Xorijda ota-ona qaramog‘isiz qolgan 11 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi

Saqlash
11:18 / 08.09.2026 142 0

Rossiya va Qozog‘istonda ota-ona qaramog‘isiz qolgan 11 nafar bola O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar qildi.

 

Qayd qilinishicha, ular o‘tgan hafta davomida xorijiy davlatlarda ota-ona qaramog‘isiz qolgan voyaga yetmaganlarni vatanga qaytarish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida ishchi guruh tomonidan qaytarilgan bo‘lib, 9 nafari Rossiyadan, 2 nafari Qozog‘istondan qaytarildi.

 

Voyaga yetmaganlarni vatanga qaytarish ishlari Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan, Bolalar ombudsmani ko‘magida, tegishli xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

 

Vatanga qaytarilgan bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularni oilaviy muhitga qaytarish hamda zarur ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan qamrab olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda. Bolalarning keyingi holati va oilaga moslashuvi ularning yashash manzili bo‘yicha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ijtimoiy hamrohlik asosida kuzatib boriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//