Oʻzbekistonning yozgi Osiyo oʻyinlaridagi oltin medallari soni toʻrttaga yetdi

Saqlash
15:47 / 24.09.2026 160 0

Aichi-Nagoya 2026 yozgi Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi hisobiga yana ikkita oltin medal qoʻshildi. Akademik eshkak eshish va oʻq otish bahslarida oʻzbekistonlik sportchilar gʻalabaga erishdi.

 

Akademik eshkak eshishning yengil vaznli sportchilar juftligi – LM2x dasturida ishtirok etgan Shahzod Nurmatov va Sobirjon Safaraliyev marraga birinchi boʻlib yetib kelib, oltin medalni qoʻlga kiritdi.

 

Ular 2000 metrlik marraga 6 daqiqa 19.94 soniyada yetib keldi. Milliy olimpiya qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, ikki sportchi joriy yilda jahon chempionatida ham gʻalaba qozongan.

 

Oʻq otish boʻyicha 10 metr masofaga pnevmatik toʻpponchadan otish dasturida qatnashgan Vladimir Svechnikov ham oltin medalga sazovor boʻldi.

 

MOQ xabariga koʻra, bu Oʻzbekistonning oʻq otish sporti yoʻnalishlarida Osiyo oʻyinlaridagi 32 yillik tanaffusdan keyingi ilk oltin medali boʻldi. Svechnikov finalda 244,3 ochko jamgʻarib, Osiyo oʻyinlari rekordini ham yangiladi.

 

Shu tariqa, Oʻzbekiston hisobida oltinlar soni 4 taga yetdi. Avvalgi ikki oltinni eshkak eshish boʻyicha Shohsanam Sherzodova va karate boʻyicha Abdulvaxob Rashidov qoʻlga kiritgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//