Toshkentda uchta tuman hokimi lavozimidan ozod etildi

Saqlash
13:30 / 15.10.2026 244 0

Toshkentda uchta tuman hokimi boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Gazeta poytaxt hokimligi matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, kadrlar o‘zgarishi quyidagi tumanlarni qamrab oldi:

 

  • Chilonzor tumani — Saidqahhor Xolxo‘jayev;

  • Yashnobod tumani — Baxtiyor Rahmonqulov;

  • Yangihayot tumani — Hayot Inog‘omov.

  •  

Tumanlarning yangi rahbarlari tayinlangani haqida hozircha ma’lumot berilmagan.

 

Saidqahhor Xolxo‘jayev 2022 yil avgustidan buyon — to‘rt yildan ortiq vaqt davomida Chilonzor tumaniga rahbarlik qilib kelayotgan edi. Dastlab u tuman hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. Bunga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, undan oldin esa Markaziy bank raisining o‘rinbosari bo‘lgan.

 

Baxtiyor Rahmonqulov 2020 yil 26 avgustda Yashnobod tumani hokimi etib tayinlangan va bu lavozimda olti yildan ortiq ishlagan. Tayinlovga qadar u Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari — poytaxt Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

 

Hayot Inog‘omov Yangihayot tumani tashkil etilganidan buyon unga rahbarlik qilib kelgan. U 2020 yil 16 noyabrda tuman hokimi etib tasdiqlangan va bu lavozimda qariyb olti yil ishlagan. Bunga qadar Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari — kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//