Jamiyat
Ayni damda Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Davlat rahbari shaxmatchilarni 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi tarixiy g‘alaba bilan yana bir bor tabrikladi.
“Ikki karra Olimpiada chempioni degan yuksak va sharafli unvon barchamizga, butun O‘zbekiston xalqiga muborak bo‘lsin!”, dedi Prezident.
Samarqanddagi Olimpiada oddiy sport musobaqasi bo‘lmagani ta’kidlandi. Unda 200 dan ortiq mamlakatdan qariyb 2 ming shaxmatchi, jumladan, kuchli grossmeysterlar va amaldagi chempionlar jam bo‘ldi.
.png)
Ta’kidlanishicha, olimpiadani bevosita kuzatish uchun Samarqandga 60 mingdan ortiq mehmon keldi; hududlardagi fan-zonalarda qariyb 500 ming muxlis, teleekran va internet orqali esa millionlab vatandoshlar o‘yinlarni kuzatdi.
Prezident o‘zi ham hal qiluvchi partiyalarni katta qiziqish bilan ko‘rganini aytdi: “Ba’zi partiyalarda sizlar nafaqat raqiblaringizni, balki bizni ham kuchli hayajonda ushlab turdingizlar”.
Davlat rahbari amaldagi Olimpiada chempioni Hindiston terma jamoasi bilan uchrashuvga alohida to‘xtaldi. Nodirbek Yoqubboyevning Nihal Saringa qarshi partiyasida vaziyat bir payt juda og‘irlashganini esladi.
.png)
Prezident Nodirbek Abdusattorov butun musobaqani mag‘lubiyatsiz o‘tkazib, birinchi taxtada oltin medalni qo‘lga kiritganini e’tirof etdi. Uning amerikalik Fabiano Karuanaga qarshi murakkab endshpildagi g‘alabasi ham alohida esga olindi: “Buning o‘zi alohida katta natija!”.
Davlat rahbari Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada Javohir yana sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatdi, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmadi.
“Endi oldingda yana bir ulkan marra – jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!”, dedi Prezident.
.png)
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dehtiarovni qora donalarda mag‘lub etib, jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Mamlakat yetakchisi uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. Xususan, u amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
“Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor”, dedi Prezident.
Shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirildi.
“Bizda 2-3 nafar shaxmatchi emas, balki butun boshli kuchli avlod bor desak, bu ham haqiqat” dedi Prezident hamda bu avlod va uning ortidan kelayotgan yoshlar jahon shaxmatida hali ko‘plab yutuqlarga erishishiga ishonch bildirdi.
Afruza Hamdamova, Gulruxbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Nilufar Imomqo‘ziyeva, Guldona Karimova va boshqa shaxmatchi qizlarning mehnati alohida e’tirof etildi.
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
113607
Jamiyat
96399
Jamiyat
93946
Jamiyat
77929
Jamiyat
//
Izoh yo‘q