Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezident haykali poyiga gul qoʻydi

Saqlash
13:55 / 02.09.2026 300 0

Toshkent shahrida 2-sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovni xotirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Birinchi Prezident haykali poyiga gulchambar qoʻydi.

 

Islom Karimov Oʻzbekiston tarixining gʻoyat murakkab va masʼuliyatli davrida mamlakatga rahbarlik qildi. Uning nomi mustaqillikning qoʻlga kiritilishi, milliy davlatchiligimizning tiklanishi va yurtimizning mustaqil taraqqiyot yoʻliga chiqishi bilan uzviy bogʻliq.

 

 

Shu maʼnoda, mustaqilligimizning poydevorini yaratishga, mamlakatimiz tinchligi va barqarorligini taʼminlashga, xalqimiz farovonligi yoʻlida xizmat qilishga katta hissa qoʻshgan insonlar xotirasini eʼzozlash muhim maʼnaviy qadriyatdir.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning eʼtibori bilan Birinchi Prezidentimizning xotirasini abadiylashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Toshkentda Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi tashkil etildi. Samarqandga tashriflar chogʻida uning maqbarasini ziyorat qilish ezgu anʼanaga aylandi.

 

Marosimda Qurʼon tilovat qilinib, duo oʻqildi. Islom Karimovning mamlakatimiz mustaqilligi, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, xalq farovonligini yuksaltirish yoʻlidagi xizmatlari yodga olindi.

 

 

Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar vakillari, ziyolilar va Toshkent shahri jamoatchiligi ham Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gullar qoʻydi.

 

Xotira tadbirlari Samarqand va Qarshi shaharlarida ham boʻlib oʻtdi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//