Madaniy meros agentligi Toshkent shahridagi tarixiy uyni saqlab qolish boʻyicha Bosh prokuraturaga murojaat yubordi

Saqlash
13:05 / 09.09.2026 207 0

Madaniy meros agentligi Toshkent shahri Bobur koʻchasidagi 7-sonli uyni moddiy madaniy meros obyekti sifatida saqlab qolish masalasida Oʻzbekiston Bosh prokuraturasiga murojaat qildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

 

Murojaatda agentlik Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevning 2018-yil 30-oktabrdagi 1550-sonli qarori qonunchilik talablariga, jumladan, madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka qay darajada muvofiq ekaniga huquqiy baho berishni soʻragan. Ushbu qaror bilan uy joylashgan yer uchastkasi turar va noturar binolarni buzish hamda koʻp qavatli turar joy qurish uchun Universal Packing Masters kompaniyasiga ajratilgan.

 

Keyinchalik qurilish huquqi Jemchug House kompaniyasiga oʻtkazilgan. Aholining aksar qismi boshqa joyga koʻchirilgan. Yaqinda kompaniya sud orqali uyda qolgan soʻnggi mulkdorni ham koʻchirishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.

 

Hokim qarori 1936-yilda qurilgan bino moddiy madaniy meros obyekti maqomiga ega boʻlmagan paytda qabul qilingan. Bino 2007-yil avgustda boshqa hokim – Abduqahhor Toʻxtayev tomonidan moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarining milliy roʻyxatidan chiqarilgan. Oʻshanda jami 303 ta bino roʻyxatdan chiqarilgan edi.

 

2021-yil boshida Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudi Abduqahhor Toʻxtayevning qarorini haqiqiy emas deb topdi. Koʻp oʻtmay, Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi 7-sonli uyni milliy roʻyxatga qayta kiritdi.

 

Agar hokimning 2018-yil 30-oktabrdagi 1550-sonli qarorini qabul qilishda qonunbuzilish holatlari aniqlansa, agentlik Bosh prokuraturadan ushbu qarorni bekor qilish yoki qayta koʻrib chiqish boʻyicha qonunchilikda nazarda tutilgan choralarni koʻrishni soʻragan.

 

“Biz bu vaziyatda barcha holatlarga: buzish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganidan tortib, obyektning bugungi maqomigacha – xolis huquqiy baho berilishi prinsipial jihatdan muhim, deb hisoblaymiz. Bizning vazifamiz – oʻtmishda qabul qilingan maʼmuriy qarorlar bugun madaniy meros obyektining yoʻqotilishiga asos boʻlib qolishiga yoʻl qoʻymaslik. Aynan shuning uchun agentlik Bosh prokuraturaga murojaat qildi va qonunda nazarda tutilgan choralar koʻrilishiga umid qilmoqda”, – deydi agentlik direktorining birinchi oʻrinbosari Elmurod Najimov.

 

Murojaatda, shuningdek, obyektni saqlab qolish, uni buzish, shikastlash yoki uning tarixiy-madaniy qimmatiga boshqa tarzda zarar yetkazishga yoʻl qoʻymaslik uchun zarur choralarni koʻrish masalasi ham qoʻyilgan.

 

“Barcha huquqiy masalalar hal etilguniga qadar obyekt davlat muhofazasida boʻladi va uning holati doimiy nazorat qilib boriladi.

 

Agentlik madaniy meros obyektlari bilan bogʻliq masalalar faqat qonun doirasida, ularning tarixiy-madaniy qimmati hamda kelajak avlodlar uchun saqlab qolish zarurati inobatga olingan holda hal qilinishi kerak, degan tamoyilga amal qiladi”, – deya taʼkidlagan agentlik.

 

Joriy yilda 7-sonli uyga uning davlat muhofazasida ekanini bildiruvchi lavha oʻrnatildi. Bunga qadar, koʻp yillar davom etgan bahslar sababli aholining oʻzi bino devoriga “Madaniy meros obyekti ostidagi yer sotilmaydi” degan yozuvlarni joylashtirgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//