Jamiyat
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “Aholi farovonligini ta’minlash va pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasi joylandi.
Unda yozilishicha, 2027-yil 1-yanvardan boshlab pensiyani hisoblab chiqarish uchun inobatga olinadigan oxirgi mehnat faoliyati davomidagi besh yillik ish haqi davri har yili bir yilga oshirib borilgan holda yigirma yillikdagi ish haqi davriga yetkaziladi.
Bunda pensiya tayinlashda o‘rtacha ish haqini aniqlashda fuqaroning eng past daromadli davrining 10 foizini pensiya hisob-kitobidan chiqarib tashlash tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, ushbu sanadan yoshga doir pensiya tayinlash uchun belgilangan kamida 7 yil ish staji har yili bir yilga bosqichma-bosqich oshirilgan holda 2034-yilda 15 yilga yetkaziladi.
Mazkur jarayonda kam ish stajiga ega shaxslarning umumiy pensiya yoshidan 5 yil o‘tgach yoshga doir nafaqa olish huquqi saqlanadi.
Hujjatda keltirilishicha, agar fuqaro yuqori maosh olayotgan bo‘lsa va pensiyaga kechroq chiqsa, hisoblash uchun olinadigan maksimal maosh chegarasi oshiriladi (12 baravardan 15 baravargacha). Bu nafaqaga kechroq chiqqanlarga yuqoriroq pensiya va’da qiladi.
Bundan tashqari, jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi kuchaytiriladi. Jumladan:
▪️ O‘rtacha oylik ish haqisi pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravaridan kam bo‘lgan fuqarolar o‘z ixtiyoriga ko‘ra pensiya hisobvarag‘iga oyligining 5 foizini o‘tkazsa, davlat unga qo‘shimcha 50 foizgacha mablag‘ qo‘shib beradi (rag‘batlantirish uchun);
▪️ Oylikning pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravaridan yuqori bo‘lgan qismidan 1 foizi miqdoridagi mablag‘ ijtimoiy soliq hisobidan fuqaroning jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga to‘lab beriladi va ushbu miqdor 2033-yildan 2 foiz hamda 2040-yildan 3 foizga yetkaziladi;
▪️ Fuqarolarga jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi mablag‘larni investitsiya va moliyaviy vositalarga joylashtirishda ishtirok etish imkoniyati beriladi;
▪️ Investitsiya va moliyaviy vositalarga joylashtirishdan olinadigan yillik daromad fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi mablag‘lariga qo‘shib boriladi;
2030-yil 1-yanvardan boshlab esa fuqarolar og‘ir kasallikka chalinganda davolanishda hamda ipoteka kreditiga boshlang‘ich to‘lov qilishda jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi mablag‘lardan foydalanish huquqi beriladi.
Farmonga ko‘ra, yangi yildan fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi AT Xalq bankidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tasarrufiga o‘tkaziladi.
Farmonda yozilishicha, aholini rasmiy mehnat faoliyatiga jalb qilish orqali ijtimoiy himoyasini ta’minlash va keksalikda kambag‘allikdan himoya qilish maqsadida 2027-yil 1-yanvardan quyidagilar amalga oshiriladi:
▪️ o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning kelgusida pensiya ta’minoti hamda davlat ijtimoiy sug‘urtasidan foydalanishini kafolatlash maqsadida ijtimoiy soliqni qat’iy belgilangan tartibda to‘lash tizimi joriy etiladi. Bunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ijtimoiy soliqni yil davomida bo‘lib to‘lash huquqi beriladi;
▪️ o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan to‘langan ijtimoiy soliqning 10 foiz qismi Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga yo‘naltirilib, o‘rnatilgan tartibda homiladorlik va tug‘ish nafaqasi hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi davlat ijtimoiy sug‘urtasi hisobidan to‘lab beriladi;
▪️ 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklarga o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qisqartirilgan ish vaqti joriy etiladi;
▪️ kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlashda oila a’zolarining maqomini belgilashda 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklardan rasmiy daromad talab etilmaydi.
Farmonda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligining quyidagi takliflariga rozilik berilgan:
▪️ 2027-yil 1-yanvardan boshlab umumiy belgilangan pensiya yoshini bir yilga qisqartirilgan holda pensiya tayinlash tartibini bekor qilish;
▪️ 2028-yil 1-yanvardan boshlab pensiya yoshini har yili 3 oyga oshirib borgan holda 2039-yilda erkaklar uchun 63 yoshga va ayollar uchun 58 yoshga yetkazish.
Pensiya yoshini oshirish davrida pensiyaoldi yoshidagi fuqarolarga quyidagilar kafolatlanadi:
▪️ pensiyaoldi yoshini vaj qilgan holda ishdan bo‘shatish yoki ishga qabul qilishdan bosh tortishga yo‘l qo‘yilmaydi;
▪️ ishsiz deb e’tirof etilgan fuqarolarga 2 yil avval muddatdan oldin pensiyaga chiqish huquqi saqlanadi;
▪️ yerosti ishlarida, mehnat sharoiti zararli va og‘ir ishlarda mehnat to‘liq ish kuni davomida band bo‘lgan erkaklarga 50-55 yosh hamda ayollarga 45-50 yoshdan qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli pensiyaga chiqish huquqi saqlanadi;
▪️ pensiya oluvchilarga tatbiq etiladigan soliq, transport va sog‘liqni saqlash imtiyozlari saqlab qolinadi;
▪️ erkaklarga 60 yoshdan va ayollarga 55 yoshdan jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘larini olish huquqi beriladi.
Madaniyat
Jamiyat
Ilm-fan
Ilm-fan
Jahon
Jamiyat
113217
Jamiyat
95914
Jamiyat
93066
Jamiyat
77150
Jamiyat
//
Izoh yo‘q