Shavkat Mirziyoyev yangi Zamonaviy san’at markazi bilan tanishdi

Saqlash
18:10 / 04.09.2026 160 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi yangi Zamonaviy san’at markaziga tashrif buyurib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

 

Qayd etilishicha, zamonaviy san’at markazi – O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining yetakchi loyihalaridan biri. Uning barpo etilishi davlat rahbarining tashabbusi, mamlakatda madaniyatni rivojlantirish, ijodiy muhitni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro madaniy hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasidir.

 

Davlat rahbari o‘zbek xalqining boy madaniy merosi va shonli tarixi butun dunyoda haqli ravishda katta qiziqish uyg‘otishini qayd etdi.

 

 

Shu bilan birga, Prezident zamonaviy san’atni ham izchil rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Zamonaviy san’at bugungi avlodning dunyoqarashi, ijodiy izlanishlari va bunyodkorlik salohiyatini namoyon etib, jahon hamjamiyati bilan madaniy muloqotni kengaytirish, Yangi O‘zbekistonning madaniy qiyofasini yanada mustahkamlash uchun muhim imkoniyatlar yaratadi.

 

Shu nuqtayi nazardan, yangi Zamonaviy san’at markazi ijodkorlar, kuratorlar, tadqiqotchilar va yoshlar uchun ochiq maydonga, mamlakat va xorijdagi zamonaviy san’at ustalarini o‘ziga jalb etadigan maskanga aylanishi lozim. Bu yerda O‘zbekistonning bugungi madaniy salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etadigan yangi g‘oyalar, professional aloqalar va loyihalar shakllanishi muhim.

 

 

Ushbu markaz O‘zbekistonda zamonaviy san’atga ixtisoslashgan birinchi davlat muassasasidir. Shu bilan birga, u Markaziy Osiyoda ko‘rgazma, ta’lim, tadqiqot va ma’rifiy faoliyatni birlashtirgan bunday ko‘lamdagi ilk madaniy majmua hisoblanadi.

 

Yangi markaz 1912-yilda me’mor Vilgelm Geynselman loyihasi asosida barpo etilgan tarixiy binoda joylashgan. Dastlab bu yerda tramvay deposi bo‘lgan, keyinchalik binodan dizel elektr stansiyasi sifatida foydalanilgan.

 

 

Binoni restavratsiya qilish bo‘yicha me’moriy konsepsiya Fransiyaning “Studio KO” byurosi tomonidan ishlab chiqilgan. Yangilash jarayonida obyektning tarixiy qiyofasi va sanoat me’morchiligiga xos xususiyatlari saqlab qolindi. Ayni paytda bino zamonaviy madaniy maskan talablariga moslashtirildi.

 

Prezident ko‘rgazma va ta’lim maydonlari, jamoat hududlarini ko‘zdan kechirdi. Majmuada uchrashuvlar va ommaviy dasturlar uchun maydonlar, konsept-do‘kon hamda restoran tashkil etilgan. Keng jamoatchilik uchun ochiq ixtisoslashtirilgan kutubxona va tadqiqot arxivida san’at, vizual madaniyat va tanqidiy nazariyaga oid adabiyotlar hamda materiallar jamlangan.

 

 

Majmua o‘z faoliyatini Hikmah (“Hikmat”) nomli ilk xalqaro ko‘rgazma bilan boshlaydi. Ko‘rgazma bilim, ma’naviy meros va madaniy xotira mavzulariga, shuningdek, tarixiy an’analar bilan zamonaviy san’at o‘rtasidagi bog‘liqlikka bag‘ishlangan.

 

Qayd etilishicha, ko‘rgazma ekspozitsiyasidan taniqli rassomlarning 11 ta asari, jumladan, loyiha uchun maxsus yaratilgan ishlar o‘rin oladi. O‘zbekistonda ilk bor Nyu-Yorkdagi Solomon R. Guggenxaym muzeyi to‘plamidagi installyatsiya namoyish etiladi.

 

 

Markaz xorijdagi yetakchi madaniy muassasalar bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda. AQShdagi Guggenxaym muzeyi va Osiyo san’ati milliy muzeyi, Buyuk Britaniyaning “Tate” va “Delfina Foundation” tashkilotlari, Fransiyaning Pompidu markazi hamda Koreya San’at kengashi shular jumlasidan.

 

Davlat rahbariga markazning kelgusidagi ko‘rgazma, ta’lim va tadqiqot dasturlari haqida ma’lumot berildi. Yangi maskan professional muhitni rivojlantirish, o‘zbekistonlik ijodkorlarini xalqaro maydonda keng tanitish va yurtimizning xorijiy davlatlar bilan madaniy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Markazning rasmiy ochilishi 6-sentabrga rejalashtirilgan.

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//