Ayrim bloger va tarmoq faollariga yashirin reklama tarqatgani uchun chora ko’rildi

Saqlash
15:27 / 04.09.2026 186 0

So‘nggi paytlarda reklama materialida “reklama” yoki “reklama huquqi asosida” degan belgilar bo‘lmagan holatlar ko‘paymoqda. Qonunda belgilangan talabga rioya etmagani uchun 20 dan ortiq shaxsga – ijtimoiy tarmoqlardagi guruh va kanal ma’murlari, bloger, vayner va boshqa tarmoq faollariga chora ko‘rildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.

 

Raqobat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, o‘tgan vaqt davomida “Reklama to‘g‘risida”gi qonunchilik talablari buzilishi yuzasidan 20 dan ortiq ijtimoiy tarmoqlarda tashkil qilingan guruh va kanal ma’murlari (adminlari), bloger, vayner va boshqa tarmoq faollariga tegishli ta’sir chorasi qo‘llanilgan.

 

Qo‘mita barcha OAVlar, ijtimoiy tarmoqlarda tashkil qilingan guruh va kanal ma’murlari (adminlari), bloger, vayner va boshqa tarmoq faollarini keng jamoatchilikka axborotlarni tayyorlash va tarqatishda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish lozimligini eslatdi.

 

Idoraning ogohlantirishicha, yuqoridagi kabi qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda, belgilangan tartibda chora ko‘riladi.

 

Ma’lumot uchun, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra, har qanday reklama vositalaridan foydalangan holda tarqatiladigan, mazmuni O‘zbekiston hududida bo‘lgan reklamadan foydalanuvchilarga qaratilgan va reklama obyektiga e’tiborni jalb qilish, unga bo‘lgan qiziqishni shakllantirish yoki qo‘llab-quvvatlash, shuningdek uni bozorda bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida ilgari surish uchun mo‘ljallangan maxsus axborot – reklama hisoblanadi.

 

Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, reklama boshqa axborotdan “reklama” yoki “reklama huquqi asosida” belgisi bilan ajratgan holda joylashtirilishi kerak. Shuningdek, tahliliy maqolalar, sharhlar, fikrlar, mulohazalardan tijorat maqsadi ko‘zlangan bo‘lsa, ularni reklama sifatida belgilangan holda aniq ko‘rsatish lozim.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//