B2 sertifikati yo‘q chet tili o‘qituvchilari ishdan olinmaydi – vazirlik

Saqlash
11:43 / 30.09.2026 215 0

Oldinroq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan loyihada tegishli sertifikatga ega bo‘lmagan pedagog xodimlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish nazarda tutilgan edi.

 

Endilikda bu taklif amaliyotga tatbiq qilinmaydi, ya’ni ayni vaqtda kamida B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari maktablarda ishlashni davom ettirishlari mumkin bo‘ladi. Bu Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ko‘rsatma xatida keltirib o‘tilgan.

 

Xat yozilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi “Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 312-son qarorining 9-bandiga muvofiq, 2025/2026-o‘quv yiliga qadar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi belgilangan.

 

Vazirlik tomonidan ushbu qarorga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida normativ-huquqiy-hujjat loyihasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilgan.

 

Jamoatchilik muhokamasi yakunlariga ko‘ra normativ-huquqiy hujjat loyihasi manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan o‘rganilib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritilgan.

 

“Yuqoridagilarni inobatga olib, ayni vaqtda talab darajasidagi tegishli sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘z mehnat faoliyatini davom ettirishlari mumkin”, deyiladi xatda.

 

Ishlab chiqilgan normativ-huquqiy-hujjat loyihasi bo‘yicha belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinganidan so‘ng mazkur masala yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//