Jamiyat
Bugun Senat lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirish kiritishga oid qonunni ma’qulladi. Endi qonunga muvofiq alifbo 26 harf, uchta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan tashkil topadi.
Hujjatga ko‘ra, alifbodagi to‘rtta harf quyidagicha o‘zgartirilishi ko‘zda tutilgan:
G‘ g‘ → Ğ ğ
O‘ o‘ → Ö ö
Sh sh → Ş ş
Ch ch → Ç ç
Senator Ohunjon Mamatkarimovning aytishicha, yangi o‘zgarishlar bir tovush va bir harf tamoyiliga mos keladi.
“O‘zbek alifbosidagi ayrim harflar bilan bog‘liq murakkablik va noqulaylik ilmiy asoslab berildi. Jumladan, birgina O‘ va G‘ harflarini kompyuterda yozish uchun oltita amalni bajarish talab etilmoqda. Amaliyotda bu harflarning 10 dan ziyod shakli ishlatilmoqda. Zamonaviy axborot texnologiyalari ushbu harflar qatnashgan so‘zlarni yaxlit so‘z sifatida qabul qilmayapti. Natijada, turli dasturlar va lug‘atlar yaratishda, umuman o‘zbek tilini raqamlashtirishda jiddiy muammolar yuzaga kelmoqda. Xususan, amaldagi o‘zbek alifbosi kompyuter klaviaturalari, smartfonlar va qidiruv tizimlari uchun juda noqulay. Internet qidiruv tizimlari O‘ va G‘ belgilarini turli kodlarda o‘zbek tilidagi harflarni to‘liq indekslay olmayapti.
Shuningdek, Sh va Ch harflari o‘zbek tilida faol tovushlar hisoblanib, ingliz tilida ona tilimizga nisbatan 3-5 baravar ko‘p foydalaniladi. Tinch, xushchaqchaq, shoshilinch, achchiqtosh kabi so‘zlarda ketma-ket kelgan Sh va Ch harflarini yozishda va o‘qishda qiyinchiliklar yuzaga keladi. Bu harflar imloda ayrim chalkashliklarga ham sabab bo‘ladi. Is’hoq va As’hob kabi so‘zlarni Ishoq va Ashob tarixida noto‘g‘ri yozish va o‘qish holatlari kuzatilmoqda. Bu aholini savodxonligiga ham ta’sir qilmoqda”, dedi senator.
Yangi tahrirdagi alifboga o‘tish jarayonida fuqarolar va tashkilotlarning huquq va manfaatlarini inobatga olish maqsadida qonun kuchga kirguniga qadar amaldagi alifbo asosida rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarning muomalada bo‘lishiga to‘sqinlik qilinmasligi belgilanmoqda. Davlat organlari va tashkilotlarining ayrim ramziy belgilari, peshlavha va ko‘rsatkichlardan esa ular yaroqsiz holatga kelguniga qadar yoki belgilangan muddatgacha foydalanishga ruxsat beriladi.
Ta’kidlanishicha, mazkur Qonunning qabul qilinishi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlo qoidalarini takomillashtirish, davlat tilidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, o‘zbek tilini raqamlashtirish jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Qonun asosida yagona alifbodan foydalanish qat’iy belgilanadi. Muhokama yakunida senatorlar Qonunni ma’qulladi. Qonun qabul qilingan kunidan olti oy o‘tib, keyin kuchga kiradi.
Siyosat
Iqtisod
Jamiyat
Madaniyat
Ilm-fan
Jamiyat
113280
Jamiyat
95998
Jamiyat
93278
Jamiyat
77263
Jamiyat
//
Izoh yo‘q