“Iqtisodiyotda katta sakrash qildik, maʼnaviyatda esa hali yoʻq” – Prezident

Saqlash
12:19 / 02.09.2026 392 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosiy qatagʻonlardan jabr koʻrgan va mamlakat kelajagi yoʻlida halok boʻlgan vatandoshlar xotirasini saqlab qolish boʻyicha yangi tizim ishlab chiqishni taklif etdi. Davlat rahbari bu haqda 28-avgust kuni “Shahidlar xotirasi” xiyoboniga tashrifi chogʻida aytib oʻtdi.

 

“Bunday emin-erkin, tinchlikda, osoyishtalikda mustaqilligimizning 35 yillik bayramini kutib olyapmiz. Xalqimiz dunyodagi tahlikali zamonni koʻrib, bu tinchlik qanday buyuk neʼmat ekanligini koʻrib, bilib turibdi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston 24” telekanali reportajida.

 

Uning soʻzlariga koʻra, soʻnggi yillarda hokimiyat tomonidan siyosiy qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish boʻyicha ishlar kengaytirildi: kitoblar nashr etilmoqda, tadbirlar oʻtkazilmoqda, alohida farmon va qarorlar qabul qilindi.

 

Prezident maʼnaviy-maʼrifiy ishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, iqtisodiy rivojlanish tarbiya va jamoatchilik ongi sohasidagi oʻzgarishlar bilan birga kechishi kerak.

 

“Iqtisod boʻyicha juda katta sakrash qildik, lekin maʼnaviyat boʻyicha hali sakrash qila olmayapmiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.


Davlat rahbari nuroniylar, diniy arboblar va haj ziyoratini amalga oshirgan fuqarolar ishtirokida mustaqillik hamda tinchlik qadrini tushuntirish ishlarini kuchaytirish vaqti kelganini taʼkidladi.


 

“Men har safar ular maʼnaviyatchi deyapman. Ulardan ham toʻgʻri foydalanishga harakat qilish kerak. Mana shu narsalarni ham yangitdan koʻrib chiqib, boshqacha bir tizim qilib, kerak boʻlsa, maktablarga kirib borishimiz kerak. Nuroniylar va ulamolarning Vatanga hurmat va ehtirom, uni avaylab-asrash hissini tarbiyalashdagi ishtirokini nazarda tutuvchi yangi qaror qabul qilaylik”, — dedi u.


Prezident oʻquvchilarning yuqori akademik natijalari milliy gʻurur va mamlakat oldidagi masʼuliyat hissini tarbiyalamasdan turib yetarli emasligini qayd etdi.

 

“Maktabda yoshlar matematikadan, iqtisodiyotdan bilimi besh boʻlishi mumkin, lekin maʼnaviyat, milliy gʻurur, iftixor nuqtayi nazaridan yangicha talab boʻlsa, bilasizmi, gʻoyaviy, tetik, mustaqil, fidoiy, vatanparvar boʻlgan fuqaro xatoni kam qiladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.


U jamiyatga tinchlik va barqarorlikni koʻproq qadrlashga, milliy gʻururni mustahkamlashga hamda oʻzlarini fido qilgan insonlarning taqdiri haqida kengroq soʻzlab berishga yordam beradigan tizim yaratishni taklif etdi.


“Shularni inobatga olib, bugungi tinchligimiz, osoyishtaligimizning qadriga yetadigan milliy gʻurur, milliy iftixor, qadr-qimmatimizni shahid boʻlgan bobolarimizning oʻrnagini koʻproq tashviqot qiladigan tizim yaratsak, men oʻylayman, toʻgʻri boʻladi”, – dedi prezident.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//