Senator Qodirxonova Bosh vazir Aripovga senatorlik so‘rovi yubordi

Saqlash
15:12 / 29.09.2026 376 0

Oliy Majlis Senati a’zosi Malika Qodirxonova O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovga bolalarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari ijrosi yuzasidan senator so‘rovi yubordi.

 

Mamlakatda voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan sohalarga zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning kirib kelishini oldini olish bo‘yicha aniq huquqiy mexanizmlar belgilangan. Jumladan, 2023-yil 11-apreldagi tegishli Qonun hamda Prezidentning 2026-yil 3-martdagi PF-33-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da ta’lim, tarbiya, sport va sog‘lomlashtirish muassasalarida bolalar bilan bevosita ishlash taqiqlangan shaxslarning maxsus reyestrini shakllantirish, yuritish hamda ushbu ma’lumotlardan tashkilotlar foydalanishini ta’minlash vazifalari yuklatilgan.

 

Biroq bugungi kunda mazkur talablarning amaliy ijrosi, reyestrdagi ma’lumotlardan foydalanish darajasi va ta’lim hamda boshqa tashkilotlarda tegishli nazorat mexanizmlarining qo‘llanilishi bo‘yicha qator mantiqiy savollar va muammolar saqlanib qolmoqda.

 

Shu munosabat bilan so‘rovda sog‘liqqa, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarga oid maxsus reyestrning holati va undan amaliyotda foydalanish darajasi, voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan davlat organlari va tashkilotlar tomonidan reyestrga oid ma’lumotlarni olish uchun yuborilgan so‘rovlar soni va natijalari, shuningdek, reyestrga kiritilgan shaxslarning mehnat faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ma’lumot berish so‘ralgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//