Kambag‘allik bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi

Saqlash
12:23 / 03.09.2026 184 0

Ayni damda Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

 

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, 2026-yil boshida kambag‘allik darajasi 5,8 foizga tushib, ehtiyojmand aholi soni 2 million 200 ming nafar edi. Hozir bu ko‘rsatkich 1,5 million nafarni tashkil etmoqda.

 

Ishni to‘g‘ri tashkil qilgan 49 ta tuman va 3 ming 429 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylanayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Ayni paytda qolgan 159 ta tuman va shahar hamda 5 ming 536 ta mahalladagi mas’ullar faoliyatida natija yetarli emasligi tanqid qilindi. Davlat rahbari barcha hududlarga bir xil vakolat, resurs va imkoniyat berilganini ta’kidlab, ulardan samarali foydalanish zarurligini qayd etdi.

 

Xorazmda o‘rganilgan kambag‘al oilalarda 48 ming nafar bola borligi qayd etildi. Biroq mas’ullarda ushbu yoshlar bilan alohida shug‘ullanish va ularni hozirdan kasb-hunarga jalb etish bo‘yicha maxsus dastur mavjud emasligi ta’kidlandi.

 

Yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari va xotin-qizlar faollariga maktab, texnikum va o‘quv markazlarida kambag‘al oilalar farzandlari uchun qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etish vazifasi belgilandi.

 

Shuningdek, kambag‘al oilalardagi pensiya yoshidagi va nogironligi bo‘lgan 526 nafar insonga ijtimoiy yordamni kuchaytirish orqali parvarish bilan band oila a’zolariga daromadli mehnat bilan shug‘ullanish uchun imkoniyat yaratish mumkinligi ta’kidlandi.

 

Xorazm misolidagi tahlillar barcha viloyatlarga taalluqli ekani qayd etilib, kambag‘allik bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.

 

Mazkur tizimga muvofiq, “mahalla yettiligi” uchun mas’ul rahbarlar, viloyat va tuman hokimlari hamda banklar kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tadi.

 

Har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tashkil etiladi. Banklar va bandlikka ko‘maklashish idoralari ushbu shtablarga joylardagi masalalarni hal etishga ko‘maklashadi.

 

Viloyat, tuman va shahar hokimlari butun iqtisodiy kompleks bilan haftada uch kun faqat kambag‘allik va bandlik masalalari bilan shug‘ullanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//