Qiziq, “vafot” va “vafo” so‘zlari bir o‘zakdan – “bajardi” ma’nosidagi arabcha “vafā” (وَفَى) yoki “vafā’un” (وَفَاءٌ) fe’lidan yasalgan ekan. Demak, ularning ma’nolarida ham umumiylik bor. Arab tilida boshqa tillardan farqli fe’l boblari degan hodisa bor, deylik, mazkur fe’lning birinchi bobidagi shakli – “vafā” (وَفَى) bo‘lib, “1. bajardi; 2. va’dasini, ontini bajardi; 3. qarzini to‘ladi” kabi ma’nolarni bildirsa, ikkinchi bobda bu fe’l: “vaffā” (وَفَّى) shaklini oladi va “to‘liq to‘lash, to‘liq qoniqtirish” kabi ma’nolarni, ya’ni ish-harakatning uzil-kesil bajarilganligini bildiradi.
“Vafā”ning uchinchi bobdagi shakli lug‘atda: “vāfa” (وَافَى) deb ko‘rsatilgan, ya’ni bu bobda fe’lning ikkinchi harfi cho‘ziqroq talaffuz qilinadi, ma’nosi ham birinchi bobdagi “bajardi”dan ancha farqli, ya’ni “kelish, erishish, yetib kelish” kabi ma’nolarni bildiradi. Fe’lning uchinchi va undan keyingi boblaridagi shakllari: ish-harakatning to‘liq tugallanishi, poyoniga yetishi, shuningdek, umrning ham tugashi kabi ma’nolarga ega ekan. Beshinchi bob shakli esa – “tavaffa” (تَوَفَّى) va ma’nosi: “1. Olish, to‘liq, uzil-kesil olish; 2. o‘lish”. Misol: “tuvuffia ala rahmatullah” (تُوُفِّى الى رحمة الله) – “Allohning rahmatiga qovushdi // Allohning rahmati ila o‘ldi”.
Tilimizda shu o‘zakdan yasalgan yana bir so‘z bor – “iste’fo”, bu “vafā” (وَفَى) fe’lining o‘ninchi bobi – “istavfa” (إِسْتَوْفَى) shaklidan yasalgan. “Iste’fo” so‘zi ham ish-harakatning tugaganligini bildiradi va biz uni asosan ishdan bo‘shash yoki bo‘shatilish ma’nosida qo‘llaymiz. Xullas, vafo (وَفَاءٌ) – va’daga vafo qilish, to‘liq bajarish, so‘z ustida turish, qasam, ontga amal qilish, qarzni to‘liq to‘lash. Bizda bu so‘z ko‘proq sevgi bilan yonma-yon ishlatiladi: sevgiga vafo qilish, vafodor, bevafo.
– Vafot (وَفَاةٌ) – umrning tugashi, o‘lim. Deylik, vafo – kishi irodasi, say’-harakatiga bog‘liq amal bo‘lsa, vafot – Allohning irodasi.
– Iste’fo – “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da: “o‘z mansab yoki xizmatidan o‘z ixtiyori bilan voz kechish, ketish”, deb izohlanibdi.
So‘zimni biroz shoirona xulosalaydigan bo‘lsam, mazkur uchlik ichida eng yoqimlisi va irodamizga bog‘liq bo‘lgani – vafo ekan. Vafoda mustahkam bo‘lsak, qolgan ikkisi ham shunga monand bo‘lar.
Abduvohid HAYIT
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Hikmat
Hikmat
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q