Bolaning uyqu rejimini qanday to‘g‘rilasa bo‘ladi?

Saqlash
16:07 / 15.09.2026 186 0

Mana, o‘quv yili ham boshlandi. Endilikda bolalar maktabga borish uchun erta turishga odatlanishi kerak bo‘ladi. Chunki ta’til davomida uyqu rejimi buzilgan bo‘ladi. Oqibatda, erta turishga qayta o‘rganish oson kechmaydi.

 

AQShdagi Milliy bolalar kasalxonasi pediatri Gabrina Diksonning fikricha, yaxshi uyqu o‘quvchilarga darslarni va kundalik vazifalarni yaxshiroq bajarishga yordam beradi.

 

Xo‘sh, yaxshi uyqu me’yori qancha? Bu yoshga qarab farq qiladi. Masalan, maktabgacha yoshdagi bolalar kuniga 13 soatgacha, 6–12 yoshdagilar 9–12 soatgacha, o‘smirlar 8–10 soatgacha uxlashi zarur.

 

“Bunday rejimga qanday o‘tish kerak?” degan savolga esa mutaxassislar “Har kuni oldingi kunga nisbatan 15–30 daqiqa ertaroq yotish kerak” deya javob beradi. Bu amaliyot tanani asta-sekin yangi rejimga o‘rgatar ekan.

 

Uxlashdan oldin quyidagilarni bajarish tavsiya etiladi:

▪️ Og‘ir (yog‘li, to‘yimli) ovqatlar yemaslik;

▪️ Uxlashdan 2 soat oldin televizor va gadjetlardan voz kechish (buning o‘rniga bola kitob o‘qishi yoki dush qabul qilishi mumkin);

▪️ Miyani qiynamaslik.

 

Ta’kidlanishicha, ertalabki yorug‘lik miyani faollikka undaydi. Shuning uchun ham mutaxassislar uyqudan uyg‘ongan bola deraza oldida o‘tirishi yoki tashqariga chiqishini tavsiya qiladi.

 

Xabarda yozilishicha, ba’zi ota-onalar bolaning o‘ziga xos xususiyatlarini ham hisobga olish kerak, deb hisoblashadi. Misol uchun, agar bola kitob o‘qish uchun uxlashni kechroqqa qoldirishni so‘rasa, bunga ruxsat berish ham foydali ekan. Bu orqali bola o‘z ehtiyojini himoya qilishni o‘rganadi.

 

Bola hatto kech yotib, ertalab o‘zini yomon his qilib uyg‘onsa, bu ham foydali tajriba bo‘lishi mumkin.

 

Ba’zan bola vaqtida yotsa ham, birinchi dars kuni oldidan hayajon tufayli uxlay olmaydi. Mutaxassis bunday holatda ota-onalarga bola bilan gaplashib, uni aynan nima tashvishlantirayotganini bilishni maslahat beradi. Iloji bo‘lsa, stress keltiruvchi narsani oldindan bajarib qo‘yish kerakligi aytiladi. Bunga maktabga borib kelish yoki “ochiq eshiklar kuni”da sinfdoshlar bilan tanishish kabilar misol bo‘lishi mumkin.

 

Xullas, ota-onalar va bolalar o‘quv yili boshida yangi tartibga oldindan to‘liq tayyorlana olmaydi. Odatda bolalar vaqt o‘tishi bilan yangi rejimga moslashadi. Shu sababli mutaxassislar ota-onalarga qo‘lidan kelganini qilishni maslahat berishadi. Chunki yangi tartibga ko‘pincha nafaqat bolalar, balki ota-onalarning o‘zi ham asta-sekin o‘rganib boradi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//