O‘zbekistonni dunyo shaxmat markaziga aylantiramiz — Prezident

Saqlash
18:13 / 29.09.2026 198 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashuv davomida g‘olib va ishtirokchilarni taqdirladi.

 

“Yangi O‘zbekistonni nafaqat Olimpiada chempioni, balki dunyo shaxmat markaziga aylantiramiz”, dedi Prezident.

 

Davlat rahbari buning uchun mamlakatda natija, tajriba va yoshlarga namuna bo‘ladigan chempionlar borligini ta’kidladi.

 

Shaxmatchilarning Olimpiadadagi har bir g‘alabasi va yurishini yurtimizda millionlab bolalar kuzatdi. Prezident ulardan ilhomlangan yana minglab yoshlar shaxmat taxtasi oldiga o‘tirganiga ishonch bildirdi.

 

“Sizlar endi faqat sportchi emassizlar. Sizlar Yangi O‘zbekiston yoshlari uchun aql, bilim, sabr, intizom va g‘alabaga ishonch timsolisizlar”, dedi davlat rahbari chempionlarga murojaat qilib.

 

Shu bois, har bir viloyat, tuman va mahallada iqtidorli bolalarni erta aniqlash, ularni kuchli ustozlarga biriktirish va xalqaro turnirlarda muntazam qatnashishiga sharoit yaratish zarurligi ta’kidlandi. Qizlar shaxmati va parashaxmatni rivojlantirish bo‘yicha alohida tizim tashkil etiladi.

 

Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.

 

FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

 

Mamlakatda “O‘zbekiston Grand chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtida bellashish imkonini beradi.

 

Prezident Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.

 

Prezident shaxmat va parashaxmat olimpiadalarining g‘olib va sovrindorlari hamda ularning murabbiylarini rag‘batlantirish bo‘yicha qaror qabul qilganini ma’lum qildi. Unga muvofiq, chempionlar Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidov uy-joy va avtomobil bilan taqdirlanadi.

 

Parashaxmatchilar Ahadxon Kimsanboyev, Marsel Shoyusupov, Sardorbek Mamarajabov, Selbi Kakishova va Sirojiddin Zayniddinovga ham uy-joy va avtomobil beriladi. Terma jamoalar bosh murabbiylari Rustam Qosimjonov va Samandar Shermuxammadov avtomobil bilan mukofotlanadi.

 

Olimpiada chempioni bo‘lgan har bir shaxmatchi 200 ming dollar, ularning murabbiylari 50 ming dollar miqdorida pul mukofoti oladi. Bronza medalini qo‘lga kiritgan har bir parashaxmatchiga 50 ming dollar, ularning murabbiylariga 12 ming 500 dollardan beriladi.

 

“Shaxmatchi va parashaxmatchilarimiz bugunning o‘zida yangi mashinalarini haydab, yangi uylariga kirib borishadi”, dedi davlat rahbari.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//