Miloddan avvalgi IV–I mingyilliklarga oid o‘tmishi ulug‘ dala tarixi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan barcha xalqlarning bezaklaridagi muhim motivlardan biri shoxsimon gajaklar bilan o‘ralgan pog‘onali romb tasviridir. Ushbu tasvir ko'chmanchi xalqlar naqshlaridagi muchal taqvimini anglatadi.
Bu motiv turkman o‘zbeklari (Nurota viloyati) orasida chodor-muyiz nomi bilan mashhur edi; nomidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, unda o‘zbeklarning Kaspiybo‘yi turkmanlari, ya’ni Mang‘ishloq hududida yashagan turkmanlar – yovmudlar va chovdurlar bilan madaniy aloqalari bo‘lganligi aks ettirilgan.
Xuddi shu turunjni Ozarbayjon (Mug‘an, Naxichevan; mug‘an-gel nomi bilan mashhur) va Turkiya gilamlarida ham uchratish mumkin va bu ko‘chmanchi xalqlar (o‘g‘uz-saljuqiylar)ning ko‘chib yurgan yo‘llaridan dalolat beradi.
Ozarbayjon gilamlari tadqiqotchisi Latif Karimov keksa hunarmandlarning ma’lumotlariga asoslanib, bu naqsh 12 yillik davrga asoslangan qadimiy taqvim tasviri ekanligini ta’kidlab o‘tgan; bunday taqvim qadimgi turklar orasida muchal (mushel) nomi bilan mashhur bo‘lgan. 12 yillik yoki Yupiter taqvimi Yupiterning Quyosh atrofida bir marta aylanishining muddati aynan shuncha ekani haqidagi astronomik bilimlarga asoslangan; qadimgi Sharqning ko‘plab xalqlari ana shu taqvim asosida yashashgan.
U O‘rta Osiyoning ko‘chmanchi xalqlari madaniyatida juda katta rol o‘ynagan, sababi muttasil ko‘chib yurish sharoitida osmondagi yulduzlarning xaritasini, shuningdek, sayyoralar, butun koinotning tabiiy va ijtimoiy jarayonlarga ta’sirini bilmasdan turib yashash mumkin emas edi. Oltoy xalqlari orasida bu taqvim mushe, qirg‘izlarda muchel, qozoqlarda mushel, o‘zbeklarda muchal, mujal, uyg‘urlarda muchal nomi bilan mashhur bo‘lgan.
Muchalning paydo bo‘lish davri mil. av. IV–I mingyilliklarga borishi ta’kidlanadi. Yupiterning Quyosh atrofidagi 12 yillik aylanishiga taqlidan o‘tovlarning maydoni ham 12 ta bo‘g‘imga bo‘lingan, ularning har biri oila a’zolaridan ma’lum bir kishiga ajratilgan.
Shunday qilib, vazifaviyligiga ko‘ra uy-ro‘zg‘or buyumlari sifatida ishlatiladigan, abadiy va cheksiz harakat g‘oyasini o‘zida mujassamlagan gilamlar va to‘rva xaltalar ustiga tikilgan 12 shoxdan iborat bo‘lgan taqvimning tasvirini koinot andozasi, abadiylik, davriylik, vaqtning, barcha hayotiy jarayonlarning takrorlanishi majoziy namunasi, shuningdek, chorvadorlarning tartib-intizomi va hayotiy maromi haqidagi doimiy eslatma sifatida qabul qilish mumkin.
Taqvimdagi 12 yilning har biri ma’lum bir hayvonning, xususan sichqon, sigir (yoki buqa), qoplon (sher, yo‘lbars), quyon, ajdaho (baliq, bo‘ri), ilon, ot, qo‘y (qo‘chqor), maymun, tovuq (yoki biror yovvoyi qushning urg‘ochisi), it, qobon (to‘ng‘iz) obrazlari bilan belgilangan.
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Hikmat
Hikmat
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q