Xorijda Abdulla Qodiriy ijodiga bag‘ishlangan maqola chop etildi

Saqlash
14:56 / 05.10.2026 186 0

Saudiya Arabistonida nashr qilinadigan “Fikr” madaniy jurnalining 48-sonida “Abdulla Qodiriy: arab olamida yangramagan O‘zbekiston ovozi” nomli maqola chop etildi.

 

Maqola muallifi – Muhammadrizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindori Said Mahmud Said Mubashir.

 

Xabarga ko‘ra, materialda Qodiriy o‘zbek zamonaviy romanchiligining asoschilaridan biri, murakkab tarixiy davrda jamiyat dardlari va muammolarini o‘z asarlarida aks ettirgan adib sifatida tasvirlanib, uning jadidlar harakati g‘oyalari ta’sirida shakllangani, bu harakat ta’limni isloh qilish, dunyoviy fanlarni joriy etish, matbuot, tarjima va teatrni rivojlantirishga da’vat etgani haqida so‘z yuritilgan.

 

“O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlari Abdulla Qodiriyning o‘zbek zamonaviy romanchiligi tarixidagi yuksak mavqeini mustahkamlagan asarlar sifatida qayd etilgan.

 

Jumladan, “Mehrobdan chayon” oddiy muhabbat qissasi sifatida emas, balki Qo‘qon xonligining so‘nggi davridagi siyosiy va ijtimoiy hayotni aks ettiruvchi muhim badiiy asar sifatida talqin qilingan.

 

Asarda tarixiy voqealar, ijtimoiy tanqid va badiiy xayol uyg‘unlashgani, aynan shu jihat romanning ham adabiy, ham tarixiy qiymatini oshirgani ta’kidlangan.

 

Shu bilan birga, maqolada Qodiriyning “Katta qatag‘on” davridagi fojiali taqdiri, hibsga olinishi va 1938-yilda qatl etilishi, shuningdek, bu qatag‘on o‘zbek adabiyoti va tafakkurining ko‘plab namoyandalariga ham zarba bergani yoritilgan.

 

Said Mubashirning muhim g‘oyalaridan biri shuki, Abdulla Qodiriyning ahamiyati faqat buyuk romannavis bo‘lganida emas, balki Markaziy Osiyoda eski dunyoning yemirilishi va yangi dunyoning shakllanishiga adabiy guvoh bo‘lganidadir.

 

Ma’lumot uchun, “Mehrobdan chayon” asarining arab tiliga qilingan tarjimasi 2024-yilda Ar-Riyodda nashr etilgan va 2025-yilda O‘zbekistonda ijodiy tarjima yo‘nalishida Muhammadrizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotga sazovor bo‘lgan.

 

Maqola o‘zbek adabiyoti arab madaniy muhiti uchun hanuz deyarli noma’lum ekanini, Abdulla Qodiriy asarlari esa arab kitobxoniga bu boy adabiy olamni kashf etish uchun muhim kirish nuqtasi bo‘la olishini ta’kidlash bilan yakunlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//