Nyu-Yorkda 8-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilari uchun sun’iy intellektdan foydalanish taqiqlandi

Saqlash
11:13 / 04.09.2026 162 0

Nyu-York shahri hokimiyati va Ta’lim boshqarmasi boshlang‘ich hamda o‘rta sinflarda generativ sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishni bir yil muddatga vaqtincha taqiqladi. Ushbu cheklovga shahardagi 8-sinfgacha bo‘lgan qariyb 600 ming nafar o‘quvchi amal qilishi kerak bo‘ladi.

 

Qayd etilishicha, endi boshlang‘ich va o‘rta sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan 40 ga yaqin ta’lim platformalari hamda sun’iy intellektga asoslangan chat-botlardan foydalanish vaqtincha to‘xtatiladi.

 

Shuningdek, o‘quv jarayonida raqamli qurilmalar qarshisida o‘tkaziladigan vaqt ham cheklanadi. Tavsiyaga ko‘ra, kunlik ekran vaqti 3–5-sinf o‘quvchilari uchun ko‘pi bilan 30 daqiqani, 6–8-sinflar uchun esa 45 daqiqani tashkil etadi.

 

9–12-sinf o‘quvchilariga sun’iy intellektdan foydalanish taqiqlanmaydi. Ular uchun pedagoglar nazorati ostida SI'dan mas’uliyat bilan foydalanish bo‘yicha maxsus mashg‘ulotlar hamda tajriba dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, ushbu qaror o‘qituvchilar faoliyatiga ham ta’sir qilmaydi. Ular o‘quv jarayonlarini tashkil etishda SI’dan bemalol foydalanishi mumkin.

 

Ta’kidlanishicha, ushbu qaror ta’lim jarayonida jonli muloqotni saqlab qolish, bolalarda tanqidiy fikrlash, mustaqil izlanish va muammolarni mustaqil hal qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishni yaxshilashga xizmat qiladi. Bir yillik cheklov davomida ekspertlar sun’iy intellektning kichik yoshdagi bolalar ta’lim olish jarayoniga qanchalik ta’sir o‘tkazayotganini o‘rganib chiqadi.

 

Avvalroq, ushbu tartib Los-Anjelesda ham joriy qilingandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda AQSHning 37 ta shtati maktablarda SI'dan foydalanish bo‘yicha u yoki bu shakldagi tavsiyalarni ishlab chiqilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//