JSST semizlikni davolash bo‘yicha ilk global tavsiyalarini berdi

Saqlash
17:26 / 12.10.2026 467 0

So‘nggi 35 yil ichida dunyoda 5–19 yoshli bolalar va o‘smirlar o‘rtasida semizlik darajasi 4 barobarga oshib, 2 foizdan 8 foizga yetgan, deya ma’lum qildi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti.

 

Aniq raqamlarga qaralsa, 2024-yilda dunyo bo‘yicha 170 million nafar o‘g‘il-qiz shu muammodan aziyat chekkan. Ularning 70 millioni 5–9 yoshli bolalar, 100 millioni esa 10–19 yoshli o‘smirlardir.

 

JSST og‘ir tibbiy va ijtimoiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan surunkali kasallik – semizlikdan ogohlantirmoqda. Xususan, u bolalarda yurak-qon tomir xastaliklari, 2-tur qandli diabet kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar rivojlanishi xavfini oshiradi.

 

Bundan tashqari, semizlikka chalingan bolalar tengdoshlari tomonidan kamsitilishi mumkin. Bu esa ularning ruhiy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

 

Shu munosabat bilan tashkilot bolalar va o‘smirlarda semizlikni davolash bo‘yicha ilk global tavsiyalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, muammoga qarshi kurashishda, avvalo, sog‘lom ovqatlanish, muntazam jismoniy faollik va turmush tarzini o‘zgartirishga alohida e’tibor qaratish zarur.

 

JSST 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarda vazn kamaytirish uchun dori vositalari va jarrohlik amaliyotlaridan foydalanishni tavsiya etmaydi. 10–19 yoshli o‘smirlarda esa mutaxassislar nazoratidagi kompleks dasturlar kutilgan natijani bermagan taqdirdagina, tasdiqlangan dori vositalarini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin.

 

“Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad shunchaki vaznni kamaytirish emas, balki ularning jismoniy va ruhiy salomatligini yaxshilash, sog‘lom rivojlanishi hamda hayot sifatini ta’minlashdan iborat”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//