Kitobxonlik tanlovida g‘olib bo‘lgan askarlarning xizmat muddati qisqartirilishi mumkin

Saqlash
09:57 / 14.10.2026 191 0

O‘zbekistonda “Ma’naviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovida sovrinli o‘rinlarni egallagan muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini 12 oydan 11 oyga qisqartirish taklif qilinmoqda. Shuningdek, harbiy uchuvchilar bilan yangi kontrakt tuzishning huquqiy asoslarini belgilash ko‘zda tutilgan.

 

Qonun loyihasi harbiy xizmatni tashkil etish va o‘tash tartibini takomillashtirish, harbiy xizmatchilarni rag‘batlantirish hamda malakali uchuvchilarning tajribasidan samarali foydalanishga qaratilgan.

 

Loyiha mualliflariga ko‘ra, kitobxonlik tanlovida sovrinli o‘rinlarni egallagan harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini bir oyga qisqartirish ularning kitob o‘qishga qiziqishini oshirish va ma’naviy-intellektual salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

 

Ta’kidlanishicha, tanlov g‘olibi xizmatni to‘liq 12 oy o‘tash va yakuniy tadbirlarda qatnashishni istashi ham mumkin. Shu sababli xizmat muddatini qisqartirish harbiy xizmatchining arizasi asosida amalga oshirilishini belgilash taklif etildi.

 

Qonun loyihasining yana bir yo‘nalishi harbiy aviatsiya uchun malakali kadrlarni saqlab qolishga qaratilgan.

 

Hujjatda O‘zbekiston va xorijiy oliy harbiy ta’lim muassasalarining uchuvchi mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilari bilan yangi kontrakt tuzishning huquqiy asoslarini belgilash taklif etilmoqda.

 

Qonun loyihasini tayyorlashda xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilgan. Hujjat Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar bilan kelishilgan hamda Adliya vazirligining ijobiy xulosasini olgan.

 

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//