2100-yilga borib O‘zbekiston aholisi qanchaga yetishi prognoz qilindi

Saqlash
12:33 / 16.10.2026 2285 0

BMTning Aholishunoslik bo‘limi 2100-yilgacha mo‘ljallangan global demografik prognozni taqdim etdi. Unga ko‘ra, 80 yil ichida mintaqa aholisi deyarli ikki baravar ko‘payadi. Eng tez o‘sish yaqin o‘n yillikda bo‘ladi, ya’ni 2030-yilga borib aholi soni 21,5 foizga oshadi. Keyinchalik o‘sish sur’ati doimiy ravishda pasayib boradi va 2100-yilga kelib yillik o‘sish atigi 2,8 foizni tashkil qiladi.

 

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston mintaqaning asosiy demografik markazi bo‘lib qoladi. Masalan, mamlakatda 2020-yilda 33 million kishi yashagan bo‘lsa, 2100-yilga borib umumiy aholi soni 74,4 million kishiga yetadi. Shunday qilib, mamlakatning Markaziy Osiyo umumiy aholisidagi ulushi 43,9 foizdan 49,6 foizgacha ortadi.

 

Shuningdek, O‘zbekiston aholisi eng tez sur’atda 2040-yilgacha, har o‘n yillikda 24 foizdan ko‘payadi. O‘sish keyin o‘n yilda 5–7 foizgacha sekinlashadi, asrning oxirida esa 4,3 foizni tashkil qiladi.

 

Mintaqaning boshqa mamlakatlarida ham aholi ko‘payishi kutilmoqda, biroq bu unchalik katta bo‘lmaydi. Jumladan, 2100-yilga borib aholi soni quyidagicha bo‘lishi mumkin:

▪️ Qozog‘iston — 33,7 million kishi (2020-yilga nisbatan +75,3%).

▪️ Tojikiston — 20,2 million kishi (2 baravar o‘sish).

▪️ Qirg‘iziston — 11,7 million kishi (2020-yilga nisbatan +72,4%).

▪️ Turkmaniston — aniq son yo‘q, ammo umumiy o‘sish 53,2% bo‘ladi.

 

80 yil ichida aholi sonining ikki baravar oshishi nafaqat iqtisodiy salohiyat, balki jiddiy muammolar ham demakdir. O‘zbekistonda 2024-yilda har bir kvadrat kilometrga 85,5 kishi to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2040-yilga borib aholi zichligi 108,2 ga, 2100-yilga borib esa 174,8 ga oshadi. Bunda ichki migratsiya va urbanizatsiya darajasi hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Mamlakat hududlari bo‘yicha notekis o‘sish katta shaharlarga ulkan infratuzilma yukini yuklashi aniq. Ular millionlab yangi aholini uy-joy, ish va ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlashi kerak bo‘ladi.

 

Hisobotda yozilishicha, aholi sonining o‘sishi bilan birga umr ko‘rish davomiyligi ham oshadi. O‘zbekiston uchun bu ijobiy tendensiyadir. Misol uchun, 2024-yilda o‘rtacha ko‘rsatkich 72,5 yosh bo‘lgan bo‘lsa, 2100-yilga borib 83 yoshga yetishi mumkin. Ayollar o‘rtacha 85 yoshgacha, erkaklar esa 81 yoshgacha yashashi kutilmoqda. Bu ma’lumotlar pensiya va sog‘liqni saqlash tizimlaridagi uzoq muddatli islohotlar uchun asos bo‘ladi.

 

Biroq shu fonda demografik paradoks yuzaga keladi. O‘zbekistonda umumiy tug‘ilish koeffitsiyenti butun XXI asr davomida doimiy ravishda kamayib boradi. 2024-yilda har 1000 kishiga 25,6 chaqaloq to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2100-yilda 11,9 chaqaloqqacha pasayadi. Shu bilan birga, tug‘ilishlarning mutlaq soni o‘zgarib turadi. Buning sababi yosh tarkibining o‘zgarishidir.

 

Mamlakat aholisining o‘rtacha yoshi 2030-yilda 26,5 yosh bo‘lsa, 2100-yilga borib 39 yoshga yetadi. Ayollar birinchi farzandini o‘rtacha 27–29 yoshda tug‘adi, lekin aholi tarkibida potensial onalarning o‘zi kamroq bo‘ladi.

 

Hisobotda aytilishicha, mamlakatda keksayishning tabiiy oqibati – o‘lim darajasi ham ortadi. O‘zbekistonda umumiy o‘lim koeffitsiyenti 2024-yilda har 1000 kishiga 6 tadan o‘lim to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2100-yilda bu son 8,5 gacha ko‘tariladi. Mos ravishda vafot etganlarning mutlaq soni ham ortadi, ya’ni yiliga 219,4 ming kishidan 631,5 ming kishigacha yetadi. Bu jarayon sog‘liqning yomonlashuvi bilan emas, balki fuqarolar sonining umumiy ko‘payishi va millatning keksayishi bilan bog‘liq.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//