“Ota-onalarning 73,5 foizi maktab avtobuslari joriy qilinishini qoʻllab-quvvatladi” – YHTEM

Saqlash
17:13 / 09.09.2026 171 0

Bir necha kun oldin Oʻzbekistonda, xususan poytaxt Toshkentda oʻquvchilarning maktabga xavfsiz va qulay qatnovini tashkil etish uchun School bus tizimini joriy etish imkoniyatlari oʻrganilayotgani haqida xabar berilgandi.

 

Yoʻl harakatini tashkil etish markazi ushbu masala boʻyicha oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalarini e’lon qildi.

 

Hozirga qadar soʻrovnoma poytaxtdagi 328 ta maktab orasidan oʻquvchilar soni koʻp va dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, School bus tizimiga talab yuqori deb baholangan 29 tasida oʻtkazildi. Unda 58 369 nafar oʻquvchining oila aʼzolari yoki vasiylari ishtirok etdi.

 

Dastlabki natijalarga koʻra, oʻquvchilarning 38,5 foizi maktabga piyoda keladi, 33,1 foizi ota-onalari tomonidan shaxsiy avtomobilda olib kelinadi.

 

Yana 18,3 foizi avtobusdan, 5,7 foizi taksidan, 3,5 foizi metrodan, 0,9 foizi esa mikromobil vositalardan foydalanadi.

 

Soʻrovnoma ishtirokchilarining 73,5 foizi maktablar uchun maxsus avtobus qatnovlarini tashkil etish istagini bildirgan. Markaz bu natija poytaxtda School bus tizimiga yuqori ehtiyoj mavjudligini koʻrsatishini qayd etgan.

 

Soʻrovnoma qolgan maktablarda ham bosqichma-bosqich davom ettiriladi. Yakuniy natijalar asosida oʻquvchilar oqimi, yoʻnalishlar, zarur avtobuslar soni, harakat jadvali, xavfsiz tushirish va olib ketish nuqtalari hamda boshqa tashkiliy masalalar oʻrganiladi.

 

Shundan soʻng School bus tizimini joriy etishning amaliy imkoniyatlari ishlab chiqilib, tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda uni bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish masalasi koʻrib chiqiladi.

 

Soʻrovnomada @school_coddbot orqali qatnashish mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//