Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyining ko‘chirilishi yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi

Saqlash
09:01 / 15.10.2026 237 0

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyining ko‘chirilishi, faoliyatining vaqtincha to‘xtatilishi hamda mavjud binosidan kelgusida foydalanish masalalari yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

 

Xabarda yangi bino hali qurib bitkazilmagani, muzey yopilgani va qo‘lyozmalar boshqa joyga ko‘chirilgani sabab ayrim ilmiy izlanishlar to‘xtab qolgani haqida so‘z yuritilgan. Shuningdek, muzey xodimlari muassasaning kelgusi taqdiridan xavotir bildirgani keltirilgan.

 

Fanlar akademiyasining ma’lum qilishicha, muzey fondlarini vaqtincha saqlash joylariga ko‘chirish ishlari nodir manbalarning butligi va xavfsizligini ta’minlash hamda ularni xatlovdan o‘tkazish maqsadida amalga oshirilmoqda.

 

2026-yil 9-iyun kuni muzey fondida saqlangan 847 nomdagi nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus saqlash xonasiga joylashtirilgan. Topshirish-qabul qilish ishlari mas’ul komissiya ishtirokida amalga oshirilgan.

 

Akademiya fondlarni birlamchi xatlovdan o‘tkazish jarayonida dastlabki hisob ma’lumotlari bilan mavjud ashyolar soni o‘rtasida ayrim tafovutlar aniqlanganini ham bildirdi. Jumladan, nodir qo‘lyozmalar soni 831 ta o‘rniga 847 ta, toshbosma nashrlar 1 334 ta o‘rniga 1 491 ta, yozuvchi va shoirlar arxiviga oid materiallar esa 173 ta o‘rniga 189 ta ekani qayd etilgan.

 

Hozirda ushbu tafovutlarning sabablarini aniqlash uchun hisob hujjatlari, inventar kitoblari va fond ro‘yxatlari solishtirilmoqda. Fanlar akademiyasi muzey tashrif buyuruvchilar va tadqiqotchilar uchun vaqtincha yopilganini tasdiqladi. Biroq muassasa xodimlari faoliyatini davom ettirayotgani, fondlarni xatlovdan o‘tkazish va muzey ashyolarini muhofaza qilish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.

 

Shuningdek, Yangi Toshkentda barpo etilishi rejalashtirilgan yangi bino foydalanishga topshirilgach, muzey fondlarini u yerga ko‘chirish va muassasa faoliyatini davom ettirish ko‘zda tutilgan. Muzeyning hozirgi binosidan kelgusida foydalanish masalasi esa tegishli vakolatli tashkilotlar tomonidan belgilangan tartib va qabul qilingan qarorlar asosida hal etilishi bildirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//