Eng qimmat shirinlik


Saqlash
16:07 / 23.07.2026 1 339

90-yillar ko‘pchilik oilalar uchun og‘ir kelgan edi. Mustaqillikka endi erishgan davrlarimiz, oziq-ovqat tanqisligidan ziyoda oylik tushishi qiyin. 70 yil Moskvaga qaram bo‘lgan o‘lka va korxonalar yangi davrda hali o‘z yo‘lini topib ketmagan. Va aynan o‘sha paytda chet eldan, asosan Turkiyadan turli saqich, shirinlik va bananlar kirib kela boshlagan. Qishloq bolalari nafaqat bu shirinliklarning qadog‘ini saqlab qo‘yishni, bir-biriga azza-bazza maqtanishni ham kanda qilmaydi.

 

Onam o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Kolxozda traktorchi bo‘lib ishlagan o‘gay otam esa ishsiz. 3 bola yeb-ichishi va kiyishi kerak.  Uyga  shirinlik nari tursin, oq un kirsa o‘zimizni boydek his qilamiz. “Yog‘ va un bo‘lsa, och qolmaymiz” degan yozilmagan qonun bor. Uyga go‘sht kirmay qo‘yganiga ancha bo‘lgan. Bunday shirinliklarning qadog‘ini o‘rtoqlarimning kitoblari orqasida ko‘raman va tamshanib qo‘yaman.

 

Onamning sumkasi

 

U doim meni o‘ziga tortgan. “Sumkamni kovlama, deb necha marta aytay senga” degan koyishni ming marotaba eshitgan bo‘lsam-da, har gal onamning sirli ifor taratgan sumkasi meni o‘ziga chorlayverardi. “Qarab ko‘r, bugun balki bir narsa olgandir ayang” derdi u doim. “Kel, doim titkilaysan-ku, ayang sezmaydi, menda bir narsalar yashirib qo‘yilgan. Va men yana bu aldovga yengilib sumkani titkilashga tushardim. O‘quvchilar daftari, ko‘zoynak, ruchka, qalam. O‘qituvchi qurollari. Har gal hafsalam pir bo‘lsa-da, ertasi kuni yana ayni ishni takrorlardim. Va buni nafaqat men, balki ukalarim ham bir-birimizdan yashirgan ko‘yi qilardik.

 

Bir kun kechki ovqatni birgalikda yeb bo‘lgach, hech kutilmaganda onam:
Sumkamni olib kel, deb qoldi.

 

Hali titib ulgurmaganim bois yugurib borib sumkani olib keldim. Onam ichidan shokoladli vafli chiqardi. Qizil, ustiga sariq, qizil yozuvlar bilan ülker Çikolatali gofret deb yozilgan. 1 dona.


Sekin ochdi va uning hidi xuddi dunyoni tutib ketgandek bo‘ldi. Pichoq bilan 4 bo‘lakka bo‘ldi. O‘ziga juda kichik parcha qoldirdi. Bu shunday katta baxt ediki, dunyoga sig‘masdim. Bir tomondan nafsim qitiqlar, boshqa tomondan keyingi oygacha pulimiz yetmay qolishidan xavotir ichimni ezardi.

 

Aya, qancha ekan? – dedim hamon yutqinib.

5 so‘m.

 

5 so‘m bittagina shokoladli vafli uchun qimmat edi. Bir dona tandir non 8 so‘m edi o‘shanda.

 

Sen uni o‘ylama, ertaga Xudo poshsho, dedi onam.

 

3 bola vafli qog‘ozini top-toza qilib yaltiratib yaladig-u, keyin kim bu qadoqni kitobi orqasiga qo‘yib sinfdoshlari oldida maqtanishini talashdik. Va bu imkoniyat yana arazchi ukamga berildi. Ora-sira onam bu vaflidan bir dona olib keladigan va to‘rtovimiz bo‘lib yeydigan bo‘ldik. Har gal, hech istisnosiz bu shokoladli vafli meni aynan o‘sha qishloq uyimizga, pichoq bilan 4 bo‘lakka bo‘lingan va 1 bo‘lagi boshqalaridan kichikroq bo‘lgan dasturxon boshiga, hali yosh onam, hali kichik ukalarim yoniga olib ketadi. O‘sha paytlar bir kuni pulimiz ko‘o‘p bo‘lib, har birimizga bittadan shokoladli vafli ola olishimizni orzu qilganlarimizni yodga soladi.

 

Bugun bu shokoladdan 6 dona oldim. Va o‘tirdim-u, o‘sha kichik qiz Madina bo‘lib bir butun shokoladni paqqos tushirdim. Har safar bu vaflini ko‘rganimda shu ishni qilaman-u, ammo ichimdagi armon ketmaydi. Chunki ortiq 4 kishi bo‘lib bir dasturxon boshida to‘planolmaymiz va o‘sha paytlar orzu qilganimizdek, har birimiz bittadan shokolad olib yeya olmaymiz.

 

Madina ZARIF

1 Izoh

Dilbar

12:07 / 26.07.2026

Salom ... Menga ham tanish soʻzlar... Juda chuqur oʻyga toldim va oʻsha paytlarga shunday qaytgim keldi. Rahmat sizga Madina ! Bir lahza boʻlsin shirin hislarga berildim, bir lahza oʻtkan kunlarga qarab , bugunimga shukrona aytdim.

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Hikmat

15:07 / 30.07.2026 0 320
G‘ururdan baland mehr

Bilasizmi?

14:07 / 22.07.2026 0 223
“O‘ktam”ning etimologiyasi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 236704
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 115294
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 68883
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 58137
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 52452
Xarakter

Qomus

16:04 / 25.04.2023 1 41361
“Avesto”

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 40077
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 40074
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//