Samara–Toshkent reysida bort kuzatuvchining o‘zbekcha gapirishini talab qilgan yo‘lovchi samolyotdan tushirib yuborildi

Saqlash
16:47 / 06.10.2026 13276 0

5-oktabr kuni komil_vlogs blogeri o‘zbek tilida gaplashishni so‘raganidan keyin Samara—Toshkent reysiga qo‘yilmagan edi. Bu haqdagi murojaatga Centrum Air kompaniyasi matbuot xizmati izoh berdi.

 

“Centrum Air — ko‘p millatli O‘zbekistonda tashkil etilgan va rivojlanayotgan aviakompaniya. Barcha bort kuzatuvchilarimiz o‘zbek, rus va ingliz tillarini biladi hamda yo‘lovchilar bilan ular uchun qulay tilda muloqot qiladi”, deyiladi xabarda.

 

Aviakompaniya ta’kidlashicha, yo‘lovchi “bort kuzatuvchisiga nisbatan tajovuzkor munosabatda bo‘lgan: qo‘pol tarzda talablar qo‘ygan, xodimni haqorat qilgan va yo‘lovchilar samolyotga chiqarilayotgan vaqtda uning ishiga xalaqit bergan”.

 

Aytilishicha, bunday xatti-harakatlar bortdagi xavfsizlik va tartibga tahdid solishi mumkinligi sababli havo kemasi komandiri yo‘lovchini parvozga qo‘ymagan. Xabarda qaror to‘liq asosli deb hisoblanishi ta’kidlangan.

 

“Hodisaning barcha tafsilotlari hujjatlashtirilgan. Aviaompaniya ushbu fuqaroning xatti-harakatlari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda”, deya qo‘shimcha qildi aviakompaniya.

 

Keyinroq bloger Moskvaga chipta sotib olganini, u yerdan Toshkent yoki Samarqandga uchib kelishini ma’lum qildi. U Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilishini, vataniga qaytgach esa adolat qaror topishi uchun harakat qilishini aytdi.

 

Erkak Centrum Air’ning bort kuzatuvchi yigitlari xushmuomala, bort kuzatuvchi ayollari esa “qo‘pol va musor” ekanini aytgan. Ayrim o‘quvchilar aviakompaniya xodimiga nisbatan haqoratli izohlar qoldirgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//