Jahongir Vohidov shaxmat boʻyicha Abu Dhabi Masters turnirida gʻolib boʻldi

Saqlash
09:15 / 02.09.2026 177 0

Oʻzbekistonlik grossmeyster Jahongir Vohidov Abu Dabida oʻtgan 32-Xalqaro shaxmat festivali doirasidagi Masters turniri gʻolibi boʻldi. U jami 9 ochkodan 7 ochko jamgʻarib, musobaqani magʻlubiyatsiz yakunladi.

 

Ushbu turnir 15-24 avgust kunlari Abu Dabida shveysarcha tizim boʻyicha toʻqqiz turdan iborat holda oʻtkazildi. Vohidov beshta oʻyinda gʻalabaga erishdi va toʻrtta partiyani durang bilan yakunladi. Uning turnirdagi performansi 2678 reyting ochkosini tashkil etdi (start reytingi 2508 edi). Musobaqa yakunlariga koʻra, u oʻz reytingiga 19,1 ochko qoʻshib qoʻydi.

 

31 yoshli Vohidov dastlabki olti turda 4,5 ochko toʻpladi, shundan soʻng ketma-ket ikkita gʻalabani qoʻlga kiritib, yakka peshqadamga aylandi.

 

Yettinchi turda oʻzbekistonlik shaxmatchi oʻz hamyurti, xalqaro master Muhammadzohid Suyarovni (reyting 2551), sakkizinchi turda esa rossiyalik xalqaro master Aleksandr Usovni (2457) magʻlub etdi.

 

Vohidov musobaqani 7 ochko bilan yakunladi, bu eng yaqin taʼqibchilarinikidan yarim ochkoga koʻp boʻldi va sportchi 15 ming dollar mukofot pulini qoʻlga kiritdi. Daniil Dubov, Aleksandr Raxmanov, Rudik Makaryan, Anand Pranava va Daniyal Sapenov 6,5 ochkodan jamgʻardi.

 

Abu Dabidagi 32-Xalqaro shaxmat festivali bir nechta turnirlarni, jumladan, Masters, Open A va Open B, oʻsmirlar oʻrtasidagi musobaqalar, blits hamda Chess960 boʻyicha bahslarni oʻz ichiga oldi. Asosiy Masters turniri odatiy vaqt nazorati ostida – 90 daqiqa va har bir yurish uchun 30 soniyadan qoʻshib berish tartibida oʻtkazildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//