Ikki sabab bilan nikoh yoshiga yetmagan holda oila qurishga ruxsat berilishi mumkin

Saqlash
15:47 / 11.09.2026 391 0

Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova 11-sentyabrdagi Senat majlisida O‘zbekistonda Oila kodeksining 15-moddasiga o‘zgartirish kiritishga oid qonun loyihasi ishlab chiqilganini maʼlum qildi. 

 

Uning aytishicha, hujjat Prezident administratsiyasiga kiritilgan. Qonun asosida faqatgina ikkita uzrli sabab bilan nikoh yoshiga yetmagan holda oila qurishga ruxsat beriladi. Ya’ni, hujjat bilan faqatgina homiladorlik va bola tug‘ilgan hollarda nikohga kirishishni xohlovchilar iltimosiga ko‘ra, tuman yoki shahar hokimining nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirish mumkinligi aniq belgilab qo‘yilmoqda.

 

Majlisda Dilnoza Kattaxonova Senat hududlarda uzrli sabablar bahonasida erta nikohga yo‘l qo‘yilayotgani haqida hukumatga tavsiya berganini eslatdi.

 

 

Yangi tartib bilan faqatgina yuqorida aytilgan ikki holatda nikoh yoshini tushirish mumkin bo‘ladi. “Adliya +” va “Myadliya.uz” platformalari orqali nikohga onlayn ariza berishda 18 yoshga to‘lmagan shaxsga avtomatik cheklov o‘rnatilgan. Faqatgina hokim qarori kiritilgandan keyingina 18 yoshga to‘lmaganlar nikohga ariza topshirishi kerak bo‘ladi, dedi Bosh vazir o‘rinbosari.

 

Dilnoza Kattaxonova so‘zi davomida amaldagi qonunchilikda erta nikoh qurganlar, ularning ota-onalari va nikoh o‘qigan diniy soha vakillariga jazo choralari belgilangani, yangi qonun loyihasida erta nikoh sababchilariga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish nazarda tutilayotganini aytdi.

 

“Birinchi marta erta nikoh qurishni targ‘ib qilganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida jarima qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda”, dedi qo‘mita raisi.

 

Majlisda joriy yilning o‘tgan davrida respublika bo‘yicha xotin-qizlar faollari xabarlari asosida 348 ta erta nikohning oldi olingani aytildi.

 

Maʼlumot uchun, amaldagi Oila kodeksining 15-moddasida bir necha uzrli hollarda nikoh yoshini bir yilgacha qisqartirish mumkinligi belgilangan.

 

“Nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun o‘n sakkiz yosh etib belgilanadi. Uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin”, deyiladi moddada.

 

Endilikda mazkur moddaning “voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinishi (emansipatsiya)” deyilgan qismi kodeksdan olib tashlanishi kutilmoqda. 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//