Jamiyat
Senatning navbatdagi yalpi majlisida O‘zbekiston davlat chegarasini qo‘riqlash hamda himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish-qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilgan qonun ma’qullandi.
Majlisda 2016–2025-yillar davomida davlat chegarasida 12 ta noqonuniy yerosti tunneli aniqlangani, ular orqali katta miqdordagi tovar-moddiy boyliklar, valyuta qimmatliklari va boshqa tovarlarni mamlakatga yashirin olib kirishga urinishlar kuzatilgani ta’kidlandi. Bu kabi holatlar davlat chegarasi daxlsizligi, iqtisodiy xavfsizlik va milliy manfaatlarga jiddiy tahdid solishi qayd etildi.
Farg‘ona va Andijon viloyatlarida aniqlangan tunnellar orqali 30 milliard so‘mdan ortiq tovar-moddiy boyliklar, 137 turdagi tovarlar, 3,7 million AQSH dollari hamda 5 kilogrammdan ortiq oltin yombilari mamlakatga noqonuniy ravishda olib kirilgan.
Qutbiddin Burxonovning ta’kidlashicha, bunday holatlar endi oddiy kontrabanda emas, balki uyushgan transmilliy jinoyatchilikning xavfli ko‘rinishidir. Bunday tunnellar orqali O‘zbekistonga giyohvandlik moddalari, qurol-yarog‘, portlovchi moddalar, zaharli kimyoviy vositalar va muomalasi taqiqlangan boshqa ashyolar yashirin olib kirilishi, shuningdek, jinoyat sodir etgan shaxslar mamlakatdan qochib ketishi yoki chet eldan noqonuniy ravishda shaxslar kirib kelishiga imkoniyat yaratib beradi. Bu esa bevosita davlat xavfsizligiga tahdid hisoblanadi.
Shu tufayli Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga O‘zbekistonning davlat chegarasini qo‘riqlash hamda himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqildi va Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.
Qonun beshta moddadan iborat bo‘lib, Jinoyat kodeksida davlat chegarasi orqali yerostida noqonuniy tunnellar va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish, ulardan foydalanish, bunday faoliyatni tashkil etish yoki moliyalashtirish uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, ana shunday noqonuniy inshootlardan foydalangan holda davlat chegarasini kesib o‘tganlik yoki kontrabanda jinoyatlari sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
“Oddiy qilib aytganda, agar shaxs chegaradan qonunga xilof ravishda o‘tish yoki tovarlarni yashirin olib o‘tishda maxsus qurilgan tunneldan foydalansa, u oddiy huquqbuzarlik emas, balki xavfliroq usulda jinoyat sodir etgan hisoblanadi. Shuning uchun unga nisbatan qonun ham qattiqroq javobgarlik choralarini qo‘llash imkoniyatini beradi”, dedi senator.
Bungacha qonunchilikda aynan tunnel qurganlikning o‘zi uchun alohida javobgarlik mavjud emas edi. Endi esa, faqat tunneldan foydalangan shaxs emas, balki uni qurgan, qurilishiga ko‘maklashgan, mablag‘ ajratgan yoki bu ishni tashkil qilgan shaxslar ham qonun oldida javob beradi.
Qonunda insonparvarlik tamoyili ham saqlab qolinmoqda. Xususan, birinchi marta shunday qilmishni sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan davlat organlariga noqonuniy tunnel yoki boshqa inshoot qurilgani haqida xabar bersa yoki jinoyatni fosh etishga faol yordam bersa hamda uning harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi mavjud bo‘lmasa, u jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkinligi ham belgilanmoqda.
Qutbiddin Burxonovning so‘zlariga ko‘ra, bu norma orqali davlat faqat jazolashni emas, balki jinoyatlarni ertaroq aniqlash va ularning oldini olishni ham maqsad qilgan. Chunki ayrim hollarda jinoyat haqida o‘z vaqtida berilgan birgina xabar katta xavfning oldini olish imkoniyatini beradi.
Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga ham o‘zgartirishlar kiritilib, davlat chegarasi orqali yer ostida noqonuniy inshootlar yoki tunnellar qurish, ulardan foydalanish yoki bunday faoliyatni moliyalashtirish bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Davlat xavfsizlik xizmati organlari tergovchilari tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda. Mazkur turdagi jinoyatlar davlat chegarasi va milliy xavfsizlik bilan bevosita bog‘liq bo‘lgani uchun, ularni tergov qilish vakolatini aynan shu sohada maxsus vakolat va tajribaga ega bo‘lgan Davlat xavfsizlik xizmati organlariga berilmoqda.
Madaniyat
Jamiyat
Ilm-fan
Ilm-fan
Jahon
Jamiyat
113217
Jamiyat
95914
Jamiyat
93066
Jamiyat
77150
Jamiyat
//
Izoh yo‘q