Jamiyat
Prezident Shavkat Mirziyoyev milliy statistika tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish bo‘yicha rejalar taqdimoti bilan tanishdi.
Ma’lumot berilishicha, tadbirkorlar taqdim etadigan hisobot yukini 20 foizga qisqartirish, ma’muriy va muqobil ma’lumotlar manbalari sonini 1,7 barobar oshirish, ularga ishlov berish vaqtini 20 foizga va xarajatlarni 25 foizga kamaytirish maqsad qilingan.
Ma’lumotlarni boshqarish bo‘yicha yagona yondashuvni shakllantirish maqsadida vazirlik va idoralar ishtirokida Ma’lumotlarni boshqarish komissiyasini tashkil etish taklif qilindi.

Komissiya joriy yil 1-dekabrga qadar davlat organlari va tashkilotlaridagi ma’lumotlarni boshqarish tizimlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazadi, 2027-yil 1-maygacha ularni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlaydi.
Qayd etilishicha, 2027-yil 1-iyulga qadar Milliy ma’lumotlar platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Platforma ma’lumotlarni yagona tizimga integratsiya qilish, ularning sifati va xavfsizligini ta’minlash, tahlil va zamonaviy raqamli xizmatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Ochiq ma’lumotlar bilan ishlash bo‘yicha loyiha ofisini tashkil etish va davlat idoralari uchun “Ochiq ma’lumotlar reytingi”ni joriy qilish taklif etildi.
Statistika sohasida kadrlar tayyorlash va tadqiqotlarni kengaytirish maqsadida Ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv maktabini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Unda davlat idoralari, biznes, statistika organlari, ommaviy axborot vositalari, tadqiqotchilar va talabalar uchun ma’lumotlarni boshqarish, biznes-tahlil, sun’iy intellekt, ma’lumotlar jurnalistikasi va vizualizatsiya bo‘yicha o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Milliy statistika tizimida raqamli texnologiyalardan foydalanish ham kengaytiriladi. 2027-yil 1-iyulga qadar statistik ma’lumotlar sun’iy intellekt tizimlari o‘qiy oladigan formatlarda e’lon qilinadi. Statistik ko‘rsatkichlarni taqqoslash va chuqur tahlil qilish imkonini beruvchi sun’iy intellekt agentlari joriy etiladi. 2027-yil yakuniga qadar aholi, demografiya, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va hududiy rivojlanishga oid ma’lumotlar geofazoviy raqamli xaritalarda aks ettiriladi.
Shuningdek, 2027-2028-yillarda Multiindikator klaster kuzatuvining yettinchi raundini o‘tkazish hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasi ishtirokida milliy statistika tizimining xalqaro standart va kodekslarga muvofiqligini baholash rejalashtirilgan.
Taqdimotda “Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasi loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Unda statistika tizimini muvofiqlashtirish va ma’lumotlar sifatini ta’minlash, xalqaro standart va metodologiyalarni joriy etish, raqamli transformatsiya, ma’muriy va muqobil ma’lumotlardan keng foydalanish hamda foydalanuvchiga yo‘naltirilgan ochiq statistikani rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar etib belgilangan.
Davlat rahbari aniq, tezkor va ishonchli statistika davlat siyosatini belgilash, hudud va tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha to‘g‘ri qarorlar qabul qilishning muhim sharti ekanini ta’kidladi.
Siyosat
Iqtisod
Jamiyat
Madaniyat
Ilm-fan
Jamiyat
113280
Jamiyat
95998
Jamiyat
93278
Jamiyat
77263
Jamiyat
//
Izoh yo‘q