Shavkat Mirziyoyev Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif qildi

Saqlash
17:05 / 15.10.2026 291 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Boku shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammitida ishtirok etdi.

 

Quyida davlat rahbarining sammitdagi nutqidan asosiy fikrlar:

 

– Bugungi kunda dunyo chuqur geosiyosiy o‘zgarishlarni boshidan kechirmoqda, yangi tahdid va xatarlar paydo bo‘lmoqda. Bu vaziyat yanada yaqin hamkorlik va birgalikda qarorlar qabul qilishni talab etadi;

 

– Har qanday nizo va kelishmovchiliklar faqat tinch yo‘l bilan, siyosiy-diplomatik vositalar orqali, xalqaro huquq va barcha tomonlar manfaatlarini inobatga olgan holda hal etilishi zarur;

 

– “Biz Yaqin Sharqdagi qarama-qarshilik va G‘azodagi gumanitar vaziyatni katta tashvish bilan kuzatib boryapmiz. Ushbu mintaqada tezroq tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi tarafdorimiz”;

 

– OHIChKning asosiy maqsadi Osiyoda o‘zaro hamkorlikning yaxlit infratuzilmasini shakllantirish, o‘zaro uyg‘un va oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan harakatlar, majburiyatlarni bajarish asosidagi munosabatlarning barqaror tizimini yaratish bo‘lishi kerak;

 

– Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, unda Kengashni uzoq muddatli rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, davlatlar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik va hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash taklif etildi;

 

– Texnologik ishonch va sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish bo‘yicha Osiyo tashabbusi ilgari surildi;

 

– Iqlim barqarorligi sohasida sheriklik qilish bo‘yicha tashabbus taklif qilindi. Bu suvni tejaydigan texnologiyalarni birgalikda joriy etish, “yashil” energetikani rivojlantirish va atrof-muhit holatini doimiy kuzatib borish imkonini beradi;

 

– O‘zbekiston Kengashning Inson mezoni bo‘yicha koordinatori sifatida ta’lim, madaniyat va gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda va kelgusi yili Inson salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha forumni o‘tkazishga tayyor;

 

– O‘zbekiston OHIChKning tashkiliy asoslarini yanada mustahkamlash va uning nizomini takomillashtirish borasidagi ishlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ilgari surilayotgan tashabbuslar o‘zining amaliy ijrosini topishi muhim.

 

Shavkat Mirziyoyev sammit ishtirokchilarini 2027-yilda Toshkentda o‘tkaziladigan Qo‘shilmaslik harakatining yigirmanchi sammitiga ham taklif qildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//