O‘zbekiston merganlari Janubiy Koreyada o‘tkazilgan xalqaro musobaqada ikkinchi bor g‘olib bo‘ldi

Saqlash
14:41 / 11.09.2026 154 0

Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi.


 
Joriy yilning 3-10-sentyabr kunlari Koreyaning Gyeonggi provinsiyasi Gvangju shahrida Koreya armiyasi Maxsus operatsiya kuchlari qo‘mondonligi tomonidan tashkil etilgan “III Xalqaro merganlar musobaqasi” da O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining merganlar terma jamoasi uchinchi marotaba ishtirok etdi.


 
Mazkur musobaqada 8 ta davlatdan jami 28 ta merganlar jamoasi qatnashdi.


Ishtirokchi davlatlar:
 
1. O‘zbekiston Respublikasi – 3 ta jamoa;
2. BAA – 2 ta jamoa;
3. Vyetnam Sotsialistik Respublikasi – 3 ta jamoa; ;
4. Mo‘g‘uliston Respublikasi – 2 ta jamoa;
5. Turkiya Respublikasi – 1 ta jamoa;
6. Kambodja Qirolligi – 1 ta jamoa;
7. Qozog‘iston Respublikasi – 1 ta jamoa;
8. Janubiy Koreya Respublikasi – 15 ta jamoa.



(Kuzatuvchi davlatlar: Misr Arab Respublikasi va Turkiya (jandarma – harbiy va huquqni muhofaza qilish qoʻmondonligi).


 
Musobaqaning 20 ta shartlari tungi va kunduzi vaqtda bajariladigan maxsus taktik mashqlardan iborat bo‘lib, unda jamoalardan pistolet, avtomat va merganlik qurollaridan mohirona foydalangan holda shahar, tog‘ va o‘rmon sharoitida turli masofadagi nishonlarga aniq o‘q otish talab etildi.


 
Ahamiyatli jihati shunda-ki, joriy yilda bajarilgan maxsus oʻq otish mashqlarining birortasi oʻtgan yilda bajarilgan mashqlarni takrorlamagan holda mashq shartlari va qoidalari, har bir mashq boshlanmagunga qadar oshkor qilinmadi. Shuningdek, mazkur musobaqa davomida nishonlarning 40%ni harakatlanuvchi va havoda uchuvchi dron nishonlari tashkil etdi.


 
Musobaqaning asosiy xususiyati merganlarni jang maydonida oʻzini xotirjam tutish va boshqarish, diqqatini jamlash, chidamliligini sinash, shuningdek, kuchli stress ostida mashqlarni kunduzi va tunda bajarish bilan ajralib turdi.


O‘zbekiston jamoasi musobaqaning yakuniy natijasiga ko‘ra xorijiy davlatlarning 13 ta merganlar jamoasi orasida faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.



I o‘rin: O‘zbekiston – 678.4 ball
II o‘rin: Vyetnam – 666.6 ball
III o‘rin: Turkiya – 471.1 ball



Eslatib o‘tamiz, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat jamoa 2024-yilda o‘tkazilgan ushbu nufuzli musobaqada faxrli ikkinchi o‘rinni, 2025-yilda esa faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//