“O‘ktam”ning etimologiyasi


Saqlash
14:07 / 22.07.2026 0 223

Qadimgi turkiy manbalarda o‘ktam: “ögdäm”, “ögtäm” shakllarida uchraydi. Qoyaga eski turk yozuvida bitilgan bitiglardan birida “Ögdäm Inal” kishi oti qayd etilgan. Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig”da “ögtäm” shaklida “mag‘rur”, “g‘ururlangan” ma’nolarida qo‘llagan: “Beduk so‘zladi so‘z bu o‘gtam tiling”, – ma’nosi: “bu mag‘rur, maqtanchoq tiling katta gapirdi”.

 

Bu so‘z (ism) nafaqat o‘zbek, balki ko‘pchilik qardosh turk (va mo‘g‘ul) tillarida ham bo‘lib, “mard”, “mag‘rur”, “kuchli”, “jasur”, “bag‘rikeng”, “saxovatli” kabi ma’nolarni bildiradi. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da unga: “O‘ktam – 1. Boshqalarga o‘z ta’sirini, so‘zini o‘tkazadigan, shijoatli, o‘tkir. “Mahallaning o‘ktam yigiti”. 2. Himmati ulug‘, olijanob, saxiy”, deb izoh berilgan.

 

Ammo uning “mard”, “kuchli”, “saxiy” kabi ma’nolari keyinchalik paydo bo‘lgan, kelib chiqishiga ko‘ra, bu so‘z “aql”, “fikr” ma’nosidagi qadimgi turkiy “ög” o‘zagidan deb qaraladi, “Devonu lug‘otit-turk”da: “ög – aql, ziyraklik”, deb izohlangan (DLT.I.1960.82). Bu o‘zak hozir ham tilimizda faol – “nasihat, yo‘l-yo‘riq” ma’nosidagi “o‘git” (“ögut” – “ög+ut”) so‘zida o‘zgarishsiz saqlangan, “o‘rganmoq” ham shu o‘zakdan, ammo keyinchalik unda tovush almashinuvi sodir bo‘lgan: “öGRät-” – “o‘RGat-”. Umuman, “ög” o‘zagi haqida uzoq to‘xtalish mumkin va keyingi maqolalarda unga yana murojaat qilamiz.

 

Mazkur o‘zakka aloqador yana “ög-”, “ögmǝk” fe’li ham bo‘lib, u “maqtamoq, ulug‘lamoq, alqamoq” ma’nolarini bildirgan. Bu fe’l XIV asrgacha manbalarida ko‘p uchraydi, shulardan biri – “Nahj ul-farodis”dan: “Saxiyni yad etib dayim ögǝrlǝr” (“Saxiyni yod etib doim maqtarlar”). Yoki “maqtov”, “madh” kabi ma’nolarda ilgari mazkur o‘zakdan yasalgan “ögdү” so‘zi ishlatilgan: “Rasul alǝyhissǝlámniң tөrt yári ögdүsi” (“Rasul alayhissalomning to‘rt yori madhi”. Qutb. “Xusrav va Shirin”).

 

Shuningdek, qadimgi turkiyda “qo‘llab-quvvatlamoq, maqtamoq, ulug‘lamoq” kabi ma’nolarga ega – “ögtä-” (“ögdä-”) fe’li ham bo‘lgan va “o‘ktam” so‘zi mazkur fe’lga “-m” qo‘shimchasini qo‘shib yasalgan (ögdä+m – ögdäm – o‘ktam) va bu so‘z dastlab “maqtalgan, ulug‘langan” kabi ma’nolarni bildirgan.

 

Abduvohid HAYIT

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Hikmat

15:07 / 30.07.2026 0 320
G‘ururdan baland mehr

Hikmat

16:07 / 23.07.2026 1 340
Eng qimmat shirinlik



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 236706
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 115294
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 68884
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 58138
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 52452
Xarakter

Qomus

16:04 / 25.04.2023 1 41363
“Avesto”

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 40077
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 40074
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//