Sherobodda bronza davriga oid yosh bola qabri topildi

Saqlash
10:07 / 12.10.2026 3478 0

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida joylashgan Jarqo‘ton yodgorligida navbatdagi arxeologik tadqiqotlar boshlandi.

 

Joriy yilning sentyabr oyida boshlangan qazishmalar bronza davri aholisining turmush tarzi, qurilish va dafn an’analarini o‘rganishga qaratilgan.

 

 

Dastlabki qazishmalar Jarqo‘ton yodgorligining 4-sonli tepaligida, ibodatxonaning shimoliy qismida hamda 3-sonli qabristonning g‘arbiy hududida olib borilmoqda.

 

Xabarga ko‘ra, 4-sonli tepalikda qadimgi turar joy xonalarining devor qoldiqlari, xom g‘ishtdan qurilgan inshootlar va diametri 70 santimetr bo‘lgan otashgoh aniqlangan.

 

“Ushbu topilmalar qadimgi qurilish an’analari va turar joylarning tuzilishini o‘rganish uchun muhim ma’lumotlar beradi. Xona ichida otashgohning topilishi Jarqo‘ton bosqichida ayrim oilalarning turar joylarida sig‘inish marosimlari uchun alohida xonalar bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi”, deyiladi xabarda.

 

Shuningdek, 3-sonli qabristonning g‘arbiy qismidagi qabrlardan birida to‘rtta butun sopol idish topilgan. Ularning shakli va tayyorlash xususiyatlarini o‘rganish qabrning davrini aniqlash hamda aholining dafn an’analariga oid ma’lumotlarni to‘ldirishga xizmat qiladi.

 

 

Yodgorlikning asosiy hududidan tashqarida o‘tkazilgan shurflash ishlari davomida esa yosh bola qabri, Sopolli madaniyatining Jarqo‘ton bosqichiga oid xo‘jalik o‘rasi va aylana shaklidagi ikkita kul o‘rasi qayd etilgan. Bu topilmalar tadqiq etilgan mazkur maydon ham yodgorlikning tarkibiy qismi bo‘lganligidan dalolat beradi.

 

“Tadqiqotlarning dastlabki natijalari Jarqo‘tonning hududiy tuzilishi, qadimgi aholining turmush tarzi, e’tiqodiy qarashlari va dafn marosimlarini yanada chuqurroq o‘rganish imkonini bermoqda. Aniqlangan topilmalarni qiyosiy tahlil qilish va qazishma ishlari davom ettirilmoqda”, deyiladi xabarda.

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//