“Endi u oldinda, men esa ortidan ketyapman” – Abdusattorov Sindarov haqida gapirdi

Saqlash
11:59 / 12.10.2026 274 1

Nodirbek Abdusattorov Javohir Sindarovning iste’dodi, uning muvaffaqiyatlari va bu natijalar o‘ziga qanday ta’sir qilgani haqida so‘zlab berdi.

 

“Biz uning salohiyatini yaxshi bilamiz. Javohir nihoyatda iste’dodli, hatto mendan ham iste’dodliroq. 2021–2022-yillargacha u shaxmatga unchalik ko‘p vaqt ajratmasdi, boshqa ishlar bilan ham shug‘ullanardi”, dedi u.

 

Abdusattorov hamyurtini hatto shaxmat tarixidagi eng iste’dodli besh nafar shaxmatchining bittasi ekanini aytib, yuqori baho berdi.

 

“Menimcha, u shaxmat tarixidagi eng iste’dodli besh shaxmatchidan biri. Kasparov va boshqa buyuk shaxmatchilar qatorida. Iste’dod jihatidan ulardan aslo qolishmaydi. Shunchaki, u uzoq vaqt o‘z salohiyatini to‘liq namoyon eta olmadi va biroz soyada qolib ketdi”, dedi Abdusattorov.

 

Nodirbek, shuningdek, Sindarovning muvaffaqiyatlari unga ham katta turtki berganini ta’kidladi.

 

“2022-yilda men birinchi bo‘lib 2700 reyting marrasidan o‘tdim. 2025-yilgacha reyting bo‘yicha kuchli shaxmatchilar qatorida edim. Lekin Nomzodlar turniriga chiqa olmadim. Avvaliga yoshligim, keyinchalik tajribam yetishmagani bunga to‘sqinlik qildi.

 

Ko‘p yillar davomida men Javohirdan bir qadam oldinda edim. Endi esa u mendan o‘zib ketdi va bu marraga birinchi bo‘lib erishdi.

 

Uning ketma-ket g‘alabalari menga ikkinchi nafas berdi. Javohir buning uddasidan chiqish mumkinligini ko‘rsatdi, yo‘l ochib berdi va o‘zimga bo‘lgan ishonchimni oshirdi.

 

Endi u oldinda, men esa uning ortidan ketyapman”, dedi Nodirbek Abdusattorov.

 

1 Izoh

Comrade

21:10 / 12.10.2026

Shaxmat taxtasiz, miyasida o'уnaydiganlar nechta dunyoda? Javohir shularni ichida borligi aniq

Izoh qoldirish

//