Bir kuni kechqurun qishloq ahli Robiya momoning kulbasi oldidagi yo‘lakda nimanidir izlab yurganini ko‘rib qolishdi. Kambag‘al, qari ayol... Odamlar uning atrofiga yig‘ilishib:
– Nimani izlayapsiz? – deb so‘rashdi.
Momo javob berdi:
– Ignamni yo‘qotib qo‘ydim.
Shundan keyin hamma unga yordam berishga tushdi. Ignani izlay boshlashdi.
Birozdan so‘ng kimdir o‘ylanib qoldi va so‘radi:
– Robiya momo, ko‘cha juda katta, igna esa juda kichik. Qorong‘u ham tushib qolyapti. Aniqroq aytolmaysizmi, igna qayerga tushgan edi?
Momo xotirjamlik bilan javob berdi:
– Igna uyning ichida tushib qolgan.
Odamlar hayratdan yoqa ushlashdi.
– Nima, aqlingizni yo‘qotdingizmi? Igna uyda tushgan bo‘lsa, nega uni ko‘chadan izlayapsiz?
Robiya momo dedi:
– Chunki bu yer yorug‘, uyning ichi esa qorong‘u.
Shunda kimdir yana so‘radi:
– Bu yer yorug‘ bo‘lsa ham, igna boshqa joyda tushgan bo‘lsa, uni bu yerdan qanday topish mumkin? To‘g‘risi, uyga chiroq olib kirib, o‘sha yerdan qidirish kerak.
Momo kulib yubordi va dedi:
– Mayda narsalarga kelganda naqadar aqlli ekansizlar. Ammo o‘z ichki hayotingiz haqida gap ketganda, hamon tashqaridan qidirasizlar. Men esa bilamanki, siz izlayotgan narsa ichingizda. Aqlingizni ishlating. Baxt va saodatni tashqaridan qidirmang. Axir uni o‘sha yerda yo‘qotmagansiz-ku?
Odamlar hayrat ichida qotib qolishdi. Momo esa kulbasiga kirib ketdi.
Siz yaxlitlikni izlaysiz, onglilikni izlaysiz, ammo bularning barchasi mavjud bo‘lgan yagona joyni e’tiborsiz qoldirasiz. U joy – o‘zingizning ichki olamingizdir.
Shuning uchun borish kerak bo‘lgan yagona manzil ham aynan o‘sha yerdir. Inson o‘zini anglash chuqurliklari sari yo‘l olishi, “men kimman?” degan savolga javob topishi, bu hayotda o‘zligining mohiyatini kashf etishi lozim.
Sarvar RAHIMIY
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Hikmat
Hikmat
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q