Bugun shunday bo‘ldi. So‘nggi rusumdagi uchta ulovni eshigiga qatorlab qo‘ygan, muhtasham hovlilarida davron surayotgan bir qadrdonim telefon qilib qoldi.
– Bir ko‘rishaylik, – dedi ovozida odatdagidan farqli bir og‘irlik bilan. – Falonchi aka anchadan beri xasta emish. Bir xabar olaylik... Faqat, iloji bo‘lsa, sizning moshinangizda boraylik.
Telefonni o‘chirdim-u, ichimda bir narsa uzilganday bo‘ldi. “Ijirg‘anish” deymizmi, “g‘ashlik” deymizmi – ko‘ksimni chimchilab o‘tdi.
“Tavba, uchta “inomarkang” bor-ku! Kuning mening uncha-muncha ishga yaramay qolgan eski “Kobalt”imga qoldimi?” deb xayolimdan o‘tkazdim. Xasislikka yo‘ydim, ko‘nglim g‘ashlandi. E’tiroz bildirmadim-u, lekin ichimdagi o‘sha sovuq o‘y bilan yo‘lga chiqdim.
U bilan bozor atrofida uchrashdik. Katta bozorlik qildik. Meni bir so‘m ishlatishga qo‘ymadi, hamma xarajatni o‘zi ko‘tardi. Lekin mening xayolimda hali ham o‘sha – moshina masalasi soya solib turgan edi.
Xasta tanishimizning darvozasi oldiga kelib to‘xtadik. Ichkariga kirib, uni ko‘rdim-u, yuragim orqaga tortib ketdi. Qachonlardir tog‘ni ursa talqon qiladigan, moddiy tomondan ham, jismoniy tomondan ham baquvvat bo‘lgan odamning o‘rnida bir siqim suyak o‘tirardi. Cho‘kibdi, juda ozib ketibdi. Ko‘zlarida majolsiz bir hasrat. Suhbat asnosida bildikki, boshiga tushgan bu xastalik kamday, bizneslari sinib, hatto uyini sotuvga qo‘yishga majbur bo‘libdi.
Do‘stim uning yoniga o‘tirdi. Yelkasidan quchdi, so‘zlarida shunchalar samimiyat va iliqlik bor ediki, xasta odamning ko‘zlarida yillar davomida so‘ngan umid uchqunlari qayta yonganday bo‘ldi.
– Uyni sotmang, – dedi u bosiqlik bilan. – Farzandlaringiz bo‘y yetib qoldi, ularning ko‘ngli o‘ksimasin. Muammolar o‘tib ketadi, hammasi joyiga tushadi.
Chiqib ketayotganimizda, u bemorning kaftiga ohista bir dasta pul tutqazdi. Shunday qildiki, go‘yo yordam berayotganday emas, balki qarzini qaytarayotganday tavoze bilan.
Tashqariga chiqdik. Ko‘chaga yetganimizda do‘stim to‘xtab, qo‘limdan kalitni oldi. Bizni kuzatib chiqqan bemor boy do‘stining oddiy moshina ruliga o‘tirganini ko‘rib, g‘alati qarab qo‘ydi. Ikki kilometrlar yurgach, do‘stim kalitni uzatdi:
– Moshinani endi o‘zingiz haydang.
Yana hayron qoldim. Miyamda mingta savol charx urardi. Uzoqroq ketgach, u chuqur xo‘rsindi-da, mening ahvolimni sezganday izoh berdi:
– Bemor odamning ko‘ngli juda nozik bo‘ladi, – dedi u past ovozda. – Hozir u jismonan qiynalyapti, ustiga-ustak ishi yurishmay, moddiy ahvoli ham xarob bo‘lib turibdi. Agar biz uning eshigi oldiga hashamatli ulovda borganimizda, ko‘ngli o‘ksir edi. “Bular maza qilib yuribdi, men esa...” deb ich-etini yerdi. Shuning uchun unga “hammasi joyida” ekanini ko‘z-ko‘z qilgim kelmadi. Oddiyroq boraylik deganim shundan...
U gapirar edi, men esa mashina rulini changallab, peshonamdan chiqayotgan sovuq terni sezmay qolibman. Tomchi-tomchi ter emas, ichimdagi torlik va injiqona xayollarimning uyati edi bu.
Bir-birini sotishga tayyor, birovning yiqilganidan huzur qiladiganlar hozir-u nozir bu zamonda... o‘z do‘stining, hatto uning nozik qalbini asrash uchun shunchalik teran o‘ylaydigan odamlar bor-a!
Hilvirab qolgan bu dunyoni aslida shunday, o‘z manfaatidan kechib, o‘zgalarning sha’ni va ko‘nglini har narsadan baland qo‘ya oladigan “chin INSONlar” ushlab turgan bo‘lsa, ajab emas.
Maqsud JONIXONOV
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q