demak, ulg‘ayibsiz; qayerda sukut saqlashni bilib oldingizmi – demak, aqlingiz kiribdi.

 

Tarixdan olish mumkin bo‘lgan yagona saboq shuki, odamzod o‘tmishdan hech qanday xulosa chiqarmaydi.

 

Unutmang, sotib olish mumkin bo‘lgan narsaki bor – qadrsizlanadi.

 

Ozodlik bu – mas’uliyat. Aksar ko‘pchilikning erkinlikdan cho‘chishi boisi shu.

 

Dali-devonagina o‘limini yaqinlashtirayotgan sanani bayram deb nishonlaydi.

 

Yolg‘izlikka chidash va undan hatto zavq ola bilish ham jasoratdir.

 

Odam bolasi shart-sharoitdan yozg‘irgani yozg‘irgan. Yo‘q, izlagan imkon topadi; topolmasa, uni o‘zi yaratadi. Ana shunday insongina bu dunyoda mudom muzaffar!

 

Ilm-fanning kuni irim-sirimga qolsa, uni xurofotga aylantiradi-qo‘yadi.

 

Zarbangizga javob qaytarmagan odamdan ehtiyot bo‘ling: u sizni o‘laqolsa kechirmaydi, o‘zining kechirilishiga ham qo‘ymaydi.

 

Zamonaviy jamiyat uchun axloqsiz bir faqir ayoldan ko‘ra e’tiqodsiz boy xavfliroqdir.

 

Dardingizni to‘kmoqchimisiz, avval ishonch hosil qiling: “idish”ning tagi teshikmasmikan?

 

Bugun odamlar chuqurroq o‘ylash, mulohaza qilishdan mosuvo, hamma narsaga yengil-yelpi, yuzaki qaraydi. Yurak amriga bo‘ysunib emas, pulning izi-izmida kun ko‘radi.

 

Nekbin odam orzulariga, badbin odam o‘z boshiga yetadi.

 

Go‘sht yemasangiz ajalingizdan besh kun burun o‘lasiz, deya menga malomat qilgan do‘xtirlarning bari allaqachon asfalasofilinga ravona bo‘lgan-ketgan.

 

Odam bolasi o‘ziga sira aloqasi bo‘lmagan ishlarga burun suqib yurishga moyil.

 

Soxta bilim johillikdan xavfliroq.

 

Rus tilidan Shohsanam RO‘ZIMAT qizi tarjimasi

 

“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 2-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Hikmat

15:07 / 30.07.2026 0 452
G‘ururdan baland mehr



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 144 237062
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 115521
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 69414
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 59168
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 52776
Xarakter

Qomus

16:04 / 25.04.2023 1 42371
“Avesto”

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 40543
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 40303
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//