Ilm-fan
Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumani hududida ilgari noma’lum bo‘lgan va dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra bronza davriga mansub qabriston aniqlandi.
Xabarga ko‘ra, dafn inshootlarining tuzilishi alohida qiziqish uyg‘otadi. Yodgorlikda toshdan qurilgan yashiksimon qabrlar (19 ta qabr) qayd etilgan bo‘lib, ularda g‘ujanak holda dafn etilgan jasadlar aniqlangan. Dafn etilganlar bilan birga turli xil dafn anjomlari, jumladan, bronza buyumlar va munchoqlar ham topilgan.

Xorazm Ma’mun akademiyasi arxeologik ekspeditsiyasi dala tadqiqotlari davomida ochilgan mazkur majmua Xorazmning qadimgi tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Chunki dafn yodgorliklari mintaqaning qadimgi aholisi madaniyati, dafn marosimlari, ijtimoiy tasavvurlari va turli hududlar aholisi o‘rtasidagi aloqalar haqida muhim ma’lumotlar beradi.
Dafn marosimi va topilmalarning ayrim turlarini dastlabki tahlil qilish natijalari Janubiy Qozog‘istonning Sirdaryo havzasi hududlarida aniqlangan dafn inshootlari bilan muayyan o‘xshashliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Bunday parallelliklar ilmiy jihatdan alohida qiziqish uyg‘otadi va bronza davrida Markaziy Osiyoning turli hududlarida yashagan aholi o‘rtasida madaniy aloqalar hamda o‘xshash an’analar mavjud bo‘lganidan dalolat berishi mumkin. Shu bilan birga, yodgorlikning xronologiyasi va madaniy mansubligi haqidagi yakuniy xulosalar arxeologik materiallarni kompleks o‘rganishdan so‘ng chiqariladi.

Ta’kidlanishicha, ayni vaqtda akademiya mutaxassislari ekspeditsiya davomida qo‘lga kiritilgan materiallarni dastlabki qayta ishlash va hujjatlashtirish ishlarini olib borishmoqda. Kelgusida dafn inshootlarini, antropologik materiallarni va dafn anjomlarini batafsil o‘rganish, shuningdek, zarur laboratoriya tadqiqotlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Olingan natijalar yodgorlikning sanasini aniqlashtirish hamda uni Xorazm va unga tutash hududlardagi bronza davri arxeologik madaniyatlari tizimidagi o‘rnini belgilash imkonini beradi.
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
113617
Jamiyat
96420
Jamiyat
93969
Jamiyat
77945
Jamiyat
//
Izoh yo‘q