FA Astronomiya institutida osmon jismlariga oid 15 mingta surat saqlanmoqda

Saqlash
06:51 / 10.10.2026 517 0

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya institutida yoshlar hamda OAV vakillari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

 

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh avlodda astrofizika, koinotni tadqiq etish va zamonaviy texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishni oshirish, shuningdek, astronomiya sohasida erishilayotgan ilmiy natijalarni keng jamoatchilikka atroflicha yetkazishdir.

 

Muloqot avvalida “Koinot manzaralari” foto-ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda institutda qariyb 100 yil davomida tasvirga olingan 15 mingta fotografik plastinkalar yig‘ilgan bo‘lib, mazkur tasvirlar Toshkentdagi va Kitob tumanidagi astrograflar yordamida suratga tushirilgan.

 

 

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning astronomiya sohasida ham raqamlashtirish jarayoni ketmoqda. Aslida bu bo‘yicha loyihalar ancha oldin boshlangan. Jumladan, 2018-yilda Xitoyning Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan konferensiyada xitoylik olimlar bilan hamkorlik qilish taklifi ko‘tarilgan. O‘sha vaqtda 400 ming dollarlik skaner qurilmasini ishga tushirgan Shanxay astronomik observatoriyasi olimlari o‘zlaridan jamlangan 30 mingta fotografik plastinkalarni raqamlashtirish ishlarini olib borayotgan edi. Muloqotda o‘zbekistonlik olimlar tomonidan institut ham mazkur qurilmadan foydalangan holda o‘z laboratoriyasidagi 15 mingta plastinkani raqamlashtirishi taklifi aytilgan.

 

“Bizning institutimiz dunyodagi barcha fotografiya arxivlari ichida birinchilardan bo‘lib plastinkalarni jo‘natdi. Xitoy tomoni esa disklardan olingan ma’lumotlarni qaytarib jo‘natishdi. Biz ularni o‘zimizning maxsus serverlarimizda saqlayapmiz. Hozirda ularni qayta ishlash bo‘yicha amaliyotlar ketmoqda”, deydi institut mutaxassisi.

 

 

Endilikda institutga virtual observatoriya kerak. Ushbu jarayonda institut barcha ma’lumotlarni taqdim etadi. Bu esa kelgusida O‘zbekiston hududida 100 yil davomida tasvirga olingan suratlarni omma ham ko‘rishiga imkon yaratadi.

 

 

 

Ko‘rgazmadan so‘ng taniqli olimlar va astrofiziklar bilan uchrashuv tashkil qilindi. Unda koinot, sayyoralar, yulduzlar va kosmik tadqiqotlar haqida qiziqarli ma’lumotlar aytildi.

 

Suhbatda yoshlar tomonidan bir qator savollar berildi. Xususan, maktab yoshidanoq bolani astronomiyaga qanday qiziqtirish kerakligi, bu sohaga yo‘l qayerdan boshlanishi, ilmiy izlanishda institut qanday yordam bera olishi kabi savollar o‘rtaga tashlandi. Mutaxassis va olimlar barcha savollarga javoblar berib, institut sohaga qiziquvchilar uchun hamisha ochiq bo‘lishini aytishdi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//