“Yangi Toshkent faqat yangi uy-joy quriladigan hudud emas” – Prezident

Saqlash
10:21 / 12.10.2026 167 0

Ayni vaqtda davlat rahbari Yangi Toshkentda yirik loyihalarni amalga oshirayotgan investor va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

 

Rejaga ko‘ra, hudud zamonaviy biznes, ta’lim, tibbiyot, turizm va xizmat ko‘rsatishni o‘ziga jalb etadigan mustaqil iqtisodiy markazga aylanishi kerak. Lekin hozirgacha ajratilgan yerlarning uchdan ikki qismi uy-joy loyihalariga to‘g‘ri kelmoqda.

 

“Yangi Toshkent faqat yangi uy-joy quriladigan hudud emas”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Xabarga ko‘ra, investorlarga berilgan 28 ta lotda faol qurilish boshlanmagan. Prezident buni sarmoyadorlarda mablag‘ yoki xohish yo‘qligi bilan izohlash to‘g‘ri emasligini aytdi. Ta’kidlanishicha, eskicha talablar, cho‘ziladigan ruxsat jarayonlari va ayrim idoralarning hamkor o‘rniga nazoratchi sifatida ish tutishi loyihalarga to‘siq bo‘lmoqda.

 

“Investor esa kutmaydi. U ko‘mak va kafolat sezmasa, mablag‘ini boshqa bozorga yo‘naltiradi”, dedi mamlakat yetakchisi.

 

Shu bois, tadbirkorga yer ajratishdan tortib, loyihani ishga tushirishgacha bo‘lgan jarayon qayta ko‘rib chiqilishi zarurligi aytildi.

 

Ma’lumot uchun, hozirda Yangi Toshkentda yerga talab ortib bormoqda. Bir gektarning o‘rtacha qiymati 2024-yilda 10 milliard so‘mga yetmagan bo‘lsa, ayni paytda 19 milliard so‘mga chiqqan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//