Jamiyat
Bugungi kunda Oʻzbekistonda oʻqiyotgan hindistonlik talabalar soni 16 mingga yaqinlashdi. Ular asosan, tibbiyot yoʻnalishlarida tahsil olyapti. Bu haqda Hindiston Tashqi ishlar vazirligining Gʻarbiy yoʻnalish boʻyicha kotibi Sibi Jorj maʼlum qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Narendra Modining Toshkentdagi muzokaralari yakunida tomonlar taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.
Xususan, professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi, qoʻshma tadqiqotlar, ilmiy loyihalar hamda ikki mamlakat oliygohlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish haqida kelishildi.
Sibi Jorjning qoʻshimcha qilishicha, Narendra Modi Oʻzbekiston tomoniga GIFT City haqida soʻzlab bergan. Bu Hindistonning Gujarat shtatidagi maxsus moliyaviy-texnologik markaz boʻlib, mamlakat u yerga xorijiy universitetlar kampuslarini jalb etishga intilmoqda.
“Ehtimol, Oʻzbekiston delegatsiyasi bu masalani batafsilroq oʻrganish uchun Hindistonga tashrif buyurar”, – degan Hindiston TIV vakili.
Toshkentda esa yetakchi xorijiy va mahalliy oliy taʼlim muassasalarining filiallari, oʻquv kampuslari va talabalar turar joylarini oʻz ichiga olgan Xalqaro universitetlar shaharchasini barpo etish rejalashtirilmoqda. Loyihani ishlab chiqish jarayonida Qatardagi Education City, Dubaydagi Xalqaro akademik shaharcha hamda Inchxondagi Global kampus tajribasini oʻrganish taklif etilgan.
Sibi Jorjning soʻzlariga koʻra, taʼlim sohasidagi aloqalarning kengayishi yangi ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qilishi mumkin.
Tashrif chogʻida Narendra Modi, shuningdek, Toshkentda vafot etgan Hindistonning sobiq Bosh vaziri Laʼl Bahodir Shastri vafotiga 60-yil toʻlishi munosabati bilan uning xotirasiga oʻzbekistonlik talabalarning hind tilini oʻrganishi uchun uning nomidagi 100 ta stipendiya ajratilishini eʼlon qildi.
Bundan tashqari, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Hindiston Madaniy aloqalar kengashining (ICCR) sanskrit kafedrasini ochish rejalashtirilmoqda.
Hindiston tomoni taʼlim sohasidagi hamkorlikning kengayishini ikki mamlakatning strategik dasturlari – “Oʻzbekiston – 2030” hamda Hindistonning 2047-yilga borib rivojlangan davlatga aylanish rejalari bilan bogʻladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Siyosat
Jamiyat
113349
Jamiyat
96082
Jamiyat
93490
Jamiyat
77434
Jamiyat
//
Izoh yo‘q