Shavkat Mirziyoyevga FAO’ning Agricola medali topshirildi

Saqlash
17:34 / 06.10.2026 285 0

Shavkat Mirziyoyevga BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) oliy mukofoti – Agricola medali topshirildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Qayd qilinishicha, davlat rahbari 6-oktyabr kuni FAO bosh direktori Syuy Dunyuyni qabul qildi. Tashkilot rahbari Butunjahon paxta kuniga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya hamda dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning agrar va oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan ikkinchi forumda ishtirok etish uchun O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

 

Suhbat davomida O‘zbekiston bilan BMTning mazkur nufuzli tuzilmasi o‘rtasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha strategik sheriklikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Yangi hamkorlik dasturini samarali amalga oshirish, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va sohaga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, iqlim moliyasi mablag‘larini jalb qilish, tajriba almashish hamda mutaxassislar tayyorlash kabi yo‘nalishlarda istiqbolli qo‘shma loyihalar portfelini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.

 

 

Muloqot yakunida Syuy Dunyuy O‘zbekiston prezidentining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirish sohalaridagi tashabbuslari va erishgan yutuqlarining yuksak e’tirofi sifatida davlat rahbariga FAOning oliy mukofoti — Agricola medalini topshirdi.

 

BMTning FAO tashkiloti tomonidan 1977-yilda ta’sis etilgan Agricola medali ochlikka barham berish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash kabi umuminsoniy maqsadlarga erishish yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan hamda amaliy choralarni amalga oshirgan atoqli arboblarga beriladi.

 

O‘zbekiston ilk bor 2028-yildan 2029-yilgacha bo‘lgan davr uchun FAO Kengashi tarkibiga saylandi. Ertaga Toshkentda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar uchun Agroinnovatsiyalar xabi ishga tushiriladi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//